AQSh Grenlandiyani sotib olsa, bu asr shartnomasiga aylanishi mumkin
Yangi hududlarni sotib olish iqtisodiyoti
Garchi AQSh doim xalqaro munosabatlarga tijoriy tus berib kelgan bo'lsa-da, kamdan-kam hollarda xaridlari silliq kechgan. Tomas Jefferson 1803 yilda Luizianani sotib olib, mamlakat hududini ikki baravar kengaytirganida federal miqyosda tanqidlarga uchragan. Oradan 64 yil o'tib, davlat kotibi Uil'yam Syuard Rossiyadan Alyaskani 7,2 mln dollarga (hozirgi kursda 162 mln dollarga) sotib olganida «Syuardning tentakligi» deb baholashgan. Endi esa Alyaskaning sotib olinishi ustamon yurish, Luiziananing xarid qilinishi esa Amerikaning eng buyuk prezidentlaridan birining ulkan yutug'i sifatida ko'rilmoqda.
Albatta, har ikki bitim favqulodda foydali bo'lgani shu yerdan moziyga boqilgandagina ko'rinadi. Agar Donald Tramp Daniyaga bosim qilib Grenlandiyani qo'lga kiritsa, tarix uni kechirmaydi. Saylangan prezident 7 yanvar kungi bayonotida Grenlandiya va Panama kanalini olish intilishida harbiy qudrat yoki iqtisodiy urushdan foydalanishni istisno qilmasligini ochiq aytdi. Amerika do'stlarini o'z hududini berishga majburlasa, ulardan ayriladi. Biroq Trampning provokatsiyalari yana shunisi bilan ham tentaklikki, Grenlandiyani sotib olish bo'yicha erkin va yaxshi niyatda tuzilgan shartnoma alaloqibat navbatdagi asr kelishuviga aylanishi mumkin. Bunday bitim Amerikaning, ehtimolki, uning NATO bo'yicha ittifoqchilari xavfsizligini oshiradi. Qolaversa, xarid so'nggi so'zni aytishlari shart va shubhasiz bo'lgan orol ahli uchun foyda keltirishi mumkin.
Grenlandiyaning narxi qancha?
Birinchi navbatda hisoblanadigan omillardan biri — orolning yillik yalpi ichki mahsuloti (YaIM). So'nggi hisob-kitoblarga ko'ra, 2021 yilda u 3 mlrd dollarni yoki AQSh YaIMning yetti mingdan bir ulushini tashkil qilgan. Grenlandiya hududi AQShning istalgan shtatidan katta bo'lishiga qaramasdan, aholisi bor-yo'g'i 56 000 kishi.
Orol mahsulotining katta qismi — 43 foiz ishchi kuchining mehnati mahsuli (AQShda bu ko'rsatkich 15 foiz). Orol hukumati xarajatlarining yarmidan ko'prog'ini Daniya qoplab beradi, ya'ni orolga yiliga 500 mln dollar berilmoqda. Baliqchilik — Grenlandiya iqtisodiyotining eng yirik sohasi. Agar davlat sektori va boshqa xarajat majburiyatlari bir chet surib turilsa hamda Grenlandiyaning uzoq muddatli o'sishi davom etayotgani ehtimolda tutilsa, AQSh federal hukumati YaIMning 16 foizi ko'rinishida soliq olsa (mamlakat bo'yicha o'rtacha ko'rsatkich), shuningdek, 30 yillik g'aznachilik daromadlari bo'yicha chegirma bilan hisoblab chiqilsa, baholash 50 mlrd dollarni yoki AQSh bir yillik mudofaa xarajatlarining yigirmadan biriga teng qiymat kelib chiqadi. Bu Grenlandiyaning xomaki narxi.
Biroq janob Tramp Grenlandiyani arzonligi uchun emas, balki stratgegik va iqtisodiy salohiyati uchun qo'lga kiritish ishtiyoqida yonmoqda. Orol Amerika va Rossiya oralig'ida, Arktika muzliklari erishi davomida kemalar qatnovi yanada ko'payadigan hududda joylashgan. Amerikaliklarning Grenlandiya shimoli-g'arbida qo'nim topgan Pituffik fazoviy bazasi allaqachonlardan buyon harbiylarni raketa hujumlaridan boxabar etib kelyapti. Ammo Atlantika okeanining rus suv osti kemalari Amerika sharqiy sohillari va Shimoliy Atlantikaga qarab suzuvchi Grenlandiya — Islandiya — Buyuk Britaniya (GIUK) yo'lagi bundan ham yaxshiroq kuzatuv nuqtasi hisoblanadi.
Grenlandiya zamini qa'rida ulkan tabiiy zaxiralar yashiringan. AQSh hukumati «o'ta muhim» deya baholagan 50 xil mineraldan 43 tasi orolda mavjud. Ehtimol, Xitoydan tashqaridagi noyob metallarning eng katta konlari ham bo'lishi mumkin. Harbiy soha va ekologik toza energetika qurilmalari ishlab chiqarishda bu ashyolarning o'rni beqiyos. AQSh geologiya xizmatining 2008 yilgi baholashiga ko'ra, Grenlandiya sohillaridagi konlar 52 mlrd barrelgacha neft bera oladi, bu jahonda tasdiqlangan zaxiralarning taxminan 3 foizi demakdir.
Iqlimi og'ir, hududi bepoyon Grenlandiyaning yer osti qazilma boyliklariga deyarli qo'l urilmagan. Orolning beshdan to'rt qismi abadiy muzliklar bilan qoplangan. Bu yerda hatto aholi maskanlarini bog'lovchi yo'llar ham yo'q. Hukumat neft qidirishni 2021 yilda taqiqlagan. Ammo iqlim isishi oqibatida foydali qazilmalarni qo'lga kiritish tobora osonlashib, qiymati o'sib bormoqda. Hozirdanoq kishi boshiga hisoblaganda, tarixdagi eng yirik foydali qazilmalar vasvasasi boshlangan. Taxminan 170 ta manzilda kompaniyalar burg'ilashga kirishib ketgan, vaholanki, o'n yil avval ularning soni 12 ta edi.
Orolni kimdan sotib olish mumkin?
Daniya 2009 yilda Grenlandiyaga mustaqillikni qo'lga kiritish huquqini amalda tortiq etdi, buning uchun orol aholisi referendumda ovoz berishi kerak. Orolning millatchi hukumati bu in'omdan foydalanib qolishni juda ham istaydi. Daniya shuning barobarida hududga o'z tabiiy zaxiralari nazoratini ham topshirgan (Daniya taqdim etadigan grantlar ulardan keladigan daromadlar o'sishiga hamohang ozayib boradi). Shu bois istalgan xarid Daniya bilan emas, bu mustamlakachilik deya baholanardi, balki orol aholisi bilan amalga oshirilishi shart.
Agarda AQSh yuqoridagi keltirilgan bo'lg'usi soliqlar oqimini xomcho'tlasa va orolda yashovchi har bir kishiga 1 mln dollardan taklif qilsa-chi?! Hududning boyligi va ahamiyatini hisobga olgan Amerika, ehtimol, har bir grenlandiyalikni multimillionerga aylantirish barobarida o'zi ham xariddan ulkan foyda olishi mumkin.
Turgan gapki, bu yo'sindagi kelishuvni romantiklar va millatchilar pastkashlik deya ta'riflashgan bo'lardi. Nahotki orol o'z kuchlariga tayana olmasa? Ana, Islandiya 380 ming aholisi bilan eplayaptiku. Grenlandiya yanada ko'proq Amerika harbiy bazalarini joylashtirib, buyoqda tabiiy zaxiralarini o'z bilganicha ishlatsa bo'ladi. Nega erkinlikdan voz kechib, Vashington tomonidan bo'ladigan siyosiy nazoratga bo'yin egish kerak?
Tabiat zaxiralarini o'zlashtirish qator xatarlardan xoli emas. Ulardan biri — ne'matlarning adolatli taqsimlanishiga to'g'anoq bo'luvchi korruptsiya. Ulkan daromad olayotgan mamlakatni 56 000 kishi samarali boshqara oladimi? Bu xuddi kichik bir shaharchaga Saudiya Arabistonining mislsiz neft konlarini topshirishdek gap. Foydali qazilmalarning o'zlashtirilishi migrantlarning ulkan oqimini yuzga keltiradi. Milliy xavfsizlik endi faqat bosqin xavfi bilan emas, gibrid urushlar, sabotaj (ish tashlash) va TikTokda targ'ibotlarning oldini olish bilan ham shug'ullanishiga to'g'ri keladi. Agar Grenlandiya AQShga sotilsa, unda Amerika ma'muriyati va xavfsizlik tizimining butun qudrati shu hududga yo'naltiriladi, shuningdek, bu yerda foydaning teng taqsimlanishi (hamma amerikaliklar bilan bo'lgani kabi) joriy qilinadi.
Grenlandiyaning o'z taqdirini o'zi belgilash huquqini hurmat qilish uning fuqarolarining referendumga qo'yilishi mumkin bo'lgan taklifni ko'rib chiqish huquqlarini hurmat qilishni anglatadi. Tanlov erkin bo'lishi uchun Tramp kuch ishlatish tahdididan voz kechishi kerak. Shundan keyingina u oq ayiqqa ozgina laxm go'sht tashlab ko'rsa bo'ladi.
Abror Zohidov, manba: The Economist, 2025 yil 10 yanvar'
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0