Xorijdagi vatandosh: “Pulingiz bo'lsa, Dubayda taksiga vertolyot chaqirasiz”
“Milliarderlar poytaxti” deb nom olgan Dubayni “Dunyo bo'yicha eng qimmat va sayyohlar eng ko'p tashrif buyuradigan shaharlardan biri” deb bemalol aytish mumkin.
Er yuzida o'zbeklarning qadami yetmagan manzil bo'lmasa kerak. Bugun yurtdoshlarimiz nafaqat Dubayga sayohat va ish uchun balki yashash uchun ham intilmoqda. Dubaydan uy sotib olayotgan o'zbeklar soni ham kundan-kunga ortib bormoqda.
“Xorijdagi vatandosh” loyihamiz bo'yicha Dubayda ko'p yillardan beri ko'chmas-mulk savdosi bilan shug'ullanayotgan yurtdoshimiz Sherzod Azimqulov bilan suhbat uyushtirdik. Suhbat davomida Dubaydan qanday qilib uy olish mumkinligi, yashash uchun qulayligi va xalqining muhojirlarga bo'lgan munosabati haqida bilib olasiz.
— Avvalo, siz bilan yaqindan tanishib olsak – Dubayda qachondan beri yashayapsiz?
— Dubayda oilamiz bilan 17 yildan beri yashaymiz. Bu yerda ko'chmas mulk savdosi bilan shug'ullanaman.
— Yurtdoshlarimiz Dubaydan uy olish uchun qanday bosqichlardan o'tishi lozim?
— Dubaydan uy olish uchun pul bilan pasport bo'lsa kifoya. Ko'pchilik yurtdoshlarimiz “bu yerning qonun-qoidalari qattiq bo'lgani uchun rezident bo'lish kerak” deb o'ylashar ekan. Ko'chmas mulk xarid qilmoqchi bo'lgan odam bemalol o'z nomiga uy olish, ijaraga berish yoki kimgadir meros qoldirish huquqiga ega. Dubay hamma uchun ochiq shahar. Investerlarni sevadi! Garchi ko'chmas mulk xarid qilgan odamga fuqaroligini bermasada, uy olgan odam qonunan mulkdor sanaladi. Uyning narxidan kelib chiqib, ikki yilllik, besh yillik va ko'p yillik viza beriladi. Viza muddati tugagandan so'ng, yana bemalol muddatini uzaytirib olish mumkin. Umuman olganda, Dubaydan uy olishning foydali tomonlari ko'p. Birinchi sababi – yashash uchun dunyodagi eng xavfsiz shaharlardan biri.
— Bizning tushunchamizda o'rtacha bo'lgan ikki xonalik uy misolida ko'chmas mulklarning o'rtacha narxlari bilan tanishtirsangiz.
— Uyning qaysi tumandaligiga bog'liq. Oilaviy yashash uchun qulay bo'lgan tumanda ta'mirlangan uylarni 200-250 ming dollar atrofida xarid qilish mumkin. Bu yerda uylarni boshqa davlat fuqarosi bo'lsa ham muddatli to'lov asosida olishi mumkin. BAAda ko'chmas mulk xarid qilgan odam odatda puldan yutqazmaydi. Aksincha yuqori daromad oladi.
Dubay osmono'par binolari bilan mashhur, ammo shunday bo'lishiga qaramasdan uy atroflarida yashil hududli bog'lar, bolalar o'yingohlari, rejalangan parkova tizimi, basseyn va fitnes zallari bor. Bu har bir uyning oldida bo'lishi kerak bo'lgan infratuzilmalardir.
Agar uy 10 yil davomida ta'mirtalab holga kelsa yoki uy texnikalari bir yil ichida buzilsa, uyni qurgan kompaniya bepul ta'mirlab beradi. Bitta uyga bitta mashina uchun bepul parkovka beriladi. Mendan ko'pchilik uy olayotganda nimalariga ahamiyat qaratish kerak, deb so'raydi. Eng avvalo uyni kim qurayapti? Quruvchi tashkilotning yana qaerda qanday binolari foydalanishga topshirilgan? Qolaversa, uy lokatsiyasi ham muhim o'rin egallaydi.
— Dubayda siz hayratlangan holat?
— Eng havas qilganim bu yerda irqchilik, mahalliychilik o'zaro urush-janjal yo'q. Xotin-qizlarning huquqlari rivojlangan. Jamoat transportida ayollar va bolalar uchun maxsus vagonlar bor.
— Dubayda yurtdoshlarimiz qanday ishlarda ishlashadi?
— Eng oddiy ishlardan tortib, katta firmalarning rahbari lavozimlarida ishlaydiganlari ham bor.
— Jamoat transporti haqida ham suhbatlashsak, unda harakatlanish qulaymi?
— Dubayda jamoat transporti juda qulay tuzilgan. Metro, tramvay, qayiq, avtobus va taksidan foydalanish mumkin. Dubay metrosi dunyo bo'yicha eng rivojlanganlaridan biri deb bemalol ayta olaman. Ya'ni avtomatlashtirilgan va mashinistsiz boshqariladi. Jamoat transportida faqat va ayollar uchun alohida vagonlar bor va bu uchun turli ta'rifdagi kartani sotib olishning o'zi kifoya. Сhiptalar o'rtacha 2 dollardan boshlanadi. Metro va avtobuslar soat 05:00 dan boshlab harakatlanadi. Dubay bekatlari o'zining konditsionerli va wi-figa ega ekanligi bilan ham mashhur.
Dubayda taksidan foydalanish qimmat. Bu yerda faqat ayollar uchun mo'ljallangan taksilar ham bor. Ularning rangi odatda pushti bo'ladi. Dubayda tez kunlarda dron taksilar ham yo'lga qo'yiladi. Sinov parvozlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Dubayda agar pulingiz bo'lsa, Uberda vertolyot chaqirsangiz ham bo'ladi. Jamoat transportida erkaklarning joyiga ayollar bemalol kirib o'tirishi mumkin, lekin ayollar uchun mo'ljallangan qismga erkaklarning o'tishi ta'qiqlanadi. Agar bu holatga politsiyaning ko'zi tushsa, aniq jarima to'lashga to'g'ri keladi.
— Migrantlarga bo'lgan munosabat qanday?
— Dubayda o'zining tub aholisi judayam kam. Aksariyat sohalarda migrantlar faoliyat yuritadi. Ochig'i, tasavvurimdagi Dubay umuman boshqacha edi. Bu yerga kelguncha, hamma arab tilida gaplashadi deb o'ylagan edim. Haqiqiy arablar, tub aholi kam, 1 mln atrofida. Pokistonliklar, filippinlar va ayniqsa, hindlar judayam ko'p. Odam ajratish degan tushuncha bu yerda yo'q. Hamma millat qadrlanadi. Arablar mehmondo'st. Bu yerda hech kim bir-biriga qo'pol ohangda gapirmaydi.
Aholisi mehmondo'st bo'lsada, BAAning qonunlari qattiq. Janjallashish, mushtlashishga ham jazo og'ir. Buni kelayotgan turistlar ham, tub aholisi ham yaxshi biladi va bu holga tushmaslikka harakat qiladi. Agar siz muhojir bo'laturib, kim bilandir janjal qilsangiz, eng avvalo ishingizdan ayrilasiz va yurtingizga qaytasiz, chunki mamlakat deportatsiya qiladi.
Dubay dunyodagi eng tartibli shaharlardan biri. Qonun barcha uchun barobar. Bunga hamma bo'ysunishga majbur. Siz tunda shahar bo'ylab yurib, xavfsizligingiz va mol-mulkingizdan havotirga tushmasangiz ham bo'ladi. Eng rivojlangan mamlakatlar ham Dubaychalik xavfsizlik darajasi bilan maqtana olmaydi. O'qishni tugatgan talabaga vaqtinchalik viza beriladi. Bu vaqt oralig'ida ish va munosib yashash uchun uy topsa bo'ladi. Dubayning yana bitta ijobiy tomoni kar'era tez rivojlanadi.
Dubay 4 fasl yozdan iborat bo'lgan shahar. Jazirama davlat bo'lsada, sayyohlar bu havoga tez moslashadi. Bir so'z bilan aytganda, pul bo'lsa zo'r dam oladigan kurort shahar. Turizm, texnika,savdo-sotiq, iqtisod eng rivojlanib ketgan davlatlardan biri.
— Ishga kirish qoidalari haqida ham ma'lumot bersangiz.
— Dubayga kelgan muhojir ish topishi til bilish darajasi, kasbi, tajribasiga bog'liq. Ayniqsa nufuzli joylarga ishga joylashishi qiyin va buni avvaliga to'g'ri qabul qilish kerak. Dubayda eng muhimi – tajriba. O'zbekistondan kelganlarning aksariyati muhitga moslashish uchun ofitsiant bo'lib ishga joylashadi. Sotuvchilik va turizmda, menejerlikda ishlaydigan yurtdoshlarimiz ham talaygina. Dubayda ish soati bir kunda 9 soatdan oshmasligi kerak. Ramazon oyida ish soatlari yanayam qisqartiriladi.
Tanishlarim Dubayga borib ishlash uchun eng avvalo nima qilish kerak deyishadi. Avvalo ingliz tilini zo'r bilish zarur! Dubaydagi bo'sh ish o'rinlari doimiy tarzda maxsus saytlarda chiqib turadi. Yaxshi mutaxassis bo'lib kelish kerak, qora ishchi bo'lib kelishni tavsiya qilmayman.
—Ta'lim tizimi haqida ham gapirib o'tsangiz.
—Dubayda ta'lim olish biroz qimmat. Aksariyat davlatlar qatori bu yerda ham maktab o'quvchilari uchun 9-sinfgacha majburiy ta'lim bor. O'zining aholisi uchun ta'lim olish qimmatga tushmaydi, sababi daromadi yuqori. Xorijdan borganlar esa ta'lim olayotganda moliyaviy qiyinchilikka duch kelishi mumkin.
Biroq, ta'lim sifati juda zo'r. Bu yerda oliy o'quv yurtlari faoliyati uchun ideal sharoit yaratilgan. AQSh, Shveytsariya, Buyuk Britaniya, Bel'giya, Avstraliyaning eng nufuzli universitetlarining filiallari mavjud va talabalar shu uchun ham Dubayda tahsil olishga intiladi. Hukumat mamlakatning muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun yuqori malakali xodimlar zarur, deb hisoblaydi va har yili minglab talabalarni qabul qiladi.
Dubaydagi ta'lim tizimi ta'limni xorijiy tillar bilan yanada kengroq integratsiyalashga qaratilgan. Ulardan biri ingliz tilida o'qitish bo'lib, ko'plab darsliklar ingliz tilida o'qitilmoqda. Bundan tashqari, ta'lim arab va boshqa tillarda olib boriladigan maktablar mavjud. Qolaversa, Dubay talabalari uchun ko'plab ish imkoniyatlari mavjud. Dubayning yuqori sifatli iqtisodiyoti va rivojlanayotgan tarmoqlari talabalarga turli sohalarda ish imkoniyatlarini taqdim etadi. O'z-o'zini rivojlantirish va tajribasini oshirish talabalar uchun o'z mutaxassisligiga mos ish topish uchun juda muhim bo'ladi. Ta'lim tizimi AQSh, Kanada va Yevropa tajribasiga asoslangan. Universitetlarda asosan xorijlik pedagoglar dars beradi.
Feruza Rahimova, ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0