“Boychechak-boychechak, kutib oling oy checha!” unutilayotgan bayramlar
Boychechak ilk bahor darakchisidir. Shuning uchun ham Sharq xalqlari bu gulning ochilishini ko'klam nishonasi deb bilishgan.
Ilk bahorda tug'ilgan qizlarga “Gulbahor”, “Gullola”, “Bahoroy” deb ism qo'yishgan. Bundan tashqari, “Boychechak” mavsum qo'shig'i ham keng tarqalgan. Bu qo'shiq qadimiy urf-odatlar bilan bog'langan. Erta bahorda bolalar to'da-to'da bo'lishib, qir-adirlardan boychechak qidirishgan. Kim birinchi bo'lib boychechakni topsa, uni baxtli hisoblashgan. Bolalar topib olgan boychechaklarini bekitib olib, hovlima-hovli yurib qo'shiq aytishgan. Boychechak qo'shig'ini eshitgan odamlar shunday kunga yetib kelganiga shukr qilib, quvonishgan. Ayniqsa, bemorlar bu qo'shiqni jon-dilidan sevishgan. Ular bahor kelganini bilib, o'zlarini yengil his qilishgan.
Boychechak katta qo'shiq bo'lib, turli mavzularga atalgan baytlardan tarkib topgan. Bu qo'shiqni hamma ham ayta bermagan. Har bir qishloqda “Boychechak” qo'shig'ini ijro etadigan alohida kishilar bo'lgan. Ular bu qo'shiqni “yor-yor”, “o'lan” usulida aytishgan.
Bolalar boychechaklarni avval qariyalarga berishga intilishgan. Сhunki ular boychechakni g'oyat qadrlashgan. Bu gul ularga qishdan eson-omon chiqqanligi, yana bahor kelib, yangi hayot boshlanganidan dalolat bergan. Shuning uchun ham qariyalar boychechakni ko'zlariga surtib, “Omonlik-somonlik, hech ko'rmaylik yomonlik, yanagi shu kunlarga eson-omon yetaylik” deb yaxshi niyatlar qilishgan.
* * *
Yaqin davrlargacha saqlanib kelgan bolalarning boychechak bayrami haqida M.Asqarov va B.Sayramov Quyidagilarni eslab yozishadi: “Bolalik paytlarimizda, erta bahorda, hali so'nggi qorlar erimay, qirlarga boychechak izlab ketardik. Ular xuddi turna ko'zlariga o'xshab qor erigan xushmanzara joylarda porlab chiqsa, yetti dona yulib, qishloqqa qaytardik. Ovulda bizni buvilarimiz, amma-xolalarimiz kutib olishib, yuzlarimizdan cho'lp-cho'lp o'pishar edi. Boychechaklarni esa qosh-ko'zlariga uch martadan siypab “Omonlik-somonlik, yil bo'yi ko'rmaylik yomonlik”, – deyishardi. Boychechak ko'targan bolalar ko'cha bo'ylab yugurishib hovlilar darbozalari oldida to'xtashib “Boychechak-boychechak, kutib oling oy checha!” (shevaga xos so'z bo'lib, “checha” yanga, kelinoyi demakdir) deb qichqirishardi. Uydan birorta juvon chiqib, bolalarga meva-cheva sovg'a qilar edi. Bolalar esa “Gul keltirdik eshigingizga, qo'chqorday o'g'il bersin beshigingizga” deb yana yugurib ketishardi. Bu bolalar uchun ham, farzand tilaguvchi juvon uchun ham bayram edi.
Boychechak bayrami turli joylarda o'ziga xos tarzda nishonlanadi. Masalan, Urgut tumanidagi Balandqishloq degan joyda boychechak bayrami alohida tayyorgarlik ko'rilib nishonlanadi. Yanvar' oyining oxirlari, fevralning boshlarida kunlar isib, qorlar asta-sekin eriy boshlagach, kungay yerlarda boychechaklar ko'karib, gullarini ko'z-ko'z qila boshlashi bilan qishloq yigitlari boychechakning piyozini kovlab olib, uni loyi bilan avaylab saqlaydilar. Bayram kuni (ko'pincha yakshanba kuni) oldindan belgilanadi. O'sha kuni 15 yosh va undan katta yoshdagi o'spirinlar milliy kiyimlar kiyishib, boychechak qo'shig'ini aytishib, qishloq ko'chalari bo'ylab aylanadilar.
Ular biror xonadon eshigi oldiga kelishganida hammalari birdan:
– Boychechak – boychechak, boychechak – deya kelganlarini bildiradilar. Shundan so'ng, jo'raboshi shirin ovozda:
– Qattiq yerdan qaltirab chiqqan boychechak,
Yumshoq yerdan yumalab chiqqan boychechak, – deb qo'shiqni boshlab beradi. Qolganlar esa bir ovozdan “Boychechak, boychechak”, deb jo'r bo'ladilar.
Boshlovchi:
Boychechak bahor kelsa ochiladi,
Yaxshilarning boshiga sochiladi.
Birga: Boychechak, boychechak!!!
Boshlovchi: Boychechakni avaylab ko'zga surtsa,
Yuzga kirgan kampir ham yosharadi.
Birga: Boychechak, boychechak!!!
Ariqchadan hatlagan, qo'yning izi,
Mashrabi belbog' tikar uyning qizi.
Boychechak! Boychechak!!!
Mashrabi belbog'ingiz belimizda,
Alqab-alqab ketaylik yo'limizga.
Boychechak! Boychechak!!!
Shundan so'ng, xonadon keksasi bahor elchilari qoshiga keladi. O'smirlar salom beradilar. Xonadon egasi alik olib, boychechakni talab qiladi. Bolalar unga boychechakni berishib, boychechak bayrami bilan tabriklashadi.
Xonadon egasi boychechakni olib, qosh-ko'ziga surtib, deydi:
– Omonlik-somonlik. Hech ko'rmaylik yomonlik!
Ular butun qishloqni shu tariqa aylanib chiqadilar. Hamma xonadon egalari ularga suyunchi beradi. Bu suyunchilarni to'plab. Uning hisobidan katta bir qo'y olib so'yishadi. Shu kuni qishloq ahli uchun katta doshqozonda osh damlanadi.
Osh birinchi navbatda qishloq keksalariga, bayramga kelolmagan bemorlarga, azador xonadonlarga ulashiladi, ularning duosi olinadi. O'sha kuni qishloqda bayram bo'lib, bolalar varrak uchirishadi, kurash bo'ladi, chillak o'yini boshlanadi. Bayram kechgacha davom etadi.
Usmon QORABOEV,
Kamoliddin Behzod nomidagi
Milliy Rassomlik va dizayn instituti professori,
falsafa fanlari doktori
PS: Bugun boychechak bayrami keng nishonlanmaydi. Faqat Navro'z sayllarida uning ayrim uchqunlarinigina ko'rishimiz mumkin. Odamlarni birdamlikka, yoshlarni keksalarni qadrlash va e'zozlashga chorlaydigan bu bahoriy bayram hech qachon unutilmaslgini istagan holda ushbu maqolani taqdim etmoqdamiz.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0