AQSh saylov tizimi qanday tuzilgan?
AQShda 5 noyabr — prezident saylovi kuni, boshqacha aytganda, mamlakat xalqi demokrat Kamala Harris yoki respublikachi Donald Trampga ovoz berish imkoniyatiga ega so'nggi sana. Ammo shu kuni yoki ertasiga ham kim prezident bo'lganini bilolmaymiz. Сhunki Qo'shma Shtatlar saylov tizimi murakkab va uzoq jarayon, butun boshli shou. Ana shu tomoshada umumxalq saylovidan keyin tanlovchilar katta sahnaga chiqishadi.
Xo'sh, tanlovchilar kimlar, ular qanday paydo bo'lgan va umumxalq ovozi natijalarini qanday o'zgartira olishadi, shunga to'xtalamiz.
Tanlovchilar qanday paydo bo'lgan?
AQSh saylov tizimi davlat rahbari parlament yoki umumxalq ovoz berishi yo'li bilan saylanadigan dunyodagi aksariyat saylov modellariga o'xshamaydi, balki bularning “gibridi” desak sal yaqin kelamiz. Amerikacha saylovning boshqalardan farqi mamlakat aholisi va Kongress o'rtasida “vositachi”lik qiluvchi tanlovchilar hay'atida aks etadi. Ya'ni davlat rahbari xalq va o'sha xalq vakillari — tanlovchilar tomonidan ikki karra saylanadi.
Qo'shma Shtatlarning asoschi-otalari o'z davri uchun “six ham, kabob ham kuymaydigan” yechimni o'ylab topgandi: birinchidan, AQShning saylangan prezidenti parlamentariylarga qaram bo'lib qolishining oldi olish, ikkinchidan, XvIII asrda aholining katta qismini tashkil etuvchi savodi past xalq populistni saylashiga yo'l qo'ymaslikka urinishgan.
U paytlarda AQShda hozirgidek kuchli siyosiy partiyalar ham, shoshilinch ma'lumot olinadigan tezkor aloqa vositalari ham bo'lmagan. 1787 yilning 6 sentyabrida “Filadelfiya Konventi” nomi ostida ham mashhur Konstitutsion Konventda tanlovchilardan foydalaniladigan saylov tizimi tasdiqlandi.
Tizim qanday ishlaydi?
AQSh prezidentligiga kim saylanganini 5 noyabr — saylov kuni bilolmaymiz. Saylov muddatidan oldin boshlab yuborilgan, 5 noyabr — mamlakat aholisi ovoz berishi uchun so'nggi kun, xolos. Masalan, AQSh prezidenti Jo Bayden 28 oktyabr kuni Nyu-Kasl (Delaver shtati)dagi saylov uchastkasida o'z ovozini berdi. CNN yozishicha, davlat rahbari qariyb 40 daqiqa navbat poylagan.
Shu kuni e'lon qilinadigan natijalar xalq kimni saylaganini ko'rsatadi. Ammo AQSh saylov tizimida so'nggi va hal qiluvchi ovozni tanlovchilar berishadi. Mamlakat shtatlari va Kolumbiya okrugi (poytaxt Vashingtonning rasmiy nomi) vakillari — jami 538 nafar tanlovchi Oq uyga kim kirishini hal qiladi. Bu hay'at partiyalar funktsionerlari, sobiq siyosatchilar va faollardan iborat. Ular har bir shtat partiya qo'mitalari tomonidan “X kun”, ya'ni saylov kuniga qadar qadar saylanadi, bu ro'yxatni respublikachilar ham, demokratlar ham taqdim etadi.
Ko'p shtatlarda “Barchasi g'olibniki” qoidasi bor. Ya'ni biron-bir shtatda AQSh aholisining eng ko'p ovozini to'plagan nomzod o'sha shtatdagi tanlovchilarning ham barcha ovozlarini oladi. Faqat Nebraska va Men istisno: bu shtatlarda hay'at ovozlari proportsional taqsimlanadi — aholi kimga qancha ovoz bergan bo'lsa, tanlovchilarning ovozi ham shunga mos keladi.
Shtatlarning tanlovchilari soni aholisi soniga qarab har-xil. Ularning soni shtatning Kongress ikki palatasidagi vakillari soniga mos keladi, parlamentda vakili bo'lmagan Vashington nomidan uch tanlovchi qatnashadi. Eng ko'p tanlovchilarga ega hududlar — Kaliforniya (54), Texas (40), Florida (30) va Nyu-York (28). Eng kam tanlovchilar (uch nafardan) — Alyaska, Vayoming, Vermont, Delaver, Shimoliy Dakota va Janubiy Dakotadan, chunki bu shtatlarning aholisi juda oz.
“Barchasi g'olibniki” qoidasiga qaramasdan, tanlovchilar o'z shtatlari aholisi kabi ovoz bermasliklari mumkin. Bunaqalarni “ishonchsiz tanlovchilar” deyishadi, biroq ularga qo'llanadigan eng katta jazo — 1 ming dollar. Masalan, 2016 yilda 10 nafar tanlovchi “o'z” nomzodiga ovoz bermagandi. Donald Tramp g'alaba qozongan o'sha saylov yakuniy natijalariga bu uncha ta'sir ko'rsatmagandi.
Oq uydagi Oval kabinetni egallash uchun nomzod 538 nafar tanlovchining kamida 270 ovozini olishi shart.
Nima uchun bunday qilingan?
Bu tizimni ko'pchilik tanqid qiladi. To'g'rida, nahot AQShdek rivojlangan mamlakat zamonaviy imkoniyatlardan foydalanib, o'z aholisining tanlovini aniqlay olmasa? Yoki shunday katta davlatda aholi soniga hisoblaganda kam ovoz olib ham prezident bo'lib ketishni qanday tushunish mumkin? Aynan shunaqasi ham ko'p bo'lgan: masalan 2000 yildagi saylovlarda Jorj Bush o'z raqibi Albert Gordan umumaholi foizi hisobida kam ovoz olgani ozdek 50 foizdan kam ovoz olgani holda prezidentlikka saylangan. Qizig'i, bu g'olib mag'lubdan kam ovoz to'plagan holda prezident bo'lgan 4-holat, 50 foizdan kam ovoz to'plagan holda g'olib bo'lgan 18-holat edi.
Xo'sh, nega shunday? Yuqorida aytilganidek, prezidentlik saylovlari ilk yo'lga qo'yilgan yillarda bir tarafdan allaqanday populistlar sodda xalqni aldamasligi oldi olingan bo'lsa, ikkinchi tomondan hamma ham saylovlarga bora olmas, borganda ham savodsizligi tufayli aniq qarorga kela olmasdi. Shu kabi sabablar silsilasida hududlarning ishonchli vakillarini saylovlarga jo'natish tizimi yo'lga qo'yilgan.
Nega deyarli hamma savodli va saylash imkoniyati bo'lgan hozirgi davrga kelib ham bu tizimdan voz kechilmayapti? Сhunki AQSh rivojlanganlik bilan birga davlatchilik an'analariga o'ta sodiq, hanuz ilk konstitutsiya asoslariga amal qilib kelayotgan mamlakat hisoblanadi. Qolaversa, tizimni o'zgartirish oldingi saylovlarga nisbatan soya solib qo'yishi mumkin.
Kimlar AQSh prezidenti bo'la oladi?
Qo'shma Shtatlarda prezident saylovida qatnashish shartlari juda oddiy. Quyidagi talablarga mos har kim nomzodini qo'yishi mumkin:
- AQShda kamida 14 yil yashaganlar;
- 35 yoshdan oshganlar;
- AQShda tug'ilganlar.
Masalan, milliarder Ilon Mask AQSh prezidentligiga nomzodini qo'ya olmaydi, chunki Janubiy Afrikada tug'ilgan. Qizig'i, sudlanganlar nomzod bo'lishga haqli. Har- xil jinoiy ishlarga aralashib qolgan Donald Trampga o'xshaganlar uchun bu ayni muddao.
Siyosatchilar o'z partiyalari tomonidan ilgari suriladi, keyinchalik nomzod nomi milliy qurultoylarda tasdiqlanadi. Biroq bungacha ular praymeriz va kokuslar — har bir shtatda o'tadigan birlamchi prezidentlik saylovlarida qatnashadi. Yakunda milliy qurultoy delagatlarining ovozi bilan partiyaning prezidentlikka yagona nomzodi va vitse-prezidentlikka (uni prezidentlikka nomzodning o'zi tanlaydi) nomzod tasdiqlanadi.
Mamlakat aholisi 5 noyabrda ovoz berib bo'lganidan so'ng, “dekabrning ikkinchi chorshanbasidan keyingi seshanba kuni” barcha shtatlar poytaxtlarida g'alaba qozongan nomzodning partiyasi vakillari — tanlovchilar yig'ilishadi va ovoz berishadi, natijalar Kongress Senatiga taqdim etiladi. Bu yilgi saylovchi-tanlovchilar kuni 17 dekabrga to'g'ri keladi.
Faqat 2025 yilning 6 yanvariga borib, Kongress tanlovchilarning ovozlarini hisoblab, g'olib nomini e'lon qiladi. Aynan shu bosqichda 2021 yilda Tramp Baydenga mag'lub bo'lgan va uning tarafdorlari Kapitoliyga hujum uyushtirgandi. AQShning yangi prezidenti inauguratsiya marosimi 2025 yilning 20 yanvar kuni o'tkazilishi belgilangan.
Tebranuvchi shtatlar
AQShning ko'p shtatlari “ko'k” (demokratlar tarafdorlari) va “qizil” (respublikachilar tarafdorlari) tusga ega, ya'ni aksariyat saylovchilar kimga ovoz berishi oldindan ma'lum. Ammo demokratlar va respublikachilarni birdek qo'llovchi shtatlar ham bor. Aynan shularni “tebranuvchi shtatlar” deyishadi, prezidentlikka nomzodlar o'shalarning ovozi uchun ko'proq kurashishadi.
Tebranuvchi shtatlar soni hozir yettita:
- Arizona;
- Viskonsin;
- Jorjiya;
- Michigan;
- Nevada;
- Pensilvaniya;
- Shimoliy Karolina.
Hozir bularning beshtasida Donald Trampning imkoniyati yaxshi baholanmoqda, biroq Kamala Harris bilan o'rtadagi farq juda oz. Trafalgar Group o'tkazgan so'nggi so'rovga ko'ra, Arizonada sobiq prezidentni qo'llash 48,1 foiz, amaldagi vitse-prezidentni qo'llash 46 foiz atrofida. Jorjiyada ham ko'pchilik Tramp tomonida — 48,3 foiz (Harrisning imkoniyati 45,9 foiz). Pensilvaniya (49/48), Viskonsin (49/48) va Shimoliy Karolina (50/48) ham Tramp ustunlikka ega.
Bloomberg tadqiqotlari qolgan ikki tebranuvchi shtatda Harrisni ko'proq yoqtirishlarini ko'rsatmoqda: Michigan 48 foiz (Trampga 46 foiz), Nevada 49 foiz ovozini unga bermoqchi, so'nggi shtatda Tramp 48 foizlik ozgina farq bilan ortda qolmoqda.
Ana shunaqa murakkabliklardan o'ta olgangina prezident bo'la oladi. Ko'ramiz.
Abror Zohidov,
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0