Jenisbek PIYaZOV: tomoshabinning munosabatidan zo'r operachilar san'atni tark etdi
Bugungi suhbatdoshimiz 20 ga yaqin nufuzli xalqaro tanlov va festivallar g'olibi, nafaqat O'zbekiston, balki bir nechta qardosh xalqlarning xalq artisti unvoniga sazovor bo'lgan opera xonandasi Jenisbek Piyazovdir.
Suhbatdoshimizning ijodiga ortiqcha ta'rifning keragi yo'q. Sababi, nafaqat O'zbekistonning, balki jahonning eng mashhur teatr va kontsert zallarida uning ariyalari yangragan. Shuningdek, Jenisbek opera vatani hisoblangan Italiyaning Milan shahrida jahonga mashhur La Skala teatri sahnasida qo'shiq kuylagan birinchi o'zbekistonlik hisoblanadi. Biz uni suhbatga chorladik.
– Jenisbek, faoliyatingizda yaxshi yangiliklar bor. Yaqinda “Piyazov akademiyasi”ni ochdingiz. U kimlar uchunligi haqida ma'lumot bersangiz…
– “Piyazov akademiyasi”da 3 ta yo'nalish bo'yicha dars o'tiladi. Bular opera, suxandonlik, estrada va maqom yo'nalishlaridir. Aslida, mazkur akademiyani ochish g'oyasi uch yil oldin paydo bo'lgandi. Yurtboshimiz bilan har gal uchrashganimda “San'atkorlardan san'at maktablari qolishi kerak, sen qachon o'z maktabingni ochasan”, deb motivatsiya berardilar. Xabaringiz bor, Italiyada professional opera yo'nalishida tahsil olganman. U yerdagi ijodiy muhitni shu yerdagi iqtidorli bolalar uchun yaratgim keldi. G'oya uch yil oldin boshlangan bo'lsa-da, tashkiliy ishlar o'ylantirar edi. Va nihoyat dars uchun ma'qul bo'ladigan joy topdik va ochishga erishdik.
– Asosiy maqsad qo'shimcha daromadmi yoki iqtodorlarni kashf etish?
– San'at maktablari katta daromad olib kelmaydi, eng avvalo, iqtidorli yoshlarni kashf qilmoqchiman. Moliyaviy xarajatlarimni asosan tadbir va to'ylardan qoplayman. “Piyazov akademiyasi”da italiyalik taniqli operachilar ham dars berishi ko'zda tutilgan. Shuningdek, har yili bir yoki ikkita o'quvchi grant asosida Italiyaga o'qishga yuboriladi.
– Zo'r san'atkor yaxshi pedagog degani emas, ustoz sifatida o'zingiz tayyormidingiz?
– Kontservatoriyada bir yil davomida talabalarga dars berdim. Mana shu davr mobaynida pedagoglik mahoratim oshdi. Talabalarimdan biri xalqaro tanlovda gran-prini qo'lga kiritdi, yana biri o'z yurtida dars bermoqda.
– Savolim balki g'alati tuyular, ammo xalq artisti unvoni yurtimizda asosan 45-50 yoshdan o'tgan san'atkorlarga berilar edi. Siz esa O'zbekiston va Qoraqalpog'iston va yana bir nechta qardosh davlatlarning xalq artisti unvonini oldingiz. Aslida, shu yoshda kutganmidingiz?
– Buni faqat omadga yo'yishim mumkin. O'zi qanday ishga qo'l ursam, ishim tez bitadi. O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist unvonini 2014 yilda olganman. Oradan yillar o'tib, 2021 yilda O'zbekiston va Qoraqalpog'iston xalq artisti unvonini oldim. O'tgan yili Boshqirdiston, shu yil esa Tatariston xalq artistiga munosib ko'rishdi. Davlatdan unvon olishning o'zi katta mas'uliyat. Hech qaysi san'atkorga osonmas. Qancha taniqli bo'lsang, shuncha ko'p dushmaning bo'larkan. Aytmagan gaplaring aytdiga, bormagan joying bordiga chiqadi. Mukofotning yaxshi tomoni esa katta kuch beradi. Yuksak mukofotni olganim bilan osmonga chiqib ketganim yo'q. O'zim ijodkorlardagi kamtarlikni yaxshi ko'raman, biroq “Jenis kamtarin yigit ekan” deb, boshimga chiqqanlari ham uchradi.
– San'atning opera yo'nalishi O'zbekistonda qay darajada rivojlangan?
– Bundan 15-20 yil oldin opera san'ati yaxshi bo'lgani bilan munosabat yomon edi. Esimda “O'zbegim yoshlari” bilan 2005-2007 yillarda poytaxtda kontsert qo'yadigan bo'ldik. Raqiblarimni taniyman, zo'rdan-zo'rlari bor. Ana shunday noyob iqtidorli ovoz egalari xalqning munosabatini ko'rib san'atni butunlay tark etishdi. Operachilar sahnaga chiqsa, zaldan “va-xa-xa”larning oxiri ko'rinmasdi. San'atimizni masxara qiladiganlar ko'p edi. Keyinchalik OAV orqali san'atning klassika turlari efirga ko'p qo'yildi. Hamkasblarim bilan suhbat chog'ida poytaxtimizdagi eng katta saroyda yakkaxon kontsertimni qo'ymoqchiman dedim. Yonimdagilar kulib,“orzuga ayb yo'q” deyishdi. Ilk yakkaxon dastur kutganimdan ham yaxshi o'tdi. Ilgari operada kuylaydigan xonandalar to'yga chiqmasdi, sababi, talab yo'q edi. Endilikda munosabat yaxshi tomonga o'zgargan, sohaga endi kirayotgan operachilar bu kasb bilan oila boqsa bo'lar ekan degan tasavvurga ega.
– Ukangiz Aqlbek Piyazovning opera imkoniyatlarini siznikidan ham yuqori deb bilaman. O'zingiz bu borada qanday fikrdasiz?
– Menga bu yerda raqobatchi kerakmas, shu bois ukamni Italiyaga o'qishga jo'natganman (kuladi). Opera vatani Italiyada uch yil o'qidim, tilini o'rgandim. Operada o'rgangan bilimlarim O'zbekistonda asqatsin, dedim. Professional operada o'zim yetishmagan rejalarga ukam erishishini xohlayman. Tan olaman, operada mendan ko'ra ukamning imkoniyatlari keng.
– Operada yaqin orada yarq etib chiqqan iste'dodlardan kimlarni bilasiz?
– Yaxshi vokalistlar ko'p. Kontservatoriyadan chiqib, teatrda ishlayotgan noyob ovozlar bor. Ammo, bu borada haqsiz, negadir yarq etib chiqib ketolmayapti. Operada ham yulduz bo'lish uchun katta mablag' yoki mashhur bo'lishga kuchli xohish lozim. Agar opera xonandasi teatrdan oladigan oyligim bilan kunim o'tayapti-ku, deb izlanmasa, muvaffaqiyatga erishishi qiyin. San'atkorlarning aksariyatida bitta fe'l bor, bir marta borgan joyida ishi bitmasa, qayta borgisi kelmaydi. Men lekin bu toifadan emasman (kuladi). Odamning kuni odam bilan shioriga amal qilaman va ishim bitmaguncha qo'ymayman.
– Maktabgacha ta'lim agentligida madaniyat va san'at bo'yicha maslahatchi lavozimida ishlaysiz. Tizimning shu bo'g'inida qanday kamchiliklar bor?
– Bolalar uchun o'zbek tilida qo'shiq va ertaklar kam. Yillar davomida bolalar, ayniqsa, bog'chadagi bayramlar uchun o'zbek tilida kuy-qo'shiqlar yaratilmagan. Bog'cha bolalari ham asosan rus tilidagi qo'shiqlarni aytib yuradi. Yutuqlarimiz ham yo'q emas. Shu yil “Xayr bog'cha, salom maktab” nomli kontsert dasturini bog'chalarda uyushtirdik, yangi qo'shiqlar yozdik.
Qolaversa, bog'chalarga sinov tariqasida velosipedlar tarqatishni Xorazmdan boshladik. Xayrli ishimizni respublikamiz bo'ylab amalga oshirmoqchimiz. Rejada boshqa qilinishi lozim bo'lgan ishlarimiz ham ko'p.
– Aksariyat san'atkor erkaklar farzandlarining tarbiyasini ayoliga topshirgan. Ulardan biri bolalarining hatto tug'ilgan kunini ham bilmasligini tan olgan edi. Bu borada siz qanday otasiz?
– E'tiborli otaman. To'rtta o'g'limning ham tug'ilgan kunini yoddan bilaman (sanalarni sanab ketdi). Farzandlarimning qiziqishlari men uchun qiziq. Qoyil qolganim barchasida san'atga qiziqish yuqori.
– Estrada xonandalari bilan duet kuylaganingizda endi shu yo'nalishda ijod qilsangiz kerak deb o'yladim…
– To'g'ri, o'zimdan ham yo'nalishingizni o'zgartirdingizmi, deb so'raganlar ko'p bo'ldi. Andrea Bochellini butun dunyo eshitadi, aslida uning yo'nalishi to'liq opera emas. Klassika janriga ko'proq tushadi. Biz ham shu yo'nalishda qo'shiq kuylayotganimizning sababi, ijod ortidan oila boqamiz. To'y – san'atkorning tirikchilik manbai. Bu to'yga moslab qo'shiq kuylayman degani emas. Misol uchun 1000 dollarga orkestr bilan kontsert qo'yish yoki 5000 dollarlik to'y bo'lsa, jamoa bilan orkestrda kuylashni tanlayman. Undan oladigan gashtni hech narsaga almashmayman...
– Har bir odamning ichida boshqa bir odam yashaydi deyishadi. Sizning-cha ham shundaymi? Gohida qaysidir qarorlaringizdan afsus qilgan paytlaringiz bo'lganmi?
– Yoshlikda bunday qarorlar ko'p bo'lgan, hozir yetti o'lchab bir kesishga odatlanganman.
– Ko'rinishingizdan beg'am, tashvishsiz insonga o'xshaysiz, aslidayam shundaymi?
– Hayotimda tushkunlik holatlari ham kuzatiladi, biroq o'zimga olmayman. Ustozim sening yuzingda doim “no problem” derdi. Haqiqattan beg'am insonga o'xshayman, buni ko'pchilik aytgan. Menda ichki xotirjamlik bor. Ilgari arzimagan narsaga asabiylashardim, bu faqat o'zimga ziyon bo'layotganini ko'rgach o'zgardim. Hayot menga berayotganini xursandchilik bilan qabul qilaman va o'zim ham boshqalarga beraman. Qancha berganim sari o'zimga undan ko'p bo'lib qaytayapti.
– Salbiy xislatlaringiz…
– Bir martta yomon ko'rgan odamim bilan qayta gaplashib ketolmayman. Kechirishim qiyin. Shu odatimni hech yo'qotolmadim...
– Jenisbek bolalik xotiralarini qanday yodga oladi?
– Bolaligim istiqlolning ilk yillariga to'g'ri kelgan. Og'ir davr edi. Turmushning og'irini maktabda 2-sinfda o'qiyotgan paytlarimdayoq his qilganman. Garchi san'atkorlar oilasidan bo'lsak-da, non topib yeyish oson bo'lmagan.
Oilada 6 nafar farzandmiz. Endi ulg'ayib, ota-onamizga tirgak bo'lyapmiz. Matematikaga qiziqishim yuqori bo'lgan, biroq ko'p dars qoldirganim uchun fanni chuqur o'rgana olmadim. Yoshim sal ulg'aygach, estrada, baxshichilik, keyin klassikani o'rgandim...
“Ishonch.uz” muxbiri
Feruza RAHIMOVA suhbatlashdi
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0