Buxoroda ko'milgan Konstitutsiya
O'tgan hafta Buxoroda inson emas, konstitutsiya, qonun va inson qadri tiriklay ko'milganiga shohid bo'ldik.
Bir paytlar gullab-yashnagan, ne-ne tabarruk zotlarni dunyoga tortiq qilgan va odil hukmronlarga shohid bo'lgan Buxoro, hozirga kelib, “sirtmoq vako'mish” siyosati bilan boshqarilayotganday.
Ammo shu kunlar hokimning “Sud-pud demasdan, ichidagi odami bilan ko'mib tashlaysan!” degan og'zaki farmoni hazil va emotsiyaga yo'yish bilan unuttirilmoqda. Buxoro hokimligi bu buyruqni shunchaki hissiyotlarga berilish, deb izohladi. Aslida esa uni, buxorocha, yangi boshqaruv uslubi desak to'g'ri bo'lardi. Buxoro hokimining ochiqdan ochiq o'ldiruvga tahdidi o'tgan hafta eng ko'p muhokama qilindi va jamoatchilikni jumbushga soldi. Shunga qaramay, "hokim oliylariga" hech qanday jazo qo'llanilmadi. Go'yo hokim hech qanday xato qilmadi va bu holat hech qachon sodir bo'lmaganday...
Og'zaki "qonun"
Qonunchiligimizda “mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish”, “qonuniy qarorsiz mulkni buzish”, “tahdid qilish” kabi moddalar bor. Ammo oqibatda hokimlar uchun yangi, norasmiy, “o'ldir va ko'm” “kodeks”i amalda ishlamayaptimi, degan tassavur paydo bo'lmoqda.
O'sha kuni hokim oddiy ob'ekt emas, bolalar bog'chasi ustidan buyruq berdi. Gap bu yerda farzandlarimiz tarbiya olayotgan maskan haqida ketyapti. Mayli, u noto'g'ri qurildi ham deylik, hatto hokimning tumshug'i ustida qurilgan bo'lsa ham, uning ichida INSON bor! Go'daklar bor! Lekin hokim uchun “ichida odam” bo'lishi to'siq bo'lolmaydi. Botir Zaripov boshqaruvda hatto xalqni ko'mib tashlashdan toymasligini ko'rsatdi va bu butun boshli ma'muriy tizimda inson qadri eng quyi darajaga tushib qolganining ifodasi bo'ldi.
Ko'milgan vijdon
Undan ham dahshatlisi, mazkur oshkora zulmga da'vat bugun “normal” deb qabul qilinmoqda. Hech bo'lmasa, hokim chiqib, "men noto'g'ri gap gapirdim, kechiringlar" desa, xalq va hokimiyat o'rtasida vujudga kelgan taranglik yumshardi. Biror mansabdor xalqqa odamiylik ko'rsatsa, bag'rikeng xalqimiz kechirishga tayyor hamisha.
Lekin hokimlik xalqqa bosh egish o'rniga, shunchaki "hissiyotlarga berildi", deyaptimi, demak, endi biz insonni emas, qonunni va vijdonni ko'mayapmiz!
Maftuna Karimova,
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0