+35C

+35C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Intervyu
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Suratlar so‘zlaganda...
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari
  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

Baxtsiz ayollar armiyasini kim tarbiyalayapti?

Har yili 9 may arafasida shaharlarimiz markazidagi «Motamsaro ona» haykallari poyiga gullar qo‘yar ekanmiz, xayolimizda birgina qiyofa gavdalanadi: yuzlari ajin, ko‘zlari yosh, mushtipar va jabrdiyda o‘zbek ayoli. Televidenie ekranlarida «Ilhaq» kabi filmlar orqali besh o‘g‘lini urushga berib, umr bo‘yi yo‘l qarab o‘tgan onalar qismati bot-bot namoyish etiladi. Bu timsollar biz uchun muqaddas xotira. Ammo bugungi zamonaviy jamiyat nuqtai nazaridan qaraganda, biz o‘zbek ayoli deganda nega faqat musibat va ezilganlikni tasavvur qilishga odatlanib qoldik, degan savol ko‘ndalang bo‘laveradi.
Jamiyat
424 15:29 | 13.05.2026 15:29

Onalarimizning yuzlariga boqar ekanmiz, ularda mehnatda o‘tgan umrning og‘ir izlarini ko‘ramiz. Ular o‘zi emay edirgan, kiymay kiydirgan va eng achinarlisi, mana shu «qurbonlik» holatidan baxt tuyadigan qilib tarbiyalangan. Aslida, inson o‘zi baxtli bo‘lmas ekan, atrofidagilarga, xususan farzandlariga haqiqiy baxtni o‘rgata olishi mumkinmi? Biz shoirlarimiz sheʼrlarigacha singdirib yuborgan bu «mushtiparlik» ideologiyasi aslida qizlarimizni anglanmagan baxtsizlikka dasturlayotgandek tuyuladi.


​Urush yillarida nafaqat o‘zbek ayoli, balki boshqa mamlakatlar ayollari ham xuddi bizdagidek musibatlarni, ocharchilik va judoliklarni boshidan kechirgan edi. Biroq biz negadir faqat o‘zimizga xos bo‘lgan jabrdiydalik obrazini qahramonlik darajasiga ko‘tarib, uni yangi avlod qizlariga prototip sifatida taqdim etishdan to‘xtamayapmiz. Bir narsani tan olaylik: urush davrida ayollar erkaklar o‘rnini egallashga majbur edilar. Biz mana shu favqulodda holatni tinchlik davrida ham norma sifatida qabul qildik. Qizlarimizga «erkakshoda» yoki jabrdiyda bo‘lishni qahramonlik deb o‘rgatdik, vaholanki tinchlik davrining qahramonligi — ayolning o‘z latofatini saqlagan holda maʼrifat tarqatishidadir.


Bir misol, turk kinoijodkorlari birgina Xurram sulton obrazi orqali ayol kishining nazokati, aqli va taʼsir kuchini butun dunyoga namoyish etayotgan bir paytda, biz o‘z tariximizdagi buyuk aristokrat ayollarni unutib qo‘ygandekmiz. Amir Temurning suyanchi bo‘lgan Bibixonim, Bobur Mirzodek dahoni tarbiyalagan va davlat ishlarida maslahatgo‘y bo‘lgan Qutlug‘nigor xonim, nafis sanʼat va siyosatni uyg‘unlashtirgan Nodirabegim kabi siymolar biz uchun haqiqiy o‘zbek ayoli timsoli emasmi? Abdulla Qodiriy asarlaridagi O‘zbekoyim yoki Oftoboyimlar ham aslida xonadonida talay xizmatkorlari bo‘lgan, o‘z qadr-qimmatini baland tutuvchi, kiyinishi va muomalasida nazokat barq urib turgan xonimlar edi-ku. Nega biz mana shu «Aristokrat o‘zbek ayoli» prototipini yoshlarga ko‘rsatmaymiz? Nega bizga faqat dalada ketmon chopayotgan yoki mushtiparlikdan qaddi bukilgan ayol qahramon bo‘lishi kerak?


Biz jabrdiyda obrazini targ‘ib qilib, aslida jamiyatga «baxtsiz ayollar armiyasi»ni tayyorlab berayotganimizni nahotki tushunmasak.


Bugungi kun o‘zbek ayolining eng katta fojiasi aslida ayol qanday bo‘lishi kerakligini bilmasligidadir. Qaynonalar ham, kelinlar ham ayollik latofatini emas, balki ro‘zg‘orning og‘ir aravasini tortishdagi «erkakcha» chidamlilikni asosiy mezon deb biladilar. Ayol kishi jisman ayol bo‘lsa-da, ruhan va feʼlan erkaklasha boshlagani sari, uning yonidagi erkak tabiiy ravishda yumshoqlashib boradi. Erkak kishi o‘z uyida ikkinchi bir «erkak» bilan yashashni istamaydi, bu esa oilada «kim ustun» qabilidagi bahslarga, xiyonatlarga va oxir-oqibat ajrimlarga sabab bo‘ladi.


Ammo masalaning boshqa tomoni ham bor. Ayolning nazokat chegaralaridan chiqib, hayotning zahmatli yuklarini o‘z elkasiga ortishi faqat uninggina aybi yoki tanlovi emas. Bu, avvalo, yonidagi erkakning o‘z zimmasidagi masʼuliyatni his qilmasligi, himoyachi va taʼminlovchilik vazifasini unutishi natijasidir. Zero, ayolning ko‘zidagi nur — yonidagi erkakning unga bo‘lgan munosabati, eʼtibori va muhabbati aks etadigan tiniq ko‘zgudir. Biroq bugun negadir ko‘pchilik erkaklar bu haqiqatni tan olishni, ayolni o‘z taxtida o‘tirgan «xonim» sifatida ko‘rishni istamaydilar. Balki bunga ularning ham qalbiga singdirilgan «ayol — bu xizmatkor» degan eskirgan stereotiplar yoki masʼuliyatdan qochish, qulaylikka intilish istagi sabab bo‘layotgandir. Chunki ayolni «xonim» darajasiga ko‘tarish erkakdan yuksak madaniyat, ruhiy quvvat va mardlik talab qiladi. Ayolning zaifligidan foydalanib, uni ro‘zg‘orning og‘ir mehnatiga qo‘shib qo‘yishi esa juda oson. Demak, qars ikki qo‘ldan chiqmoqda:


bir tomonda jabrdiydalikni oliy maqom deb bilgan ayollar, ikkinchi tomonda esa ayolini xonimga aylantira olmayotgan erkaklar.


​Xulosa shuki, o‘zbek ayoliga yopishtirgan jabrdiyda, ezilgan, erkakshoda va mushtipar yorlig‘ini olib tashlash vaqti keldi. Bizga farzandining yo‘liga intizor bo‘lib, ko‘z yoshi to‘kayotgan ona emas, balki farzandlariga hayotning go‘zalligini, o‘z qadrini anglashni va baxtli yashash sanʼatini o‘rgatadigan munavvar ayol obrazi kerak. Unutmaslik kerakki, qalban majruh onalar hech qachon sog‘lom va baxtli avlodni voyaga etkaza olmaydi.



Dildora IBROHIMOVA,


“IShONCh”



Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Jamiyat
ЧИЛЛА НИМА?
0 6479 16:57 | 05.08.2023
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat