BMT, Finlyandiya va Niderlandiya O‘zbekistonning suv sohasidagi islohotlarini yuqori baholadi
O‘zbekistonning suv resurslarini boshqarish sohasida amalga oshirayotgan islohotlari xalqaro maydonda tobora keng eʼtirof etilmoqda. Bu BMT, Finlyandiya va Niderlandiya rasmiylari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda yana bir bor taʼkidlandi.
BMT Bosh kotibi o‘rinbosari hamda BMT Taraqqiyot dasturi administratori o‘rinbosari Xaolyan Syuy O‘zbekiston suv xo‘jaligida qisqa vaqt ichida erishgan natijalar va innovatsion echimlarni joriy etish surʼatlari katta taassurot qoldirganini bildirdi. Uning taʼkidlashicha, bu yutuqlar Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy samarasidir. BMT Taraqqiyot dasturi ushbu sohadagi hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini maʼlum qildi.
BMT Bosh kotibining iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Li Tszyunxua bilan muzokaralarda suv xavfsizligi va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, O‘zbekiston tashabbusi bilan Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Suv tejash bo‘yicha Butunjahon forumiga BMT maqomini berish hamda uni doimiy global muloqot maydoniga aylantirish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. BMT mazkur forumni yuqori darajada tashkil etish uchun har tomonlama ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.
Finlyandiyaning suv masalalari bo‘yicha maxsus elchisi Antti Rautavaara O‘zbekistonda suv xavfsizligi davlat siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylanganini yuqori baholadi. Uchrashuvda transchegaraviy suv resurslarini boshqarish, BMTning xalqaro suv konventsiyalari doirasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda davlat, ilm-fan va xususiy sektorni birlashtiruvchi Finnish Water Forum tajribasini Markaziy Osiyoda joriy etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Niderlandiyaning suv resurslari bo‘yicha maxsus vakili Mayke van Ginneken bilan uchrashuvda iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslarini boshqarish, transchegaraviy hamkorlik va Evropa tajribasi yuzasidan fikr almashildi. Niderlandiya tomoni hatto suv resurslariga boy mamlakatlarda ham suv tanqisligi dolzarb muammoga aylanayotganini taʼkidlab, bu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikning ahamiyati oshib borayotganini qayd etdi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan suv islohotlari yuqori baholanib, hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorlik bildirildi.
Uchrashuvlar yakunlari O‘zbekiston suv resurslarini samarali boshqarish, suv diplomatiyasini rivojlantirish va barqaror taraqqiyotni taʼminlash borasida xalqaro hamjamiyatning ishonchli hamkori sifatida o‘z mavqeini mustahkamlab borayotganini yana bir bor namoyon etdi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0