Xalqaro eʼtirof: «Biznesni rivojlantirish banki» Euromoney g‘olibi bo‘ldi
«Biznesni rivojlantirish banki» aktsiyadorlik tijorat banki dunyo moliya sohasidagi eng nufuzli xalqaro mukofotlardan biri hisoblangan Euromoney Awards for Excellence 2026 tanlovida «Central Asia's Best Bank Transformation 2026» («Markaziy Osiyodagi eng yaxshi bank transformatsiyasi – 2026») nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb eʼtirof etildi.
Mazkur mukofot bank tomonidan amalga oshirilgan keng ko‘lamli transformatsiya dasturining xalqaro miqyosdagi eʼtirofi bo‘lib, uning davlat moliya institutidan zamonaviy universal tijorat bankiga aylanish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hamda korporativ boshqaruvni takomillashtirish borasida erishgan yutuqlarini tasdiqlaydi.
Euromoney xalqaro nashri ekspertlari taʼkidlaganidek, rebrending va biznes modelining tubdan yangilanishi natijasida bank zamonaviy moliyaviy institut sifatida shakllanib, tadbirkorlik subʼektlari va aholiga keng ko‘lamli bank xizmatlarini taqdim etayotgan universal tijorat bankiga aylandi.
Transformatsiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri bank xizmatlarini raqamlashtirish bo‘ldi. Biznes 24/7 raqamli platformasining joriy etilishi mijozlarga masofaviy bank xizmatlaridan foydalanish, hisobvaraqlarni boshqarish hamda moliyaviy mahsulotlardan tez va qulay tarzda foydalanish imkoniyatini yaratdi.
Mukofot yuzasidan fikr bildirgan Bank Boshqaruvi raisi Saxi Annaklichev shunday dedi:
«Euromoney mukofotiga sazovor bo‘lish bankda amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro darajadagi eʼtirofi hamda tanlangan taraqqiyot strategiyasining to‘g‘ri ekanligining yana bir tasdig‘idir. Biz tadbirkorlar ehtiyojlariga javob beradigan, innovatsion texnologiyalarga tayangan va yuqori sifatli moliyaviy xizmatlarni taqdim etadigan zamonaviy bankni shakllantirish yo‘lida izchil ish olib bormoqdamiz. Ushbu muvaffaqiyat bank jamoasi, mijozlarimiz va hamkorlarimizning birgalikdagi mehnati samarasidir.»
Shuningdek, korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, inson kapitali salohiyatini rivojlantirish, risklarni boshqarishning zamonaviy yondashuvlarini joriy etish va innovatsiyalarga asoslangan korporativ madaniyatni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Mazkur xalqaro mukofot «Biznesni rivojlantirish banki»ning erishgan natijalari xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak baholanganini tasdiqlab, uni Markaziy Osiyodagi eng jadal rivojlanayotgan moliya institutlaridan biri sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.
Ushbu eʼtirof bankning tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, raqamli moliyaviy xizmatlarni yanada rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda O‘zbekiston Respublikasining barqaror iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qiluvchi strategik tashabbuslarni izchil amalga oshirishida muhim rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi.
Maʼlumot uchun: Euromoney Awards for Excellence — 1992-yildan buyon Buyuk Britaniyaning Euromoney jurnali tomonidan har yili o‘tkazib kelinayotgan jahon moliya sohasidagi eng nufuzli xalqaro mukofotlardan biri hisoblanadi. Mukofot strategiya, innovatsiyalar, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati, barqaror rivojlanish, korporativ boshqaruv va institutsional transformatsiya yo‘nalishlarida yuqori natijalarga erishgan moliya institutlariga beriladi. G‘oliblar mustaqil xalqaro ekspertlar tomonidan moliyaviy ko‘rsatkichlar, biznes modeli samaradorligi, innovatsion yondashuvlar hamda moliya sohasi rivojiga qo‘shgan uzoq muddatli hissasi asosida aniqlanadi.
Manba



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0