Grenlandiya katta o'yin qurboni(mi?)
AQSh Grenlandiyani boshiga uradimi? Nega bu masala atrofidagi bahs-munozaralar to'xtamayapti? Avvalambor, Grenlandiyani AQShga qo'shib olish haqidagi gap-so'zlar Donal'd Trampning birinchi prezidentlik davridan beri davom etib kelyapti. 2019 yilning 19 avgustida u ilk bor Grenlandiyani sotib olish g'oyasini ilgari surgan edi. Shundan buyon AQSh va Daniya o'rtasida shimoliy orol taqdiri masalasidagi har qanday faollashuv jamoatchilik noroziligini qo'zg'atmoqda. Xususan, shu yil 17 yanvar' kuni Grenlandiya masalasida muzokaralar o'tkazish uchun AQSh delegatsiyasi Daniyaga tashrif buyurgach, minglab odamlar ko'chalarga chiqdi. Kopengagen va orol poytaxti Nuukda namoyishchilar «Grenlandiya sotilmaydi!» degan shior ostida norozilik aktsiyalari o'tkazdilar.
Aslida, Grenlandiya atrofidagi mojaroda orol yoki uning aholisi taqdiri ikkinchi darajali masala. U XXI asrda xalqaro munosabatlar qaysi qonun-qoidalar asosida shakllanadi, kuch ustunmi yoki huquq degan savollarni kun tartibiga chiqaryapti.
Haqiqatan ham, Daniyaning avtonom hududi sanalgan Grenlandiya AQShga nima uchun kerak? Buning bir nechta sabablari bor. Ularning barchasi AQSh kelajagi bilan bog'liq.
Avvalo, miqyosni tasavvur qilib ko'ring. Grenlandiyada taxminan 56 ming kishi yashaydi. Ya'ni, u Asaka shahri aholisidan biroz ko'proq nufusga ega. Ammo u dunyodagi eng yirik orol hisoblanadi: maydoni jihatidan Frantsiya, Germaniya, Ispaniya va Italiyani qo'shib hisoblaganda ham katta. U – juda kam aholi va maksimal strategik ahamiyatga ega ulkan hudud. Geosiyosat uchun zo'r imkoniyat.
AQShning Grenlandiyaga qiziqishidagi birinchi va eng nozik sabab xavfsizlik masalasidir. Donal'd Trampning fikricha, Grenlandiya kelajakda barpo etilajak raketalarga qarshi mudofaa tizimining asosiy unsuri hisoblanadi. Bu tizim «Golden Dome» – «Oltin gumbaz» deb ataladi.
Sodda qilib aytganda, Yevroosiyo hududidan – Rossiya yoki ehtimoliy tarzda Xitoydan uchirilgan raketalar Arktika orqali uchib o'tadi. Bu – eng qisqa traektoriya. Demak, arktik makonni nazorat qilgan tomon erta ogohlantirish uchun qo'shimcha soniyalar va daqiqalarga ega bo'ladi. Yadroviy tiyib turish sharoitida buni nazariyadan ko'ra ko'proq «ulgurish» yoki «ulgurmaslik» o'rtasidagi hal qiluvchi farq, deya baholash mumkin.
Gap texnik ustunlik haqida ketmayapti. Gap – Amerikacha tashqi siyosat tafakkurining o'zgarayotganida. Agar sovuq urush davrida xavfsizlik ittifoqchilar bilan hamkorlikda ta'minlangan bo'lsa, XXI asrda vashington tobora ko'proq mustaqil, hech kimga bog'liq bo'lmagan nazorat modelini yaratyapti.
1951 yilda Daniya bilan tuzilgan kelishuvga muvofiq, AQSh Grenlandiya hududida istalgan miqdorda harbiy kuch joylashtirish huquqiga ega. Ayni paytda orolning shimoli-g'arbiy qismida joylashgan «Pituffik» kosmik harbiy bazasida 150 nafarga yaqin amerikalik harbiy xizmatchi xizmat qilmoqda. Sovuq urush davrida ularning soni 10 ming nafar atrofida edi.
Ushbu xarbiy baza hozir AQShning erta ogohlantirish tizimiga integratsiyalashgan. Biroq Pentagon va Donal'd Trampga bu kamlik qiladi. AQShga harakatlarni cheklovchi ijara shakli emas, to'liq nazorat ostidagi mudofaa tizimi kerak. Radarlar qaerga joylashtiriladi, qaysi hududlar yopiladi, qaysi qarorlar ittifoqchilarsiz mustaqil qabul qilinadi, degan masalalarni vashington bir o'zi hal etmoqchi.
Xullas, AQShning Arktikadagi imkoniyatlari cheklangan. Bu esa uzoq muddatli xavfsizlik nuqtai nazaridan jiddiy muammo hisoblanadi. Qolaversa, Ukraina bo'yicha ilgari surilgan tinchlik tashabbuslari kutilgan natija bermayotgan bir paytda, Trampga Kongress saylovlari arafasida tashqi siyosatda salmoqli yutuqlar kerak.
Donal'd Tramp uchun geosiyosat – aniq aktivlar majmuasi. Hudud – resurs degani, ittifoq – vaqtinchalik kelishuv, xavfsizlik esa sheriklikka emas, mulkka tayanadi. Grenlandiyaga munosabatda aynan shunday tafakkur ustunligini ko'rish mumkin.
Ikkinchi sabab esa sof harbiy mantiq doirasidan tashqarida. Kelajak nuqtai nazaridan Arktika juda katta ahamiyatga ega. Shimoliy dengiz yo'llari Osiyo, Yevropa va Amerika o'rtasidagi masofani bir necha haftaga qisqartirish imkonini beradi.
XX asrda Suvaysh kanali global savdo taqdirini qanday belgilagan bo'lsa, XXI asrda Arktika dengiz yo'llari shunday ahamiyat kasb etishi mumkin. Kim ushbu yo'llarni nazorat qilsa, u tariflar, xavfsizlik va siyosiy shartlarni ham belgilaydi.
Grenlandiyani qo'lga kiritish zaruratini izohlar ekan, Tramp orol atrofida Xitoy va Rossiya kemalari mavjudligi bilan bog'liq xavf-xatarlarni ham tilga olyapti. Biroq AQSh Mudofaa vazirligi vakillari hozircha bu tahdid kuchaygani haqida aniq dalillar yo'qligini ta'kidlashmoqda.
Ana shu geografik manzarada Grenlandiya cho'ktirib bo'lmaydigan, qotib qolgan aviakemaga o'xshaydi. Orol ustidan nazorat o'rnatish dengiz qatnovini kuzatish, harbiy infratuzilmani joylashtirish va harakat qoidalarini belgilash imkonini beradi.
Uchinchi sabab esa muzliklar ostida yashiringan. Grenlandiya nodir yerosti boyliklariga, xususan, rangli metallar, uran, grafit va ehtimol, neft'-gaz zaxiralariga ega. Hozircha ularning katta qismi o'zlashtirilmagan. Bu – juda qimmat, texnologik jihatdan murakkab va siyosiy jihatdan o'ta nozik masala. Biroq XXI asr strategik tafakkuri «Ertaga nima qazib olamiz?» degan savol atrofida emas, balki «O'n yoki yigirma yildan keyin nima qazib olish mumkinligini kim hal qiladi?» degan masala atrofida shakllanyapti. Zamonaviy geosiyosatda dastlabki nazorat huquqi ko'pincha real iqtisodiy foydadan ham qimmatroq hisoblanadi.
Qo'shma Shtatlar nodir yer elementlari bo'yicha Xitoy ta'minot zanjirlariga o'ta bog'lanib qolgan. Grenlandiya esa manbalarni diversifikatsiya qilish, raqiblar imkoniyatlarini cheklash va orolni G'arb texnologik ekotizimiga integratsiya qilish imkonini beradi.
Ana shunday bir vaziyatda vashingtondan yangrayotgan po'pisalarni aslo tasodifiy deb bo'lmaydi. Dunyo o'zgardi. Taqiqlar davri tugadi. Sanktsiyalar, tariflar, iqtisodiy bosimlar odatiy holga aylandi. Ilgari bunday usullar raqiblarga nisbatan qo'llanilgan bo'lsa, hozir ittifoqchilarga nisbatan ham ishlatilmoqda.
Ana shu ma'noda Grenlandiyani qulay sinov maydoniga qiyoslasa bo'ladi. To'g'ri, u rasman Daniyaga tegishli. Ammo geografik jihatdan uzoq, aholisi kam, iqtisodiyoti ancha zaif. Daniyaga qo'llanilayotgan bosimlar, shubhasiz, Yevropa Ittifoqini ham tashvishga solyapti. Bu avvalgi ittifoqdoshlar orasini buzadi, albatta.
Biroq global bahslarda ko'pincha unutiladigan jihat bor: Grenlandiya – bo'sh hudud emas. Bu jamiyat, deyarli to'liq mahalliy xalq – kalaallitlardan iborat. Ular mustamlakachilik va majburiy qarorlar inson qadrini qanchalar poymol qilganini yaxshi eslaydilar.
Shuning uchun «sotib olish», «kompensatsiya» yoki «har bir insonga million dollar» kabi takliflar o'tmish zo'ravonliklarining qayta tirilishi sifatida qabul qilinadi.
Qizig'i shundaki, tashqi bosim ichki jarayonlarni tezlashtiradi. Katta o'yinchilar qanchalik faollashsa, Grenlandiya ichida to'liq siyosiy mustaqillik haqidagi fikrlar ham shunchalik jiddiy tus olyapti.
Shu ma'noda, Grenlandiya uchun kurashda orol taqdirigina hal bo'lmayapti. Uni yangi dunyo tartibi qanday shakllanishini sinovdan o'tkazayotgan repetitsiya, desak, to'g'riroq bo'ladi. Bu jarayon yo Yevropa va Amerika o'rtasidagi ishonchni yanada yemirishi, yoki Grenlandiyaning mustaqillikka intilishini tezlashtirib yuborishi mumkin. Har ikki holatda ham, bu bahs XXI asr geosiyosati qanchalik keskin tus olayotganini yaqqol ko'rsatib turibdi.
Jahongir NAHANOv
«ISHONCH»



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0