«Germaniyada muvaffaqiyat siri – bilim va intizom»: 10 yildan buyon xorijda yashayotgan o‘zbekistonlik bilan suhbat
Bugungi suhbatdoshimiz 10 yil muqaddam taqdir taqozosi bilan Germaniyaga yo‘l olgan toshkentlik Sitora Usmonova. U olmon yurtiga ilk qadam qo‘yganida hali 20 yoshli kelinchak edi. Bir qarashda ertakmonand ko‘ringan bu safar, aslida, katta sinovlar, tinimsiz izlanishlar va mustaqil hayot maktabiga aylandi.
Sitora oilali, bir nafar farzandning onasi bo‘lishi bilan birga, iqtisodchi mutaxassis. Turmush o‘rtog‘i bilan birga o‘zlari tashkil etgan oilaviy biznes loyihasini yuritadi. Zarurat tufayli huquq sohasini ham o‘rganmoqda. Sitora bilan bo‘lgan suhbatimiz Germaniyada yashashning o‘ziga xos jihatlari, byurokratik to‘siqlarni engish, nemis jamiyatining moliyaviy madaniyati hamda xorijga endigina qadam qo‘yayotgan yurtdoshlarimizni kutayotgan haqiqatlar haqida bo‘ldi. Germaniya hayoti biz o‘ylagandek osonmi yoki bu erda muvaffaqiyatga erishish uchun boshqacha qoidalar mavjudmi? Sitora Usmonovaning samimiy hikoyasi orqali mana shu savollarga javob izlaymiz.
– Sitoraxon, avvalo, Germaniyaga qanday borib qolgansiz? Ilk bor kelganingizda til, ish va mahalliy muhitga moslashishda qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz?
– Germaniyaga oila birlashtirish vizasi (Familienzusammenführung) orqali kelganman. Turmush o‘rtog‘im bu erda o‘qishini tugatib, ishga joylashgan edi. Ota-onalarimiz roziligi bilan unashtirildik, to‘yimizdan keyin turmush o‘rtog‘im Germaniyaga qaytdi, men esa viza jarayonlari tufayli O‘zbekistonda qoldim.
O‘shanda 20 yoshda edim. Ilgari viloyatdan tashqariga ham ko‘p chiqmaganman, Germaniya haqida tasavvurim yo‘q edi. Viza talabi uchun Toshkentdagi «Gyote» institutida nemis tilini o‘rganib, A1 sertifikatini oldim. Eng katta sinov –byurokratiya bo‘ldi. To‘yimizdan keyin atigi 18 kun birga yashaganmiz. Elchixonadagi suhbatda nikohimiz haqida savollar berishdi. Dastlab hujjatlarimiz rad etildi, keyin advokat yordamida apellyatsiya berdik. Natijada 9 oy kutib, vizam tasdiqlandi.
Germaniyaga kelganimda A1 darajam kundalik hayot uchun etmasligini darhol angladim. Birinchi kuniyoq Berlin metrosida mustaqil harakatlanishni o‘rgandim. Intensiv kurslarda o‘qib, 6 oy ichida B2 sertifikatini oldim. Germaniyada har bir inson o‘z huquq va majburiyatlarini bilishi shart. Masalan, ro‘yxatdan o‘tish (Anmeldung), soliq raqami (Steuer-ID) va tibbiy sug‘urtani rasmiylashtirish hayotning ajralmas qismi. Yosh bo‘lganim uchun hammasini mustaqil o‘rgandim. Tibbiy sug‘urtaga ro‘yxatdan o‘tish uchun xarita va lug‘at bilan idoraga borganman. Tilni yaxshi bilmasam ham, xodimlar sabr bilan yordam berishgan. Bu tajriba menga bir haqiqatni o‘rgatdi: moslashish uchun faqat til emas, sabr, masʼuliyat va doimiy o‘rganishga tayyorlik kerak.
– Bugun tibbiyot sohasi va mehnat migratsiyasi orqali ketayotganlar ko‘p. Ular qanday muammolarga duch keladi?
– Eng katta qiyinchilik til emas, tizimni tushunmaslikdir. Bu erda deyarli har bir jarayon qonun va hujjat asosida bo‘ladi. Uy ijarasi eng og‘ir sinov. Berlin yoki Myunxenda daromad haqidagi maʼlumotlar va kredit tarixi talab qilinadi. Hali hayotni boshlayotgan odam uchun bu murakkab.
Germaniyada inson qadri juda yuqori. Asosiy qonunning birinchi moddasidayoq: “Inson qadr-qimmati daxlsizdir” deyilgan. Davlat sizga ishonadi, ammo bu katta masʼuliyat degani. Baʼzilar “meni hech kim tekshirmaydi” deb noqonuniy ishlashga urinadi. Lekin Germaniyada har bir harakat qayd etiladi. Kichik qarzdorlik ham kelajakda kredit yoki uy olish imkoniyatiga taʼsir qiladi. Maslahatim, maʼlumotni rasmiy manbalardan oling. Ish beruvchi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘laning, vositachi agentliklarga ko‘r-ko‘rona ishonmang.
– Nemislar soliq to‘lashga nega bunchalik masʼuliyat bilan yondashadi?
– Chunki ular soliqni majburiyat emas, o‘z hayot sifatiga hissa deb bilishadi. To‘langan har bir evro yo‘llar, bog‘chalar, kutubxonalar va xavfsizlikka sarflanadi. Inson solig‘ining natijasini har kuni ko‘radi. Ayniqsa, ijtimoiy himoya tizimi kuchli. Ishdan ayrilsangiz, davlat sizni taqdirga tashlab qo‘ymaydi. Bu tizim inson qadrini saqlashga xizmat qiladi. Germaniyada boyib ketishdan ko‘ra, barqaror va sifatli hayot qurishga eʼtibor beriladi.
– Nemislar shaxsiy mablag‘ini qanday boshqaradi? Daromad, xarajat va jamg‘armani rejalashtirish madaniyatidan qaysi jihatlarni biz ham o‘rganishimiz kerak, deb hisoblaysiz?
– Menimcha, nemislarning moliyaviy madaniyatining eng kuchli jihati qancha topishidan ko‘ra, topgan mablag‘ini qanday boshqarishni yaxshi bilishlarida. Germaniyada ko‘pchilik moliyaviy qarorlarni hissiyot bilan emas, reja asosida qabul qiladi. Masalan, oylik maosh tushishi bilan, avvalo doimiy xarajatlar hisoblanadi, keyin jamg‘arma va kelajak uchun mablag‘ ajratiladi. Qolgan qismi esa kundalik ehtiyojlarga sarflanadi. Yaʼni ko‘pchilik avval jamg‘aradi, keyin qolgan mablag‘ bilan yashashni rejalashtiradi. Nemislar ortiqcha dabdaba va ko‘z-ko‘z qilishga moyil emas. Ular uchun tashqi ko‘rinishdan ko‘ra moliyaviy barqarorlik muhim. Shuning uchun qarzni asosan uy sotib olish, biznes yoki boshqa zarur investitsiyalar uchun ishlatishadi. Yana bir qiziq jihati – ular narsalarning xizmat muddatiga katta ahamiyat berishadi. Sifatli kiyim yoki poyabzaldan bir necha yil davomida foydalanish oddiy hol. Shu sababli Germaniyada ishlatilgan buyumlar bozori ham yaxshi rivojlangan. Odamlar yaxshi holatdagi mahsulotlarni sotib olish yoki sotishni tabiiy qabul qilishadi. Shuningdek, nemislar pensiya haqida juda erta o‘ylay boshlaydi. Ko‘pchilik davlat pensiyasiga to‘liq tayanib qolmay, yoshligidanoq jamg‘arma qiladi, xususiy pensiya dasturlarida qatnashadi yoki investitsiya qiladi. Ular kelajakdagi moliyaviy xavfsizlik uchun avvalo o‘zini masʼul deb biladi. Menimcha, bu erdagi eng muhim saboq shuki, nemislar boy ko‘rinishga emas, moliyaviy barqarorlikka sarmoya kiritishidir. Ular bugungi kun bilan birga ertangi kun haqida ham o‘ylashadi, shuning uchun ko‘pchilik oilalarda favqulodda vaziyatlar uchun jamg‘arma va kelajak rejasi bo‘ladi. Biz ham ulardan daromad va xarajatlarni rejalashtirishni, imkoniyat doirasida yashashni, keraksiz qarzlardan ehtiyot bo‘lishni, jamg‘arma qilishni va uzoq muddatli fikrlashni o‘rganishimiz mumkin. Chunki haqiqiy moliyaviy farovonlik ko‘p pul topishda emas, balki topilgan mablag‘ni oqilona boshqarishdadir.
– Germaniya davlat idoralarida korruptsiya juda kam deyishadi. Siz buni
kundalik hayotda qay darajada his qilgansiz? Mazkur shaffoflik qanday mexanizmlar orqali taʼminlanadi?
– Men Germaniyada yashagan yillarim davomida davlat idoralarida ochiq korruptsiya holatlarini uchratmaganman. Oddiy fuqaro sifatida buni sezish ham mushkul, chunki davlat xizmatlari aniq qoidalar va hujjatlar asosida ishlaydi. Bu erda ishingizni tezlatish uchun kimgadir pul berish yoki tanish izlash madaniyati deyarli yo‘q. Menimcha, korruptsiyaning kamligiga bir nechta omil taʼsir qiladi. Birinchidan, Germaniyada qonun ustuvorligi kuchli. Ikkinchidan, har bir davlat idorasi va yirik kompaniyalarda Compliance, audit va ichki nazorat tizimlari yaxshi ishlaydi. Uchinchidan, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik nazorati juda faol. Albatta, Germaniyada ham korruptsiya xavfi mavjud. Masalan, baʼzi holatlarda biznes va siyosat o‘rtasidagi munosabatlar, partiyalarga ajratiladigan xayriyalar haqida bahslar bo‘lib turadi. Ammo bu jarayonlar ham qonun bilan tartibga solinadi va jamoatchilik nazorati ostida bo‘ladi. Germaniyada korruptsiyaga qarshi kurashning muhim yo‘nalishlaridan biri pul yuvish (Geldwäsche)ga qarshi kurash hisoblanadi. Bu noqonuniy topilgan mablag‘larni qonuniy ko‘rinishga keltirish jarayonidir. Shuning uchun banklar, notariuslar va moliyaviy tashkilotlar shubhali operatsiyalar haqida tegishli organlarga xabar berish majburiyatiga ega.
– Germaniya ozodaligi bilan ham ko‘p tilga tushgan davlat. Bu chiqindilarni saralash tizimi bilan ham bog‘liq bo‘lsa kerak…
– Germaniyada chiqindilarni saralash oddiy qoida emas, balki hayot tarzi hisoblanadi. Men Germaniyaga kelganimda eng hayratlangan narsalardan biri shu bo‘lgan. Chunki bu erda odamlar qog‘oz, plastik, shisha va organik chiqindilarni alohida yig‘ishga bolaligidan o‘rgangan. Buning iqtisodiy foydasi ham katta. Masalan, qog‘oz chiqindilari qayta ishlanib, qayta ishlangan xomashyodan tayyorlangan mahsulotlar ishlab chiqariladi. Germaniyada kundalik hayotda ishlatiladigan qog‘oz sochiqlar (Küchenrolle), hojatxona qog‘ozi (Toilettenpapier) va boshqa qog‘oz mahsulotlarining katta qismi aynan qayta ishlangan qog‘ozdan tayyorlanadi. Bu esa daraxtlarni kamroq kesishga va ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirishga xizmat qiladi. Bio chiqindilar (Bioabfall) ham alohida yig‘iladi. Ulardan kompost va qishloq xo‘jaligida, bog‘dorchilikda ishlatiladigan o‘g‘itlar tayyorlanadi. Yaʼni Germaniyada chiqindining deyarli har bir turi iqtisodiyot uchun qayta resursga aylantiriladi. Bu orqali ham chiqindilar hajmi kamayadi, ham yangi mahsulotlar yaratiladi. Shu o‘rinda yana bir jihatga eʼtibor berish kerak. Germaniyada chiqindilarni yig‘ish, saralash va qayta ishlash tizimida ishlaydigan insonlarga hurmat bilan qaraladi. Chunki ular shaharlarning tozaligi, sanitariyasi va ekologik xavfsizligini taʼminlaydi. Ko‘chalardan chiqindilarni yig‘ish, konteynerlarni bo‘shatish yoki qayta ishlash jarayonlarida ishtirok etadigan xodimlar jamiyat uchun muhim kasb egalari hisoblanadi. Shuning uchun bu sohada mehnat qilayotgan insonlarning mehnati qadrlanadi va munosib haq to‘lanadi.
Plastik masalasi esa biroz murakkabroq. Ilgari Germaniya va boshqa Evropa davlatlari plastik chiqindilarning maʼlum qismini Xitoyga eksport qilgan. Keyinchalik Xitoy bu sohada cheklovlarni kuchaytirgach, Evropa mamlakatlari o‘z hududida qayta ishlash quvvatlarini oshirishga majbur bo‘ldi. Oddiy fuqarolar uchun eng qiziq tizimlardan biri – Pfand tizimi. Masalan, plastik yoki shisha idishdagi ichimlik sotib olganingizda qo‘shimcha garov mablag‘i to‘laysiz. Bo‘sh idishni maxsus apparatga qaytarsangiz, mablag‘ingiz ham qaytariladi. Shu sababli ko‘chada tashlab ketilgan baklashka yoki banka deyarli uchramaydi. O‘zbekiston haqida gapiradigan bo‘lsak, menimcha, chiqindilarni saralash madaniyatini joriy qilish mumkin. Lekin buni konteyner qo‘yishdan emas, tizim yaratishdan boshlash kerak. Ayniqsa, Pfand tizimi yaxshi natija berishi mumkin. Agar ichimlik ishlab chiqaruvchi kompaniyalar shisha va plastik idishlarni qaytarib yig‘ish tizimini yo‘lga qo‘ysa, bu ham atrof-muhitga, ham biznesning o‘ziga foyda keltiradi.
Shaxsan men plastikdan foydalanishni bosqichma-bosqich qisqartirish tarafdoriman. Chunki O‘zbekistonda avval shisha idishlar ancha keng qo‘llanilardi. Keyingi o‘n yilliklarda plastik qadoqlash keskin ko‘paydi. Vaholanki, aynan shu davrda Evropa davlatlari plastikni kamaytirish va qayta ishlash siyosatiga o‘tayotgan edi. Menimcha, Germaniya tajribasining asosiy sabog‘i shuki, chiqindi bu axlat emas, balki iqtisodiy resurs. Uni to‘g‘ri boshqarish orqali ham tabiatni asrash, ham iqtisodiyot uchun qo‘shimcha qiymat yaratish mumkin
– Nemislarning feʼl-atvori haqida nima deya olasiz?
– Ular uchun insonning millati emas, qanday ishlashi va jamiyatga munosabati muhim. Nemislar vaqtga va aniqlikka hurmat bilan qaraydi. Bahonalarni emas, rostgo‘ylikni qadrlashadi. Muammo chiqsa, aybni boshqalarga yuklamay, echim izlaydiganlarni hurmat qilishadi. Yolg‘on va ikkiyuzlamachilik ular uchun eng katta kamchilik.
– Shu yillar davomida Germaniyada yashayotgan yoki yangi kelgan o‘zbekistonliklar tomonidan eng ko‘p takrorlanayotgan qanday xatolarga guvoh bo‘lgansiz? Ularga qanday muhim tavsiyalarni bergan bo‘lardingiz?
– O‘n yildan ortiq vaqt davomida Germaniyada yashar ekanman, yangi kelgan yurtdoshlarimiz orasida takror-takror uchraydigan ayrim xatolarni kuzatdim. Bu xatolarning aksariyati bilim yoki qobiliyat etishmasligidan emas, balki tizimni etarlicha tushunmaslikdan kelib chiqadi. Birinchi va eng ko‘p uchraydigan xato – vositachi agentliklarga haddan tashqari ishonish. Ayniqsa ish vizasi bilan kelayotganlarda bu holat ko‘p uchraydi. Baʼzan odamlar ish beruvchi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanish o‘rniga barcha masʼuliyatni agentlikka topshirib qo‘yadi. Keyin esa vaʼda qilingan ish sharoiti, maosh yoki yashash masalalari kutilganidek chiqmaydi. Shuning uchun men doim imkoni bo‘lsa ish beruvchi yoki taʼlim muassasasi bilan bevosita muloqot qilishni tavsiya qilaman. Ikkinchi keng tarqalgan xato – hujjat ishlarini orqaga surish. Ko‘pchilik “keyin ham ulguraman” deb o‘ylaydi. Lekin Germaniyada ko‘p masalalar aniq muddatlarga bog‘langan. Ro‘yxatdan o‘tish, sug‘urta, yashash ruxsatnomasi yoki soliq masalalarini kechiktirish keyinchalik kutilmagan muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Germaniyada hujjat qog‘oz emas, sizing huquqiy himoyangiz hisoblanadi.
Uchinchi xatoni esa madaniy farq bilan bog‘lagan bo‘lardim. Baʼzi insonlar muammoni to‘liq va ochiq tushuntirish o‘rniga o‘zini oqlashga harakat qiladi. Masalan, xatosini tan olish o‘rniga turli bahonalar keltiradi yoki masʼuliyatni boshqa tomonga yuklaydi. Germaniyada esa bu yondashuv yaxshi ishlamaydi. Men kuzatganimcha, nemislar muammoning o‘zidan qo‘rqmaydi, balki uni yashirishdan ehtiyot bo‘lishadi. Agar xato qilgan bo‘lsangiz, uni tan olish va echimini izlash ko‘proq hurmat qozonadi. Shuning uchun men Germaniyaga kelayotgan yoki bu erda endi hayot boshlayotgan yurtdoshlarimizga uchta oddiy maslahat bergan bo‘lardim: birinchisi, rasmiy maʼlumotlarga tayaning va vositachilarga ko‘r-ko‘rona ishonmang. Ikkinchisi, hujjat ishlarini hech qachon keyinga qoldirmang.
Uchinchisi, har qanday vaziyatda rostgo‘y va ochiq bo‘ling.
Menimcha, Germaniyada insondan mukammal bo‘lish talab qilinmaydi. Lekin halol bo‘lish, masʼuliyatni zimmasiga olish va muammoni ochiq aytish talab qilinadi. Aynan shu fazilatlar insonning integratsiyasi va muvaffaqiyatini ancha osonlashtiradi.
Zebo NAMOZOVA suhbatlashdi



Maqolaga baho bering
0/54
0
0
0
0