Bozorda go'sht 65 ming so'm: shu narxga ishonsa bo'ladimi?
Narx-navo o'zgarishi haqida gapirilsa, odatga aylanib ketgan jumla bor: falon yili go'shtning kilosi qancha edi? Go'sht shunday mahsulotki, butun bir davrdagi iqtisodiy holat haqida uning narxidan kelib chiqib tasavvurlar yaratiladi. Bozorda go'shtning narxi odamlarning kayfiyatigacha ta'sir qiladi. Hatto tegishli idoralar ham uning qiymatiga alohida e'tibor beradi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi e'lon qilgan ma'lumotlarga ko'ra, Toshkentdagi Eski Jo'va bozorida mol go'shtining bir kilogrammi 65 ming so'mdan boshlanarkan. Yanayam qizig'i, keltirilgan jadvalda eng qimmat go'sht narxi 98 ming so'm etib ko'rsatilgan. Qo'y go'shtida bu ko'rsatkich 100 mingni tashkil etadi. Bizda qaysidir mahsulot narxi ko'tarilsa, qaytib tushganini deyarli ko'rmaymiz, ammo bu go'sht bilan bir necha marta sodir bo'lgan.
Ammo go'sht narxining majburan tushirilishi jamiyatga, iqtisodiyotga foydadan ko'ra zarar keltiradi. Ayniqsa bu ma'lumotni Iqtisodiyot va moliya vazirligi kabi tashkilot qayd etsa bu jiddiy signaldir. vazirlik yirik hukumat tashkiloti bo'laturib, bozorlardagi real narxlardan ancha past ko'rsatkichlarni keltirgani hayratlanarli. Bunday raqamlarni faqat Iqtisodiyot vazirligi keltirgan emas. 2025 yil avgust oyida Toshkent shahar hokimligi poytaxt bozorlari rastalarida arzonlashtirilgan go'sht mahsulotlari haqida ma'lumot bergan. Unda mahalliy mol go'shti 85 ming so'mni, qo'y go'shti esa 90 ming so'm (!)ni tashkil etishi aytilgan. Shunday bo'lsa ham, asosiy narxlar pasayib ketgani kuzatilmadi. Yoki bozorlarda faqatgina rasmiylar ko'zi uchungina cheklangan narxlar asosida go'sht sotilmoqdami? Ziddiyatli raqamlar ketidan savollar quyilib kelaveradi...
vaziyatni o'z ko'zimiz bilan ko'rish maqsadida bir qancha bozor va supermarketlarda go'sht narxlarini ko'zdan kechirdik. Masalan, birgina Toshkent viloyatining qator tumanlarida dehqon bozorida mol go'shti 130 ming so'mdan sotilmoqda. Qo'y go'shti 150 ming so'm, qazi (ot go'shti) esa 200 mingdan 250 ming so'mgacha. Respublikamiz bo'yicha esa bugun mol go'shtining real o'rtacha qiymati 130-140 ming so'mni tashkil etadi. Lahm go'shtning narxi esa bundan ham yuqoriroq. Qo'y go'shtining narxi esa 150-160 ming so'mni tashkil etadi. Yetakchi supermarketlarda go'sht 100-160 ming so'mdan sotilyapti.

Xo'sh, go'sht narxini sun'iy tushirish va uni ommaga e'lon qilish bizga necha pulga tushadi?
Birinchidan, arzon go'sht sifatli va raqobatbardosh bo'lmaydi. Qassoblar unga ko'p suyak va yog' qo'shishga majbur bo'ladi. Shunki, yuqoridan “qat'iy narx” haqida buyruq olgach, vaziyatni boshqa yo'llar bilan o'nglash lozim. Arzonga sifatsiz va yomon go'sht olgan xaridor yana qaytib shu mahsulotni xarid qiladi deb kim kafolat beradi? U boshqa joydan qimmatroq bo'lsada, sifatli va o'ziga ma'qul mahsulotni xarid qiladi. Shu yerning o'zidayoq “arzon go'sht jarayoni” muvaffaqiyatsiz ekani ayon bo'ladi.
Ikkinchidan, bizda mahalliy go'shtni odatda oddiy dehqonlar yetishtiradi. Bugun ekologik vaziyat taranglashib, qurg'oqchilik kuchaymoqda, suv, yaylov, yemish masalalari avvalgidek emas. Avvalgidek, dala-dashtlarga mol yoki qo'y boqib yurish kamaymoqda, chunki hududlardagi o'tloqlar, yaylovlar talabga javob bermay qo'ygan. Ko'pchilik bozordan yem-xashak sotib olib, jonliqni boqishga majbur. Ya'ni, go'sht yetishtirishning o'ziyoq katta xarajatga aylanmoqda. Bundan tashqari bu yil ayrim hududlarda qoramollarda kasallik tarqalishi kuzatildi. Mazkur omil ham chorvachilikka anchagina sinov bo'ldi. Shorva hayvonlarini yetishtirish shunday qiyin bo'lib turgan vaziyatda, go'sht narxi qanday qilib arzon bo'lishi mumkin, degan savol tug'iladi. Sun'iy narxlar joriy etilsa, bir-ikki so'm ilinjidagi fuqaro ham qoramol boqish fikridan voz kechadi va bu yana iqtisodiyotga yuk bo'lib tushadi.
Uchinchidan, bizda odamlar go'sht narxidan doimo boxabar bo'lib turadi. Arzon mahsulot kishilarda turli-shubha gumonlar tug'diradi (qoramolning sog'lig'i, yoshi va hokazo omillar). Aholi daromadlari va turmush sifati oshib borayotgan davrda ko'pchilik yuqori sifatli mahsulotni tanlashi tabiiy.
Shu o'rinda bir omilni ko'zdan qochirmaslik kerak. Bizda asosan mahalliy tarzda yetishtirilgan go'shtga talab juda katta. Joriy yil go'sht rastalarida Mo'g'uliston, Hindiston va Belarusdan keltirilgan muzlatilgan va hamyonbop go'shtlar ko'paydi. Hozirda hatto bir kilo mahalliy go'sht bahosiga deyarli ikki kilo muzlatilgan et olish mumkin. Ammo qassoblarga ko'ra, odamlar baribir mahalliy go'shtlarga e'tiborini ko'proq qaratmoqda. Bizning kuzatuvlarimizga ko'ra ham muzatilgan go'shtlarning kirib kelishi mahalliy mahsulotlarning qiymatini sindira olmadi. Aslida muzlatilgan go'shtlar ham yechim emasdek ko'rinadi. Shunki Belarus, Mo'g'uliston olis mamlakatlar sanaladi, o'rtada minglab kilometr masofa bor. Aviatsiya yoki temiryo'l orqali yuk tashilganda bu anchagina mablag'ni talab qiladi. Yana logistika va boshqa xarajatlar ham bor. Ya'ni, muzlatilgan 60-70 ming so'mlik go'shtni keltirish ham davlatga oson tushmasligi aniq...
O'zbekistonda eng ko'p go'sht yetishtiriladigan viloyat bo'lmish Qashqadaryoda istiqomat qiladigan qassob Elbek Muhammadiev bilan suhbatlashdik. Uning aytishicha, bozorlarda muzlatilgan go'sht va narxi arzonlashtirilgan mahsulotlar ham serob. Ammo xalq baribir odatiy va mahalliy hisoblangan go'shtni xarid qilmoqda. “Qishlog'imizda odamlar mahalliy sharoitda yetishtirgan qoramollarni so'yib tarqataman. Ishonsangiz, 300 kilogrammlik ho'kizlar 3-4 soatda tarqatiladi. Talab kattaligi birinchi omil. Ikkinchidan, aholi go'shtga alohida masala sifatida qaraydi. Uning kelib chiqishi va holatiga katta e'tibor beriladi. Ishonchli va yaxshi mahsulotni qimmatroq bo'lsa ham olishyapti”, odamlar deydi u. Qassobning qo'shimcha qilishicha, viloyatda mol go'shtining o'rtacha qiymati 130 ming so'mni tashkil qiladi. Yil boshida esa bu ko'rsatkich 110 ming so'm bo'lgan. Demak, ishonchli tarzda qimmatlashda davom etmoqda. Uning narxiga ta'sir ko'rsatish, arzon narxlarni majburan osib, ochko yig'ish salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Go'sht bo'yicha munosabat xuddi boshqa mahsulotlar kabi bo'lishi kerak. Masalan, bu yil hududlarda uzum narxining qimmatlashgani kuzatildi. Masalan, 2024 yilda o'rtacha 5 mingdan sotilgan toypi navi bu yil 9-10 ming so'mdan pullangan. Bunga yetishtirilgan mahsulot hajmining kamroq ekani sabab qilib keltirilgan. Go'sht narxi ham mana shunday erkin bo'lishi kerak. Narxlarga aralashish noto'g'ri iqtisodiy siyosat ekanini jahon tajribasi isbotlab bo'lgan.
Argentina davlatini olaylik. Bir paytlar Argentina jahonning rivojlanib borayotgan davlatlaridan biri edi. Ammo noto'g'ri iqtisodiyot siyosat tufayli mamlakat asrimizning o'zidayoq ikkita katta inqirozni boshdan kechirdi. Hukumat ishchilarga pul to'lash uchun ortiqsa mablag' chop etdi, narxlarni tushirish orqali xalqqa yoqishga urinildi. So'nggi paytlarda Argentinada go'sht narxining keskin oshishi kuzatilmoqda. Argentina sifatli go'sht yetishtirish bo'yicha jahonga mashhur. Ammo go'shtning katta qismi Xitoyga pullanmoqda. Taklifning kamligi va Xitoy omili go'sht narxining oshishi va aholi xarid qobiliyatining pasayib ketishiga olib keldi.
O'zbekistond ham go'sht qimmatlashib borayotgan mahsulot sanaladi. Markaziy bank ma'lumotlariga ko'ra, go'sht so'nggi bir yil ichida narxlari eng ko'p oshgan mahsulotlar qatoriga kirdi. Qo'y go'shti 32 foizga, mol go'shti 30,5 foizga qimmatlashgan. Shu bilan birga, oziq-ovqat savatidagi mahsulotlarning 80 foizi 10foizdan kamroqqa qimmatlashdi.
Xo'sh, biz muammoga qanday yechim taklif qilishimiz mumkin?
Eng avvalo, o'z xonadonida mashaqqat bilan mol-qo'y yetishtirayotgan aholiga yengillikdan yaratilishi kerak. Ularning go'sht tayyorlashga bo'lgan xizmatlari rag'batlantirilishi lozim. Turli tadbirlarga-da sarflanayotgan milliardlarni ularga foizsiz yoki imtiyozli davr bilan kredit qilib berish, birja orqali qulay narxlarda yem sotib olish imkoniyatini yaratish shular jumlasidandir. Hokimliklar yirik chorvadorlarga yaylov topishda ko'maklashishi, bo'sh yotgan yerlarni taqdim etishi ham maqsadga muvofiqdir. O'zgarishlarni tanasida his etgan chorvador yeng shimarib ishga kirishii aniq.
Ko'pchilikka go'sht narxi qimmat bo'lishi tabiiy, degan mujdamiz yoqmasligi tabiiy. Albatta, biz ham go'sht arzon va barcha uchun sotib olish qulay bo'lishi istaymiz. Ammo faqat narx tushirish bilan ish bitmaydi. Hamyonbop mahsulot kimningdir zarari hisobiga yaratilmasligi kerak.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0