“Xo‘rozqandga — rost xabar, pishloqqa — yolg‘on...”
yoki matbuot anjumanini jurnalistlar ishtirokisiz o‘tkazish mumkinmi?
Joriy yil 30 iyun kuni avvaliga Andijon viloyati statistika boshqarmasi saytida, birozdan so‘ng telegramdagi rasmiy kanalida mazkur tashkilot tomonidan matbuot anjumani o‘tkazilganligi haqida ixcham xabar paydo bo‘ldi. Matnda anjumanda yanvar-may oylarida kelib tushgan murojaatlar xususida so‘z yuritilib, hisobot davridagi asosiy ko‘rsatkichlar ochiqlanganligi qalamga olingan hamda uchta surat ilova qilingan.
Ommaviy axborot vositalari taʼlim, tibbiyot, qurilish va hokazo yo‘nalishlarda bo‘lgani kabi maʼlum hududda har bir tizimda o‘n minglab hamkasblar mehnat qiladigan soha emas. Viloyatdagi gazeta, televidenie, radio va internet nashrlarda ishlayotgan ijodiy va texnik xodimlar soni nari borsa 250 nafarni tashkil etadi. Yaʼni tizimning deyarli barcha vakillari bir-birini yaxshi taniydi.
Ana shunday ishonch bilan beixtiyor suratlardagi qiyofalarga ko‘z yugurtirasiz. Qiziqki, jurnalistlar ishtirokida o‘tishi kerak bo‘lgan tadbirda na birorta OAV xodimiga, na blogerlarga ko‘zingiz tushadi.
Taajjubda xabarni “Bular bizning sohadagi odamlarmi? Taniysizlarmi?” deya boshqa jurnalistlarga uzatasiz.
Kasbdoshlar ham hayron bo‘lib elka qisishadi: “Ajabo?!”
Surishtiruvlardan so‘ng “matbuot anjumani”da davrani to‘ldirib o‘tirganlarning aksari boshqarmaning xodimlari ekani ayon bo‘ladi.
Xo‘sh, bunday maynavozchilikdan kimga nima foyda? Yarim yillik faoliyat yakunlarini jamlash arafasida – ikki oyoq bir etikka tiqilgan paytda olti oy davomida o‘tkazilmagan anjumanni “o‘tkazildi” deya hisobot bejash uchun amalga oshirilgan chorami yo?
Xassos shoir Anvar Obidjonning bolalar uchun yozgan “Xabar sotuvchi” sheʼrini o‘qigan bo‘lsangiz kerak. Gapning narxi “arzondan arzon”ligini, “xo‘rozqandga — rost xabar, pishloqqa — yolg‘on”ligini taʼkidlagan ijodkor beg‘ubor misralariga “Bolajonlar, kepqoling, xilma-xil xabar! Uni sotib olganlar ko‘rmaydi zarar”, deya quvnoq ohangda yakun yasaydi.
Shu sheʼrdan xulosa qilsak, statistika boshqarmasi tarqatgan ayni xabardan ham birovga zarar tegmaydi asli. Biroq savol tug‘iladiki, tashkilotning ochiqlik siyosatini amalga oshirishga masʼul bo‘lgan axborot xizmati tomonidan “matbuot anjumani” deb atalmish jiddiy tadbirga bunday bepisandlik qilish, boz ustiga rasmiy sahifalar orqali hech ikkilanmay ayni maʼlumotni tarqatishga kim huquq bergan? Statistika qo‘mitasi matbuot xizmatimi yoki viloyat boshqarmasining rahbariyatimi?
O‘rni kelganda aytib o‘tmasak bo‘lmas: viloyat miqyosidagi tashkilot va idoralar, quyi hokimliklar axborot xizmatlarida ishlayotgan mutaxassislarning o‘zining xizmat yo‘riqnomasida nazarda tutilgan vazifalarini nechog‘li anglab etishi hamda savodxonlik darajasini elakdan jiddiy o‘tkazish fursati etib keldi chog‘i. Boisi, bu safda tayyorlagan videokontenti ostiga yozgan to‘rt satrlik izohi yoki ikki enli rasmiy munosabatida hech yo‘g‘i ikkita imlo xatoga yo‘l qo‘ymasa, “o‘ziga o‘xshamaydigan” matbuot kotiblari ham borligi ko‘zga tashlanib qolyapti. Rasmiy kanallardagi bunday holatlar – matnlar g‘alizligi, so‘zlardagi xatolarning har abzatsda bo‘y ko‘rsatib turishi esa tashkilotlarning “yuziga” toshgan toshmadek taassurot uyg‘otishi turgan gap.
Nurillo No‘ʼmonov,
ishonch.uz Jizzax



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0