Hali ko'p yashaysiz onajon!
Toshkentga birinchi qor tushdi. Tongda Yer yuziga farishtalar yog'iladi. Farishtalar nafaqat yer yuziga, qalbimizga, ongimizga, jismu-jonimizga o'rnashadi. Shu sabab, hali osmon oqarmay uyg'onib ketaman, ruhimdagi ma'sud his bilan bir ikki soat tetik yuraman, quyosh chiqa boshlagach, farishtalar yer yuzidan ko'tariladi, yana mudroqlik bosadi.
Hovlini bir ikki aylanib, etim uchdi, shanba bo'lgani uchun, ishga bormay, ko'rpaga o'randim. Kecha Xovosda edim. Onam yuzlarimdan silab, peshonamdan o'pib, “o'rgilib ketay jonim bolamdan, onang o'rgilsin, jonimni qoqay, qiynalmay keldingmi, aylanay oynamdan aylanay, qoshu-ko'zingdan o'rgilay, meni shuncha zor kuttirasanmi bolam, ” deya ancha vaqt quchoqlab turdi. Nazarimda yuzlarimdan siypalagan mehrning qo'llari edi, peshonamdan o'pgan sog'inchning lablari edi, meni qo'yib yubormay uzoq uzoq quchoqlagan onamning yuragi edi.
Onamning qo'llari bir paytlar baquvvat, kuchli, qattiq edi. Hozir oriq, qoqsuyak, jonsiz bo'lib qolibdi. Mana shu zaif qo'llar hech qo'yib yuborgisi yo'q yuzlarimni uzoq silab siypadi. Onamning qattiq sog'inganini his qildim. Onamning bu zaif, mehribon qo'llari dard alamga, iztirobga, o'kinch va hayot tashvishlaridan “dod” deb yuborishga tayyor yarador yuragimni silayotganday. Qani edi, onamning oyoqlariga bosh qo'yib baqirib baqirib yig'lasam, baqirib baqirib arz dod qilsam, to'yib ketgan qon yuragimni bo'shatsam. Sochlarim orasida onamning munis va mushfiq qo'llarini his qilib turibman-u, sog'intirib qo'yganim uchun, o'zim ham sog'inganim uchun mung'aygan ko'zlarim jiqqa yoshga to'ldi.
Keyingi paytlar negadir yuragimdan mung, mahzunlik, g'am ketmayapti. Mansur Jumaevni vafotidan bir ikki kun oldin ko'rgan edim. Har doimgiday iliq so'rashdig-u, xayrlashdik. Uning ko'zlarida dard, og'riq, sitam bor edi. Endi bilsam, bu ko'zlarda hayot bilan vidolashayotgan insonning og'ir iztiroblari faryod qilayotgan ekan. “Nima bo'ldi sizga Mansurjon” demaganim, istihola qilganim, uyalganim, dardlashmaganim uchun, o'zimni hali hanuz kechirolmayman. Bir ikki kundan keyin kutilmagan voqea sodir bo'ldi. Yonimizdagi odam nima g'ussada yashayotganini qachon bilar ekanmiz-a?
Sherali Jo'raev so'ngi uchrashuvimizda “Ko'proq Qur'on o'qing, hozir faqat Qur'on o'qiyapman,” degan edi. O'shanda Sherali aka hali ko'p yashaydi, hali sog'ayib ketadi, hali ko'p suhbatlashamiz” deya o'ylagan edim. Sherali akaday inson o'lishi mumkinligi xayolimga kelmagan edi. Endi o'ylab qarasam, Sherali aka oxirat kuniga pinhona tayyorlanayotgan ekan. O'shanda nega bunday deyapsiz Sherali aka, deya nega so'ramadim deb, hali hanuz o'zimga savol beraman. Qachon biz yonimizdagi insonning qalbiga quloq solamiz?
Bobomurod Hamdamov ham Xorazmga ketdim dedi-yu, indamay xayrlashdi. Bir hafta kutdik, o'n kun, yigirma kun kutdik, kelmadi. To'rt oydan so'ng sovuq xabar keldi. Bobomurod aka, “Meni Komiljon Otaniyozov qabri poyiga qo'yasizlar deb”, o'z o'limini ustozi poyida to'rt oy kutibdi. Ustoziga mehru-muhabbat to'la qalbning so'nggi farmoni edi bu. Buyuk shogirdning buyuk ustozga so'nggi ehtiromi edi bu. Yolg'onga, aldovga, g'iybatga, yomonlikka to'la, molu-dunyo uchun birov birovning ko'ziga qo'l tiqayotgan bu dunyoda Bobomurod aka insoniylikning buyuk xaykalini qo'yib ketdi. Biz esa, Bobomurod akaning qalbiga quloq solmay g'aflatda qoldik.
Yotibman-u, boshimda onamning qo'llarini his qilayapman. Go'yo, onamning qo'llari emas, sog'inchning qo'llari, mehru muhabbat barmoqlari sochlarim orasida yurganday. Ammo, nega bu safar har doimgidan ko'p, har doimgidan dardli, hardoimgidan mayin silayaptilar. Nega meni qattiq quchoqlayaptilar? Nega onamning ko'zlari jovdirab turibdi? Onamning sochlari nega buncha oqarib ketdi? Onam hayot bilan pinhona vidolashayaptilarmi? Men bilan pinhona xayrlashayaptimi? Boshimni so'nggi bor silayaptimi? Shu silash orqali mehrlarini, sog'inchlarini so'nggi bor izhor qilayaptilarmi? Men yaqinda onasiz qolamanmi? Bu qo'llar boshimni boshqa silamaydimi?
Yo'q, yo'q, hali ko'p yashaysiz Onajon! Iloho umringiz uzoq bo'lsin! Meni tashlab ketmang, Onajon! Meni tashlab ketmang...
Muhammad ISMOIL
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0