+24C

+24C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Intervyu
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Suratlar so‘zlaganda...
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari
  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish
Madaniyat va ma'rifat
276 11:20 | 11.06.2026 11:20
  • O‘zbekistonda qon sotiladimi?
  • Qonning sunʼiy muqobili haligacha yaratilmagan
  • Bir donor ikki nafar bemorga yordam berishi mumkin
  • O‘zbekistonda har ming aholidan atigi 10 nafari donor
  • Qon topshirish orqali kasallik yuqadimi?
  • Nega qon zaxiralari doimiy ravishda to‘ldirilishi kerak?
  • Nega chaqaloqlarda ham gematologik kasalliklar uchramoqda?
  • Leykoz erta aniqlanganda hayotni saqlab qolish mumkinmi?
  • Gemoglobini 30 gacha tushgan bolalar nega kech olib kelinmoqda?


Bugungi kunda mamlakatimizda qon va uning komponentlariga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Zamonaviy tibbiyotdagi jarrohlik amaliyotlari, onkologik va gematologik kasalliklarni davolash protokollarining murakkablashuvi qon xizmati tizimiga bo‘lgan talabni yanada oshirmoqda. Shu bilan birga, donorlik madaniyati bosqichma-bosqich rivojlanib borayotgan bo‘lsa-da, soha oldida hal qilinishi lozim bo‘lgan bir qator muhim masalalar ham saqlanib qolmoqda. Respublika qon quyish markazi, donorlar bo‘limi mudiri Mukarram Po‘latova bilan suhbatlashdik.



Mukarram Nabievna, bugungi kunda butun respublika bo‘yicha qon zaxiralari holati qanday? Mavjud ehtiyoj to‘liq qoplanyaptimi?

— Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra, mamlakatda qon va uning komponentlariga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qoplash uchun har ming nafar aholining o‘rtacha 30 nafari donor bo‘lishi lozim. Bizda esa 2025 yil yakuniga kelib bu ko‘rsatkich hozircha 10 nafarni tashkil etmoqda.


Bu natijaga bir kunda erishilgani yo‘q. Masalan, 2007 yilda har ming aholidan atigi 4 nafari donor bo‘lgan. Keyingi yillarda hukumatimiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi va qon xizmati xodimlari tomonidan juda katta ishlar amalga oshirildi.


Avvalo, respublikadagi qon xizmati tizimi to‘liq modernizatsiya qilindi. Sovet davridan qolgan eski uskunalar zamonaviy standartlarga javob beradigan jihozlarga almashtirildi. Qon olinadigan paketlardan tortib, uni bemorga etkazishgacha bo‘lgan barcha jarayon yangilandi.


Ikkinchi muhim yo‘nalish — donorlikni rivojlantirish bo‘ldi. Ilgari targ‘ibot ishlari asosan 14 iyun — Xalqaro donorlar kuni arafasida olib borilardi. Hozir esa yil davomida korxonalarda, mahallalarda, oliy o‘quv yurtlarida va hatto maktablarda ham donorlikning ahamiyati haqida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.


Shu bilan birga, pandemiya davridan keyin ham donorlar soni oshdi. Ko‘pchilik qon topshirgandan keyin o‘zini engil va yaxshi his qilayotganini aytib kelmoqda. Ayrim donorlar ikki oylik tanaffus tugashini intiqlik bilan kutishadi. Ular: «Men savob ish qilyapman, qonim kimgadir kerak», deb keladilar. Bu albatta quvonarli holat.


Bugungi kunda nafaqat Respublika qon quyish markazida, balki viloyatlarda ham qon zaxiralari to‘planmoqda. Lekin boshqa tomondan ehtiyoj ham ortib bormoqda. Mamlakatimizda yangi jarrohlik amaliyotlari joriy etilmoqda, onkologik va gematologik kasalliklarni davolash protokollari murakkablashmoqda.


Jigar, buyrak va suyak iligi transplantatsiyasi kabi operatsiyalar kengaymoqda. Bu esa qon va uning komponentlariga bo‘lgan talabni yanada oshirmoqda.


Shuning uchun qon tayyorlangani sari unga bo‘lgan ehtiyoj ham o‘sib bormoqda. Hozircha har ming aholiga 10 nafar donor to‘g‘ri keladi. Ammo yangi Prezident qaroriga muvofiq, 2030 yilga borib bu ko‘rsatkichni 30 nafarga etkazish maqsad qilingan.




— Aholi orasida donorlik haqida qanday noto‘g‘ri qarashlar saqlanib qolmoqda?

— Targ‘ibot ishlari doimiy olib borilayotganiga qaramay, baʼzi odamlarda hali ham noto‘g‘ri tushunchalar bor.


Masalan, ko‘pchilik «Qon topshirsam, mazam qochadi» deb o‘ylaydi. Aslida donorlikka to‘g‘ri tayyorgarlik ko‘rish kerak. Yaxshi uxlab kelish, engil ovqatlanish va ko‘proq suyuqlik ichish muhim. Och qoringa kelish ham, yog‘li yoki sutli mahsulot isteʼmol qilish ham tavsiya etilmaydi.


Yana bir keng tarqalgan xavotir — qon topshirish jarayonida kasallik yuqib qolishi mumkinligi haqida. Bu mutlaqo asossiz. Bugungi kunda qon xizmati tizimida inson terisiga tegadigan barcha vositalar bir marta ishlatiladigan steril asboblardir.


Hatto tahlil uchun olinadigan probirkalar ham bir martalik. Shuning uchun donor qon topshirish orqali hech qanday kasallik yuqtirib olmaydi.


Aksincha, qon topshirish inson uchun qo‘shimcha tibbiy tekshiruv imkoniyatini ham yaratadi. Har bir donor qoni V va S gepatiti, OIV infektsiyasi, zaxm, brutsellyoz, jigar ko‘rsatkichlari, qon guruhi va rezus-omili bo‘yicha tekshiriladi.




— Kimlar donor bo‘la oladi?

— 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan, vazni 50 kilogrammdan yuqori va o‘zini sog‘lom deb hisoblaydigan har qanday O‘zbekiston fuqarosi donor bo‘lishi mumkin.


Chet el fuqarolari ham O‘zbekistonda kamida uch oy rasmiy ro‘yxatdan o‘tib yashagan bo‘lsa, donorlik qilishi mumkin.




— Qaysi qon guruhlariga ehtiyoj yuqori?

— Eng katta muammo rezus-manfiy qon guruhlari bilan bog‘liq.


Aholining taxminan 85 foizida rezus-musbat, 15 foizida esa rezus-manfiy qon mavjud. Ayniqsa birinchi guruh rezus-manfiy qon doimiy ehtiyojda.


Bugungi kunda homiladorlik davridagi rezus-konflikt holatlarini davolash amaliyotlari joriy qilingan. Bunday holatlarda ona qornidagi bolaga maxsus qon quyish amalga oshiriladi. Bu muolaja uchun aynan birinchi guruh rezus-manfiy qon kerak bo‘ladi.


Bu qon bir kunlik bo‘lishi, maxsus qayta ishlanishi va qo‘shimcha sterilizatsiyadan o‘tkazilishi lozim. Shu sababli mazkur qon turiga ehtiyoj juda yuqori.



— Qonning sunʼiy muqobili bormi?

— Yo‘q. Hozircha inson qonining barcha vazifalarini bajara oladigan sunʼiy mahsulot yaratilmagan.


Qon bir vaqtning o‘zida kislorod tashiydi, immunitetni taʼminlaydi, haroratni boshqaradi, qon ivishida ishtirok etadi. Bu vazifalarning barchasini birlashtirgan universal vosita hozircha mavjud emas.


Shuning uchun donor qonining o‘rnini bosadigan manba yo‘q.




— Doimiy donorlar qanday rag‘batlantiriladi?

— Hayoti davomida kamida 40 marta qon yoki 60 marta plazma va boshqa komponentlar topshirgan fuqarolarga «O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni beriladi.


Ular har yili Xalqaro donorlar kuni munosabati bilan taqdirlanadi. Shuningdek, davlat tomonidan besh baravar bazaviy hisoblash miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi.


Bundan tashqari, jamoat transportidan bepul foydalanish, navbatsiz sanatoriy yo‘llanmalari olish, mehnat taʼtilini o‘z xohishiga ko‘ra belgilash kabi imtiyozlarga ham ega bo‘ladilar.




— Bir donorning qoni necha nafar inson hayotini saqlab qolishi mumkin?

— Kamida ikki nafar inson hayotini saqlab qoladi.


Agar qondan maksimal darajada komponentlar ajratilsa, bir dona donor qonidan eritrotsit massasi, plazma, kriopretsipitat va trombokontsentrat tayyorlanadi.


Bu holda bir donorning qoni to‘rt nafar bemorga yordam berishi mumkin.




Qon sotiladimi?


— Ha, albatta. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan kalkulyatsiya bor. Hozir xususiy tibbiyot maskanlari juda ko‘p. Ular ham sotib oladi. Bemorning qarindosh-urug‘lari yaqini uchun qon topshirgani bilan biz baribir qonga muhtojmiz!


Bemorga qon zarur bo‘lsa, shifokorlar doimo qon markaziga yo‘naltiradilar, zahira tayyorlab qo‘yish kerak deyishadi va bemorning qarindoshlari kelib topshiradi.




Qarindoshlar qon topshirsa, bemorga bepul beriladimi?


— Ha, mana shunday holatlarda bepul beriladi. Lekin shunday holatlar borki, qarindosh-urug‘i yo‘q deydi yoki topshirgisi kelmaydi yoki o‘sha aytganimdek qo‘rquv holatlari bo‘ladi. Mana shunday paytda kassaga to‘lov qilib, qon sotib oladi. Yana bitta muhim jihatni unutmaslik kerak, gohida tezkor shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bemorga qon zarur bo‘lsa, unga o‘ylab o‘tirilmasdan qon quyiladi.


Bunday vaziyatlarda zaxira qon mavjud bo‘ladi. Agar zaxira etarli bo‘lmasa, qon markazlari bilan zudlik bilan bog‘laniladi.


Bizning tizimda barcha qon markazlari 24/7 rejimida ishlaydi, doimiy aloqa raqamlari mavjud. Murojaat qilinadi, qon olinadi va quyiladi — bemorning hayotini saqlab qolish uchun barcha choralar ko‘riladi. Zaxiradagi qon ishlatiladi, keyinchalik esa bemorning yaqinlari etib kelgach, ishlatilgan zaxira o‘rnini to‘ldirishda yordam berishlari mumkin.


Shuni tushunish muhimki, “agar men qon olib kelmasam yoki maʼlumot bermasam, qon quyilmaydi” degan tushuncha mutlaqo noto‘g‘ri. Bunday yondashuv amaliyotda mavjud emas.



— Qon xizmati oldidagi asosiy muammolar nimalar?

— Eng katta muammo donorlik aktsiyalarining tizimli emasligi.


Qon quyish xizmati oldidagi eng katta muammolar haqida gapiradigan bo‘lsak, hozirgi kunda asosiy masalalardan biri — donorlar oqimining mavsumiyligi hisoblanadi. Ko‘p hollarda donorlar faolligi maʼlum sanalarga to‘g‘ri kelib qoladi: masalan, 14-iyun — Qon donorlari kuni, 1-iyun — Bolalarni himoya qilish kuni yoki Konstitutsiya kuni munosabati bilan bir vaqtning o‘zida ommaviy qon topshirish holatlari kuzatiladi.


Biroq qon mahsulotlarining saqlanish muddati cheklangan. Masalan, eritrotsitar massa 30–35 kungacha saqlanadi, eng ko‘pi bilan 35 kungacha. Plazma esa muzlatish haroratiga qarab ikki yilgacha saqlanishi mumkin. Shu sababli, bir martada katta hajmda qon kelib tushishi har doim ham samarali emas. Bu jarayon yil davomida bir maromda, tizimli ravishda tashkil etilishi kerak.


Qon xizmati faqat donorlarni qabul qilish bilan cheklanmaydi. U qonni qayta ishlash, tekshirish va to‘g‘ri sharoitda saqlash kabi bosqichlarni ham o‘z ichiga oladi. Agar bu jarayonlarda yuklama keskin oshsa, tizimda qiyinchiliklar paydo bo‘ladi. Shuning uchun qon donorligi doimiy va barqaror oqimda bo‘lishi maqsadga muvofiq.


Albatta, barcha donorlarga va ko‘ngillilarga minnatdorchilik bildiramiz. Bu oson ish emas va uning ahamiyati juda katta. Qon xizmati faoliyati nafaqat tibbiyot muassasalari, balki butun sog‘liqni saqlash tizimi uchun muhimdir. Qon zaxiralari etarli bo‘lsa, bemorlarga yordam ko‘rsatish ham osonlashadi.


Shu bilan birga, sarflov materiallari va laboratoriya taʼminoti masalasi ham dolzarb. Donorlar qancha ko‘p bo‘lmasin, agar tekshiruv va qayta ishlash jarayonlari to‘liq taʼminlanmasa, qonni to‘liq qabul qilish va ishlatish imkoni cheklanadi.


Hozirgi kunda davlat tomonidan, jumladan Prezident qarorlari asosida, qon xizmati tizimini takomillashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Biroq hali ham ayrim hududlarda moliyalashtirish, mahalliy byudjet yoki sug‘urta tizimiga bog‘liqlik kabi masalalar saqlanib qolmoqda.


Respublika qon quyish markazi doirasida pullik xizmatlar ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu tizimni yanada barqaror qilish imkonini beradi. Shu bilan birga, viloyatlardagi muassasalarning ham moddiy-texnik bazasini mustahkamlash muhim ahamiyatga ega.


Xulosa qilib aytganda, qon xizmati tizimi uzluksiz, barqaror va bir maromda ishlashi lozim. Shundagina donorlik harakati samarali bo‘ladi va tibbiy ehtiyojlar to‘liq qondiriladi.



— Qon xavfsiz saqlanadimi?

— Albatta. Qon saqlanadigan barcha muassasalar zaxira elektr taʼminoti tizimlariga ega. Respublika qon quyish markazi ikki mustaqil elektr liniyasiga ulangan.Viloyatlarda esa maxsus generatorlar mavjud. Shuning uchun elektr uzilishi qon mahsulotlari sifatiga taʼsir qilmaydi.



— Qon orqali kasallik yuqishi mumkinmi?

— Nazariy jihatdan mumkin, ammo bu ehtimol juda past.


Avvalo, har bir donor qoni ikki bosqichli tekshiruvdan o‘tadi. Avval yuqori sezgirlikka ega tahlillar orqali tekshiriladi, keyin esa PTsR usuli bilan qayta nazorat qilinadi.


Biroq har qanday yuqumli kasallikning inkubatsiya davri bo‘ladi. Agar donor yaqinda yuqtirgan bo‘lsa va bu haqda maʼlumot bermasa, hatto eng zamonaviy testlar ham uni darhol aniqlay olmasligi mumkin.


Qonni qonga quyish yoki qon mahsulotlarini qo‘llash orqali kasallik yuqishi haqida ko‘p eshitiladi. Baʼzi hollarda bemorlar «qon olganimdan keyin yoki qon mahsulotlari olgandan so‘ng kasallik yuqtirdim» deb aytadi.


Shuni taʼkidlash kerakki, qon orqali yuqadigan kasalliklar faqatgina qon mahsulotlari orqali emas, balki terining butunligi buziladigan har qanday tibbiy muolajalar orqali ham yuqishi mumkin. Terining butunligi buzilgan har qanday holatda infektsiya yuqish xavfi paydo bo‘ladi. Shuning uchun «faqat qon quyish orqali yuqdi» degan fikr har doim ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi — bu holat avval aniq isbotlanishi lozim.


Bunday holatlar, albatta, uchrab turadi. Buning sababi shundaki, har bir kasallikning inkubatsion davri mavjud. Hatto eng zamonaviy test tizimlari va asbob-uskunalar ham infektsiyaning ushbu yashirin davrida uni aniqlab bera olmasligi mumkin.


Shuning uchun qon beruvchi donorlardan ehtiyotkorlik bilan so‘rovnoma olinadi. Donordan so‘raladi: yaqin vaqt ichida tish oldirganmi, stomatologik yoki jarrohlik muolajalari o‘tkazganmi, antibiotiklar qabul qilganmi, yoki nomaʼlum shaxslar bilan xavfli aloqalar bo‘lganmi. Agar shunday holatlar qayd etilsa, donorga maʼlum muddat — odatda uch oy yoki olti oy — qon topshirmaslik tavsiya etiladi.


Chunki infektsiya yuqqanidan so‘ng, organizmda etarli miqdorda antigen yoki antitelalar hosil bo‘lguniga qadar, zamonaviy test tizimlari ham uni aniqlay olmasligi mumkin.


Hozirgi kunda qon xizmatlari ikki bosqichli tekshiruv tizimi asosida ishlaydi. Avvalo, yuqori sezgir immunologik (IFA/IXLA) testlar orqali tekshiruv o‘tkaziladi. Agar shubhali natija chiqsa, bunday qonlar umuman ishlatilmaydi va yo‘q qilinadi, donor esa bazadan chiqariladi.


So‘ngra toza deb topilgan qon namunalari ikkinchi bosqichda — PTsR (molekulyar darajadagi) tekshiruvdan o‘tkaziladi. Bu usul infektsiyani juda kichik miqdorda ham aniqlash imkonini beradi va «oyna davri»ni ancha qisqartiradi.


Shu bilan birga, xavfni to‘liq yo‘q qilib bo‘lmaydi. Agar bemorga qon quyish zarur bo‘lsa, u albatta bu haqda oldindan ogohlantiriladi. Har bir tibbiy muolajada maʼlum darajada infektsiya yuqish xavfi mavjud ekani tushuntiriladi va bemorning roziligi olingandagina qon mahsulotlari quyiladi.



— Bolalarda leykoz va onkogematologik kasalliklar ko‘payib bormoqda. Ota-onalar nimalarga eʼtibor berishlari kerak?

Hozirgi kunda onkologiya va onkogematologik kasalliklar tobora ko‘proq uchramoqda va rivojlanib bormoqda. Davolash protokollari ham takomillashmoqda, xorijiy davlatlar, jumladan Turkiya, Germaniya va Rossiyaning etakchi klinikalari bilan gematologlar o‘rtasida hamkorlik juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bu ham bolalar, ham kattalar gematologiyasida o‘z aksini topmoqda.

Shu bilan birga, aholi orasida ushbu kasalliklarning ko‘payishi kuzatilmoqda. Buning aniq sabablarini to‘liq aytish qiyin, lekin ehtimoliy omillar qatorida immunitet pasayishi ham qayd etiladi. Hozirgi kunda antibiotiklar va turli dori vositalarini nazoratsiz qo‘llash ham organizmning tabiiy himoya tizimiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin. Immunitet pasaygan holatda suyak ko‘migi faoliyati buzilib, normaga zid hujayralar ko‘payishi ehtimoli paydo bo‘ladi.


Avval stress, ruhiy zo‘riqish va travmalar katta ahamiyatga ega deb qaralar edi. Biroq hozirgi amaliyotda hatto yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda ham gematologik kasalliklar uchrayotgani kuzatilmoqda. Bunday holatlarda stress omili haqida gapirish qiyin, shu sababli irsiy moyillik, ekologik omillar va boshqa tashqi taʼsirlar ham inobatga olinadi. Ko‘p hollarda kasallik oilaviy ravishda kuzatilishi ham qayd etilmoqda.


Ota-onalar uchun bu juda jiddiy masala hisoblanadi. Afsuski, baʼzi holatlarda hatto Toshkent sharoitida yashab turib ham bolalar juda og‘ir holatda, masalan gemoglobin 30–40 g/l gacha tushgan holda shifoxonaga olib kelinmoqda. Bu albatta juda xavfli holatdir. Normada gemoglobin darajasi bolalarda kamida 110–120 g/l bo‘lishi kerak.


Bunday og‘ir holatlarning uchrashi har doim ham tushunarli emas, chunki tibbiy xizmat rivojlanib bormoqda, mutaxassislar doimiy ravishda viloyatlarda ham konsultatsiyalar o‘tkazishmoqda. Shunga qaramay, kechikib murojaat qilish holatlari saqlanib qolmoqda.


Ota-onalar boladagi har qanday o‘zgarishga eʼtiborli bo‘lishlari kerak. Masalan, rang oqarishi, holsizlik, tez charchash, qo‘l-oyoqlarda og‘riq, sababsiz ko‘karishlar paydo bo‘lishi jiddiy signal bo‘lishi mumkin. Bunday belgilarni «o‘tib ketadi» deb eʼtiborsiz qoldirish noto‘g‘ri. Darhol shifokorga murojaat qilish va qon tahlillarini o‘tkazish zarur.


Shuningdek, tish milklaridan qon ketishi, milk shishishi ham ahamiyatsiz deb qaralmasligi kerak. Bunday belgilari bo‘lgan bolalar ham albatta tekshiruvdan o‘tishi lozim.


Kasalliklar, jumladan leykozni erta aniqlash davolash natijasiga katta taʼsir qiladi. Qanchalik erta tashxis qo‘yilsa, organizmga etkaziladigan zarar shunchalik kam bo‘ladi. Qon tizimi bilan bog‘liq kasalliklarda esa bu juda muhim, chunki qon butun organizm bo‘ylab aylanadi.


Hozirgi zamonaviy davolash usullari va protokollar, shuningdek yangi tibbiy mahsulotlar va qo‘llab-quvvatlovchi terapiyalar tufayli bu kabi kasalliklarda davolanish samaradorligi sezilarli darajada oshgan. Ilgari bemorlar bir necha oy ichida og‘ir asoratlar tufayli hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa, hozirgi kunda erta tashxis va zamonaviy davo usullari tufayli davolanish ko‘rsatkichlari 70–80 foizgacha etib bormoqda.


Bu esa tibbiyot uchun juda katta yutuq hisoblanadi. Shuning uchun ham bunday kasalliklarda eng muhim omil — erta aniqlash va o‘z vaqtida mutaxassisga murojaat qilishdir.




Feruza RAHIMOVA,


Ishonch.uz


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat