Bog‘chalarda bolalar xavfsizmi?
Бугунги кунда болаларни ҳимоя қилишга қаратилган қатор қонунлар жорий этилаётганига қарамай, баъзилари ҳамон тазйиқ остида қолмоқда. Айниқса, боғчаларда кичкинтойларга нисбатан зўравонлик, озиқ-овқатдан заҳарланиш, тарбиячилар назорати ва масъулиятининг етишмаслиги, шунингдек болаларда психологик травмалар учраб турибди.
Bugungi kunda bolalarni himoya qilishga qaratilgan qator qonunlar joriy etilayotganiga qaramay, baʼzilari hamon tazyiq ostida qolmoqda. Ayniqsa, bog‘chalarda kichkintoylarga nisbatan zo‘ravonlik, oziq-ovqatdan zaharlanish, tarbiyachilar nazorati va masʼuliyatining etishmasligi, shuningdek bolalarda psixologik travmalar uchrab turibdi.
Yurtimizda millionlab bolalar bog‘chalarga qatnaydi. Maʼlumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 7 mingga yaqin davlat bog‘chalari faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, 1 733 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi, 1 440 ta xususiy hamda 29 196 ta oilaviy nodavlat bog‘cha mavjud. Maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasi 78 foizni tashkil etadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarbiyachilar qo‘pol munosabatda bo‘layotgani haqidagi xabarlar tez-tez uchrab turibdi. Holbuki, ota-onalar farzandlarini bog‘chaga ular zo‘ravonlikka duchor bo‘lishi, sog‘lig‘i yomonlashishi uchun emas, balki bilim olishi, tarbiya topishi va xavfsiz muhitda ulg‘ayishi uchun yuboradi.
Yaqinda Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu borada zarur choralar ko‘rilayotgani qayd etildi. Mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan qator loyihalar ishlab chiqilayotgani taʼkidlandi.
Biz bu kabi holatlarning oqibatlari va echimlari haqida jiddiy choralar ko‘rishimiz kerak. Bu masalaga echim sifatida bog‘cha tarbiyachilari uchun bir qancha metodlarni qo‘llash zarur. Ular ishga olinishidan oldin psixologik suhbatdan o‘tishlari, oilasidagi salbiy vaziyatlarni o‘rganish, turmush o‘rtog‘i bilan munosabati va bolalariga muomalasi qandayligi bilan tanishish zarur. Bundan tashqari, har oyda tarbiyachilar uchun o‘quv – treninglar joriy etilishi muhim. Bu bolalar xavfsizligi uchun, oz bo‘lsa-da, echim bo‘la oladi.
Bolalarga nisbatan zo‘ravonliklar sodir etilaverar ekan, vaziyat tobora yomonlashadi. Birinchidan, bolalarda psixologik travmalar, duduqlanib qolish holatlari kuzatiladi. Bundan tashqari, bog‘chalarda kameralar orqali kuzatuv tizimini yo‘lga qo‘yish lozim. Kerak bo‘lsa, har bir xona uchun alohida kamera o‘rnatilishi va ular ota-onalarga bog‘langan bo‘lishi shart. Shundagina farzandlar xavfsizligi nazorat ostida bo‘ladi va ularga bog‘liq turli salbiy holatlarning oldi olinadi.
Eng muhimi, har bir masʼul shaxs o‘z vazifasiga jiddiy yondashsa, bolalar salomatligi ishonchli himoya ostida bo‘ladi.
Dilovar ShOYMURODOVA,
O‘zDJTU xalqaro jurnalistika talabasi



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0