Dunyoni sehrlagan Devid Kopperfild qaerga yo'qoldi?
Devid Kopperfild o'tgan asrning 90-yillarida dunyodagi eng mashhur odamlardan biri edi. Uning shoulariga kirish uchun navbatda turganlarning oxiri yo'q, ko'pchilik, jumladan bizga uni faqat teleekranda ko'rish nasib etgan. Xullas, millionlarni lol qoldirgan va sehr mavjudligiga ishontirgan tarixdagi mashhur afsungar.
Mashhurlarning shaxsiy hayoti doim ko'pchilikning e'tiborida bo'ladi. Ammo shon-shuhrat — mo'rt narsa, bir-ikkita mashmashadan so'ng Devid Kopperfild o'z fokuslaridagi kabi birdaniga yo'q bo'lib qoldi. Na katta sahnada, na televizorda qorasini ko'rsatdi. Xo'sh, u qaerda? Shunga to'xtalamiz, ungacha sehrgarning mashhurlikkacha bosib o'tgan yo'li va yulduzlik onlarini eslaymiz.
Uning haqiqiy nomi — David Set Kotkin (Сharlz Dikkens romani bosh qahramoni ismini o'ziga taxallus qilib qolgan). 1956 yilning 16 sentyabrida tug'ilgan.
David Kotkin 10 yoshida ilk fokuslarini ko'rsatgan, 16 yoshida Nyu-York universitetida afsungarlik bo'yicha o'z kurslarini ochgan. 18 yoshga to'lib bildiki, fokuslarini sotish uchun eng yaxshi vosita — televidenie. Oradan ko'p o'tmay u o'z dasturlari bilan ekranlarda Devid Kopperfild nomi ostida superyulduzga aylandi.
1983 yilda eng mashhur fokusini ko'rsatdi: olomonning ko'z o'ngida Ozodlik haykali g'oyib bo'ldi. Ko'zboylog'ich o'z fokusida Jennifer Lopesni olti qismga bo'lib tashlaganiyu, Maykl Jekson bilan gonorarlar mashmashasi hanuz ko'plarning yodida.
Televidenieda orttirilgan tajriba va ulkan maqsadlar uni olamshumul shoularni yaratishga undab kelgan. Jahonga tanilmoqchimi, demak, fokuslari ham shunga mos bo'lishi shart. Shu bois ko'zboylog'ichning fokuslarida 300 kishilik jamoa doim yordamlashib kelgan. Tomosha uchun mo'ljallangan barcha narsalar ulkan yuk mashinalarida keltirilgan, sir-asror ochilmasligi uchun bu mashinalarni hatto chegaralarda ham tekshirishmagan.
G'oyib bo'lgan Ozodlik haykalidan tashqari, Arizona shtatidagi kengligi salkam 30 kilometrli Grand-kan'on bo'ylab parvoz, Niagara sharsharasidan qulash, Buyuk Xitoy devori orasidan o'tish va aql bovar qilmas olovli shoular Devid Kopperfild faoliyatining yuqori cho'qqisi hisoblanadi. Yopiq inshootlardagi sahna tomoshalarining esa sanog'i yo'q.
Parvozlar — ko'zboylog'ichning tashrif qog'ozi edi. Hech qanday arqon va simlardan foydalanmayotganini isbotlash uchun halqalar va shisha devorlar orasidan uchib o'tgan. Taxminlarga ko'ra, qandaydir arqonlar bo'lgan, ammo ular biz o'ylagandan boshqacharoq.
Devid Kopperfild 90-yillar oxirlariga kelib nimani orzu qilsa hammasiga yetishgan: mashhurlik va nufuz, cheksiz boylik egasi, hatto moda olamining qirolichasi Klaudiya Shiffer bilan unashishga ham ulgurgandi.
Kopperfildning sirlarini fosh qilishga uringanlar ko'p. Ayniqsa, 1994 yilda fokuschi va yozuvchi Gerbert L. Bekker o'z kitobini nashrdan chiqarganida haqiqiy shov-shuv bo'lardi. Bundan xabar topgan Kopperfild uni sudga berib yutib chiqdi. Sud Gerbert L. Bekkerni tegishli qog'ozlarga qo'l qo'ygani uchun sirlarni ochishga haqli emas deb topdi. Qolaversa, uning fosh qiluvchi maqolasida noaniqliklar borligi aytildi. Demakki, Kopperfildning sirlari sudyalarga ma'lum, dunyoga esa — yo'q.
Kopperfild rasman tarixdagi eng boy fokuschi deya tan olingan va hanuz mashhurlar orasida eng boylaridan biri sanaladi. Boyligi 4 mlrd dollar atrofida ekanligi taxmin qilinadi. Haligacha televizorlarda namoyish etiladigan ko'rsatuvlarning mualliflik huquqlaridan pul ishlashdan tashqari, sayyohlik biznesidan yaxshigina daromadi bor: yulduzi porlagan davrlarda Bagam orollaridagi 11 ta orolni sotib olgan.
Devid Kopperfild o'z yakkalik chiqishlariga eng ko'p chipta sotgan artist sifatida Ginnessning rekordlar kitobiga kirgan.
Biroq 2000-yillarning boshlariga kelib uning yulduzi so'nishni boshladi — yo odamlar uning tomoshalaridan charchagan yoki Shiffer bilan ajrashib ketishi sabab, hech kim bilmaydi.
Yulduzlar so'nayotganida balolar qo'sha keladi — uni tovlamachilik va jinsiy zo'ravonlikda ayblashlar boshlandi. Kopperfildning shoularida qatnashgan bir necha modellar ustidan arz qildi. Kamiga giyovandlik moddalarini iste'mol qilganlikda gumon qilindi. Biroq hech bir ish sudgacha yetib bormasdan tergov jarayonidayoq bosti-bosti qilingan.
Uzoq tanaffusdan so'ng, kutilmaganda, Devid Kopperfild o'tgan yili Amerika televideniesining bolalar ko'rsatuvida ko'rinish berdi. 67 yoshli aktyorning tashqi ko'rinishi ancha o'zgarganini payqash qiyinmas — oradan ancha yillar o'tdi axir.
Qotmadan kelgan Devid Kopperfild endi yo'q — ancha vazn orttirgan. Sehr sochlarni oqarishdan asray olmagani ko'rinib turibdi, ular kashtan rangiga bo'yalgan. Ammo undagi ohanrabo, mahorat o'sha-o'sha, chunki jajji boshlovchining iltimosini qoyilmaqom uddaladi.
Devid Kopperfild Bagam orollarida yashaydi, televizion shoularda kamdan-kam ko'rinib turadi. Shaxsiy hayotini dunyoga doston qiladiganlar toifasidan emas, ammo Feysbuk va Instagramdagi sahifalarida ba'zan yozib turadi.
O'zining aytishicha, dunyoning turli nuqtalaridagi shifoxonalarni qamrab olgan xayriya loyihasi hozir hayotining mazmuniga aylangan. "Sehrli shifo" loyihasida harakatlanish imkoniyati turlicha cheklangan bemorlar fokuslar ko'rsatishni o'rganishadi, bu ularda hayotga muhabbat uyg'otib, tezroq tuzalishlarida yordam bermoqda.
Abror Zohidov
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0