Firdavs Abduxoliqov: islomofobiyaga qarshi eng taʼsirchan javob maʼrifat
O‘zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov «Islom tsivilizatsiyasi: yangi uyg‘onish davri sari» mavzusidagi xalqaro anjumanda tarixiy merosni faqat o‘rganish emas, balki uni yangi idrok bilan anglash va insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini butun dunyoga etkazish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanini taʼkidladi.
«Tarixni faqat o‘rganishning o‘zi etarli emas. Uni yangi idrok bilan anglash, insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini butun dunyoga etkazish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir», — dedi Firdavs Abduxoliqov.
Uning taʼkidlashicha, O‘zbekiston mustaqilligi xalqimizga o‘z tarixiga o‘zi egalik qilish, milliy qadriyatlarni tiklash, ajdodlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy va madaniy merosni xolis o‘rganish hamda uni jahonga o‘z ovozimiz bilan etkazish imkonini berdi. Ayniqsa, keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan O‘zbekistonning tarixiy va madaniy merosini yangicha o‘rganish, targ‘ib qilish va jahon hamjamiyatiga munosib taqdim etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani qayd etildi.
Firdavs Abduxoliqov O‘zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazini tarix va kelajak o‘rtasidagi ko‘prik, milliy xotira maskani, ilm-fan va maʼrifat maydoni, shuningdek, O‘zbekistonning jahon tsivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini namoyon etadigan xalqaro platforma sifatida ko‘rishini bildirdi.
«Tarix faqat kitoblarning ichida qolmasligi kerak. Tarix gapirishi, madaniy meros inson bilan muloqot qilishi, o‘tmish bugungi avlodni yangi tashabbuslarga ruhlantirishi kerak», — dedi u.
Markaz rahbari bugungi kunda dunyoda diniy zamindagi nizo va qarama-qarshiliklar, turli stereotiplar va islomofobiya kuchayib borayotganini taʼkidlab, bunday sharoitda Islom dinining haqiqiy mohiyatini xolis va ilmiy asosda jahon jamoatchiligiga etkazish muhimligini qayd etdi.
«Afsuski, baʼzan islom dinining asl insonparvar mohiyatini etarlicha anglab etmaslik, turli stereotiplar va noto‘g‘ri qarashlar islomofobiya g‘oyalarining kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Holbuki, islom tinchlik dinidir, islom ezgulik dinidir. Islom bag‘rikenglik dinidir, islom insonparvarlik dinidir», — dedi Firdavs Abduxoliqov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, islom tsivilizatsiyasi asrlar davomida insoniyatga nafaqat yuksak axloqiy qadriyatlarni, balki matematika, astronomiya, tibbiyot, falsafa, adabiyot, meʼmorlik va tarix kabi sohalarda ham beqiyos yutuqlarni taqdim etgan.
«Biz media maydonida bahslashish uchun emas, tushuntirish uchun gaplashishimiz kerak. Chunki islomofobiyaga qarshi eng taʼsirchan javob — maʼrifatdir. Noto‘g‘ri tasavvurlarga qarshi eng kuchli javob — haqiqat. Jaholatga qarshi eng samarali qurol — ilm», — dedi u.
Firdavs Abduxoliqov Islom tsivilizatsiyasi markazi yosh avlodni ilm-maʼrifat, ijodkorlik va yuksak tafakkur ruhida tarbiyalaydigan zamonaviy ilmiy-maʼrifiy platforma bo‘lishi lozimligini taʼkidladi. Shuningdek, u ommaviy axborot vositalari, telekanallar, radiostantsiyalar, internet nashrlari, jurnalistlar, blogerlar va kontent yaratuvchilarni saʼy-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi.
«Kelinglar, birgalikda butun dunyoga islom tsivilizatsiyasining haqiqiy ovozini etkazaylik. Bu ovoz ilm va maʼrifat ovozidir. Bu ovoz tinchlik ovozidir. Bu ovoz bag‘rikenglik va insonparvarlik ovozidir. Bu ovoz buyuk tsivilizatsiyalar muloqoti ovozidir», — dedi markaz rahbari.
Firdavs Abduxoliqov forumni nafaqat uchrashuv va taqdimotlar maydoni, balki yangi g‘oyalar tug‘iladigan ijodiy laboratoriya sifatida ko‘rishini bildirdi. Uning taʼkidlashicha, forumdan keyin O‘zbekiston tarixi haqida xalqaro telekanallarda yangi dasturlar, axborot agentliklarida maxsus loyihalar paydo bo‘lishi, muzeylar, olimlar va jurnalistlar o‘rtasida yangi hamkorliklar yo‘lga qo‘yilishi anjumanning asosiy natijalaridan bo‘lishi kerak.
Shu maʼnoda, Islom tsivilizatsiyasi markazi nafaqat tarixiy merosni asrab-avaylaydigan maskan, balki ilm, maʼrifat va tsivilizatsiyalar muloqotini rivojlantiradigan, O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosini jahonga keng targ‘ib qiladigan xalqaro intellektual platforma sifatida namoyon bo‘lmoqda.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0