+21C

+21C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Intervyu
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Suratlar so‘zlaganda...
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari
  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

ChIQINDI KIMNING VIJDONIDA? — Chirchiq bozori atrofidagi bir kunlik kuzatuv

Jamiyat
312 10:58 | 13.08.2026 10:58


Toza shaharda yashashni hamma xohlaydi. Ammo uni ozoda saqlash masʼuliyatiga kelganda ko‘pchilik bu vazifani kommunal xizmatlar zimmasiga yuklaydi. Chirchiq shahri markazidagi bozor atrofida o‘tkazgan kuzatuvlarimiz chiqindi muammosining asosiy sababi faqat texnika yoki konteynerlarda emas, balki insonning ekologik madaniyatida ekanini yaqqol ko‘rsatdi.



Har tong takrorlanadigan manzara


Ertalab soat sakkizlar atrofi. Chirchiq shahar markazidagi bozor atrofida hayot odatdagidek qaynaydi. Xaridorlar shoshadi, savdo-sotiq qiziydi. Ammo bozor yonidagi ko‘chada daraxtlar tagida sochilib yotgan chiqindilar, to‘lib ketgan latoklar va atrofga tarqalgan noxush hid bu manzaraga mutlaqo boshqa tus beradi. Bu manzaraning sababini shu erda savdo qilayotgan bir necha tadbirkordan so‘radik. Ular buni konteynerlar yo‘qligi bilan izohlashdi.


– Har kuni shu ahvol, – deydi yo‘l chetida kiyim-kechak sotib o‘tirgan ayol. Mana, atrofimizda “telefonchilar” bor, o‘shalardan so‘rang, hamma chiqitlar o‘shalardan chiqarilyapti!


Shundan so‘ng bir muddat chetda turib kuzatdik. Telefon do‘konidan chiqqan bir yigit qadoq va salafan paketni daraxt tagida to‘plangan chiqindi ustiga tashlab ketdi. Ortidan o‘tayotgan yana bir necha kishi ham qo‘lidagi chiqitlarni xuddi shu erga tashladi. Bunday uyumlar esa bir nechta edi.



“Men ijarani to‘laganman, siz ham ishingizni qiling...”


Ko‘chaning boshidan boshlab lotok ichlari-yu, daraxt taglarini tozalab, chiqindilarni birma-bir olib kelayotgan ikki obodonlashtirish xodimlarini gapga tutdik.


– Men supuraman, ikki sherigim ahlatlarni yig‘ish shahobchasiga tashiydi, – deydi ulardan biri. – Ammo uch kishi bo‘lib ham ulgurmaymiz. Ayrim savdogarlarga tanbeh bersak, “Men ijarani to‘lab qo‘yganman, siz ham maoshingizni olyapsiz, ishingizni qiling”, deyishadi. Shu yoshga kirib, bolam tengilardan bunday gap eshitish og‘ir. Chiqindi tashlashgani kamdek, baʼzan “atrofni chang qilib yuboryapsiz” deb yana bizdan norozi ham bo‘lishadi...


Uning hamkasbi esa yana boshqa bir muammoni tilga oldi.


– Yo‘laklarda meva-sabzavot sotadiganlar tashlab ketgan qoldiqlar kun issig‘ida chirib ketadi. Ayniqsa, chiqindilarni paketga solmasdan sochib tashlashlari og‘ir ahvolni keltirib chiqaradi.


Kuzatuvimiz bo‘yicha, baʼzi do‘konlar yoniga katta maxsus idishlar qo‘yilgan ekan. Yo‘lakning yoqalaridagi bu 8 ta engil konstruktsiyali do‘konlarni ijaraga bergan “Buyuk inʼom” MChJ ish yurituvchisi Linur Seyranovga ko‘ra, chiqindi tashish xizmati bilan shartnoma tuzilmagan. Lekin har bitta do‘kon atrofiga katta idishlar o‘rnatilgan, ular to‘lgach, pulli xizmat orqali bu erdan olib ketiladi.


Maʼlum bo‘lishicha, manzildan 30-40 metr uzoqlikda mahallaga qarashli chiqindi yig‘ish shahobchasi mavjud. Bundan tashqari, bozor hududining o‘zida ham konteynerlar o‘rnatilgan. Demak, muammo konteyner etishmasligida emas...



“Ertalab tozalangan joy kechqurun yana ifloslanadi”


Chirchiq shahar obodonlashtirish boshqarmasi bosh muhandisi Muzaffar Tursunboevning aytishicha, tashkilotda 200 nafardan ziyod xodim mehnat qiladi. Ularning asosiy qismi shahar tozaligi bilan shug‘ullanadi.


– Siz ko‘rgan bozor atrofiga uch nafar ishchi biriktirilgan. Ayniqsa, chiqindilarning asosiy qismi kechqurun, ishchilar ketganidan keyin tashlanadi. Kamiga yo‘ldan o‘tgan aholi ham qo‘lidagi narsani o‘sha erga irg‘itadi. Ertalab kelganimizda latoklar ichi, daraxtlar tagi yana to‘lib yotgan bo‘ladi, – deydi u.


Masʼulning taʼkidlashicha, ularni kim tashlaganini aniqlash mushkul, chunki aynan muammo kuzatilayotgan nuqtalarda kuzatuv kameralari etarli emas. Shuningdek, bankomatlar yonidagi cheklar uchun qo‘yilgan idishlar atrofida ham xuddi shunday holat kuzatiladi. Agar ushbu joylardagi kameralardan samarali foydalanilsa, huquqbuzarlarni aniqlash va jarima qo‘llash imkoni yanada kengayadi.



Jarimalar bor, ammo natija-chi?


Muammo bo‘yicha Chirchiq shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘limi inspektori Shahboz Tillaxonovning fikri ham qiziq bo‘ldi.


– Belgilanmagan joylarga chiqindi tashlamaslik bo‘yicha muntazam reydlar o‘tkazamiz, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib boramiz, – deydi u. –Shu yil boshidan buyon aynan shu turdagi 89 ta huquqbuzarlik aniqlanib, 58 million so‘mdan ortiq jarima qo‘llanildi.


Inspektorning aytishicha, qonunbuzarlar orasida turli yoshdagi fuqarolar, hatto pensionerlar ham bor.


– Qiziq, atrof-muhitni asrash, chiqindini belgilangan joyga tashlash ham alohida o‘rgatilishi kerakmi? Bu avvalo insonning vijdoni va madaniyati bilan bog‘liq emasmi? deydi yana masʼul.


Maʼlum bo‘lishicha, shaharda 70 ga yaqin chiqindi yig‘ish shahobchasi va o‘nlab maxsus konteynerlar mavjud. Endi yaqin muddatlar ichida eng muammoli hududlarga huquqbuzarlarning yuzini aniqlaydigan zamonaviy kuzatuv kameralarini o‘rnatish rejalashtirilgan.



Texnika hammasini hal qilmaydi


Chiqindilarni tashish xizmati bilan shug‘ullanuvchi “Zangiota obodon” MChJ vakili Ulug‘bek Maʼmurov ham mavjud muammoni yashirib o‘tirmadi. Uning aytishicha, ertalab soat 6:00 dan va kechki soat 17:00 dan boshlab chiqindilar muntazam olib ketiladi. Hatto tashkilot tungi ish rejimiga ham o‘tgan. Biroq, Chirchiq shahrida bugun 230 mingdan ziyod aholi yashaydi. Mavjud texnikalar esa, borgan sari ko‘payib borayotgan tashlandiqlar hajmiga to‘liq javob bera olmayapti. Ayni paytda 11 ta maxsus texnikadan uchtasi taʼmirda. Shu bois, tashkilot yana 5-6 ta maxsus texnika va motorollerlar jalb qilishni rejalashtirgan.


Biz kuzatgan – bozor atrofidagi manzilda faoliyat yurituvchi 200 dan ortiq tadbirkorlik subʼektlari bilan shartnomalar tuzilgan. Albatta, undan tashqari shartnoma tuzmagan va chiqindilarni bemalol ko‘cha yoqasiga chiqarib tashlayotganlar ham yo‘q emas.


Shu bilan birga, xizmat haqlarining o‘z vaqtida to‘lanmasligi oqibatida qariyb 1 milliard so‘m debitorlik qarzi ham yig‘ilib qolgan



Tozalik avvalo vijdondan boshlanadi


Kuzatuvlar shuni ko‘rsatdiki, Chirchiq bozori atrofidagi chiqindilar muammosini faqat texnika etishmasligi yoki kommunal xizmatlar faoliyati bilan izohlab bo‘lmaydi. Ha, o‘z vaqtida tashib ketish uchun qo‘shimcha texnika, kuchaytirilgan nazorat va zamonaviy kuzatuv tizimlari zarur. Biroq bu omillar ham insonning o‘z burchiga beparvo munosabatini o‘zgartira olmaydi.


Eng achinarlisi, chiqindi tashlash uchun konteyner va maxsus joy bo‘la turib, ayrimlar uning yonigacha borishni ham o‘ziga ep ko‘rmaydi. Qo‘lidagi qog‘oz yoki plastik idishni daraxt tagiga irg‘itishni oddiy hol deb biladi. Oqibatda esa bir necha soat mehnat qilgan obodonlashtirish xodimining saʼy-harakati bir necha daqiqada yo‘qqa chiqadi. Ekologik madaniyatni jarima bilan ham, kuzatuv kamerasi bilan ham to‘liq shakllantirib bo‘lmaydi. U avvalo insonning o‘zidan, tarbiyasidan va atrof-muhitga bo‘lgan munosabatidan boshlanadi.



Xolida Egamberdieva,


ISHONCH



Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Jamiyat
ЧИЛЛА НИМА?
0 7520 16:57 | 05.08.2023
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat