Xato – sunʼiy idrokniki bo‘lsa, uni qabul qilgan kallalar kimniki?
Andijon shahri ko‘chalarida hamda ayrim tashkilotlar binolarida o‘rnatilgan bayramona ruhdagi bannerlarda milliy bayrog‘imizdagi 12 ta yulduz 15 taga aylanib qolganligi maʼlum bo‘ldi.
Viloyat markazidagi eko-xiyobon darvozasining ikki yoniga o‘rnatilgan - bayramona ruhdagi bannerlarda O‘zbekiston bayrog‘i 14 ta yulduz bilan aks ettirilganligi muhokamaga chiqdi. Bu haqda xabar bergan ijtimoiy tarmoq faoli Baxtiyor Foziljonovning taʼkidlashicha, bunday jiddiy xato katta yo‘l yoqasidagi bir necha yirik pannolarda ham ko‘zga tashlangan.
Faollarning qayd etishicha, bannerni tayyorlashga buyurtma olayotgan tadbirkor-ijrochilar kollaj tayyorlashga kompyuter dasturlari yordamida ijodiy yondashmay, sunʼiy idrok taqdim etgan tayyor dizayndan foydalanishmoqda. Oqibatda O‘zbekiston bayrog‘idagi 12 ta yulduz 14-15 taga, ayrim tasvirlarda hatto 16 taga aylanib qolmoqda.
Xususan, Yoshlar ishlari agentligi faoliyat ko‘rsatadigan muhtasham binoga “Yoshlar xalqimizning oltin fondi” shiori bilan yopishtirilgan ulkan peshlavhada bayroq yulduzlari soni 14 ta ekanini, soliq idoralaridan birining panjarasiga mixlangan peshlavhadagi tabrikda esa 15 ta ekanini ko‘rish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Jinoyat kodeksining 215-moddasida davlat ramzlariga hurmatsizlik qilish jarima, majburiy jamoat ishlari yoki axloq tuzatish jazosi bilan bog‘liq huquqiy oqibatlar keltirib chiqaradi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0