Ichan qalʼa – “Ming bir kecha” ertagiga mengzash sehrli manzil
O‘tgan yili Ichan qalʼaga tashrif buyurgan jami 526 mingga yaqin sayyohning 200 ming nafardan ziyodi xorijlik mehmonlardir. Joriy yilning o‘tgan to‘rt oyida tashrif buyurgan 200.872 sayyohning 58.124 nafarini chet elliklar tashkil etdi. Ular orasida ayniqsa Rossiya, Frantsiya, Ispaniya, Italiya, Turkiya, Germaniya, Angliyadan tashrif buyurayotganlar ko‘pchilikni tashkil etmoqda.
Nafaqat sayyohlar, balki xorijiy mamlakatlar rahbarlarining Xiva zaminiga eʼtibori va qiziqishi baland. Keyingi davrda Turkiya, Ozarbayjon, Tojikiston, Tatariston prezidentlarining qadimiy Xivaga tashrifi va muzey shahar nufuzi eʼtirof etilayotganligi ifodasidir.
Tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladigan Xiva bugungi kunda dunyo sayyohlari nigohida turgan qadimiy shahardir. Albatta, bu bejiz emas. Ko‘plab tarixiy-meʼmoriy obidalar yaxlit joylashgan Ichan qalʼaga tashrif buyurgan kishi o‘zini qadim zamonlarga, xuddi “Ming bir kecha” ertaklarida tasvirlangan sehrli bir manzilga tushib qolganday his qiladi. O‘zgacha tasavvurlar va zavq qanotida mo‘ʼjizaviy olamga sayr qilganday bo‘ladi.
Xivada ilk muzey faoliyat boshlaganiga 106 yil bo‘ldi. 1920 yil 27 aprelda Xorazm Xalq Respublikasining 1-qurultoyi qarori bilan xonlar qarorgohi bo‘lgan Ko‘hna Arkda ish boshlagan dastlabki ixcham muzey bugungi muzey-qo‘riqxonaning asosi bo‘lgan edi.
Muzeyni tashkil etishda jadidchilik harakati faollaridan hisoblangan, o‘sha davrda maorif va madaniyat noziri bo‘lgan Mulla Bekjon Rahmon o‘g‘li va Yosh xivaliklar harakati yo‘lboshchisi Mulla Jumaniyoz Sultonmurodovlar tashabbus va tashkilotchilik ko‘rsatishgan.
1967 yilda Xiva tarixiy-meʼmoriy qo‘riqxona deb eʼlon qilingan. Ochiq osmon ostidagi muzey shahar deya eʼtirof etilgan Ichan qalʼa va uning bag‘ridagi muzey O‘zbekiston Vazirlar kengashining 1969 yil 21 iyuldagi qarori bilan birlashtirilib “Ichan-Qalʼa” davlat muzey-qo‘riqxonasiga aylantirilgan. 1990 yil 12 dekabrda esa muzey-qo‘riqxona xalqaro YuNESKO tashkiloti qaroriga muvofiq umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi.
Umumiy maydoni 26 gektarni tashkil etuvchi Ichan qalʼa hududida bugungi kunda 58 ta tarixiy-meʼmoriy obida mavjud. Muzey qo‘riqxonadagi turli soha va yo‘nalishlarga oid 16 bo‘lim, 28 ta ekspozitsiyada minglab nodir eksponatlar tashrif buyuruvchilarga namoyish etilmoqda.
Muzey-qo‘riqxona fondida 57.370 dan ziyod eksponatlar mavjud bo‘lib, ulardan to‘rt mingdan ziyod nodir osori-atiqalar ko‘rgazma va ekspozitsiyalarda namoyish etilmoqda.
Ilmiy izlanishlar, arxeologik tadqiqotlar asosida ular soni yil sayin boyitib borilmoqda. Bundan tashqari, “Madaniy merosga mening hissam!” loyihasi asosida fuqarolar tomonidan muzey-qo‘riqxonaga noyob tarixiy buyumlarni beg‘araz tuhfa qilish tadbirlari ham amalga oshirilayotir. Shu loyiha yo‘nalishida joriy yilning o‘tgan davrida eldoshlarimiz tomonidan 57 ta tarixiy ashyolar tuhfa etildi.
Shuningdek, Toshhovli saroyida “Mehmonxona” intereri, “Milliy liboslarimiz – qadriyatlarimiz bezagi” ekspozitsiyasi, tarixiy obida - Yangi uslub maktabi binosida O‘rta Osiyoda birinchi foto va kino tasvirchi Xudoybergan Devonov hayoti va faoliyati aks ettirilgan ko‘rgazma, “Xorazm musiqa tarixi” bo‘limida xorazmlik mashhur sanʼatkorlarga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar tashkillashtirildi.
Turizm jozibadorligini oshirish maqsadida “Tungi Xiva” dasturi, shuningdek, sanʼatning turli yo‘nalishlarida madaniy xizmatlar yo‘lga qo‘yilgani mehmonlarga manzur bo‘lmoqda.
Xorazm viloyati qo‘g‘irchoq teatri ijodkorlari, shahar va tuman madaniyat bo‘limlari qoshidagi ashula va raqs ansambllari hamda folklor jamoalari ijrosidagi “Xon qabuli” deb nomlangan sahnaviy tomoshalar, ko‘ngilochar milliy kontsert dasturlari sayyohlarga cheksiz taassurot bag‘ishlamoqda.
Bundan tashqari Ichan qalʼa hududida o‘tkazilayotgan Xalqaro “Raqs sehri”, “Baxshichilik”, “Lazgi” raqs, festivallari, Qovun sayli, sportning kurash, kamondan o‘q otish, shaxmat, shashka, karate, boks va boshqa turlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan viloyat, respublika miqyosidagi musobaqalardan sayyohlar bahramand bo‘lishayotir.
“Ichan-Qalʼa” davlat muzey-qo‘riqxonasining turizm sohasiga doir xalqaro anjumanlar va yarmarkalardagi ishtiroki yil sayin kengaymoqda, respublika va xorijiy davlatlardagi muzey jamoalari bilan hamkorligi ham tobora mustahkamlanmoqda. Jumladan, Frantsiyaning jahonga mashhur Luvr muzeyida O‘zbekistonning turizm salohiyatini namoyish etish maqsadida tashkil etilgan ko‘rgazmada muzey-qo‘riqxonasi fondida saqlanayotgan nodir eksponatlar namoyishga qo‘yildi. Shuningdek, o‘tgan yili Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida va Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro turizm yarmarkalarida ham xivalik muzey xodimlari o‘z ko‘rgazmalari va targ‘ibot jamlamalari bilan muvaffaqiyatli ishtirok etishdi. Ko‘plab sayyohlik tashkilotlari, shu yo‘nalishdagi tadbirkorlar bilan shartnomalar imzolandi.
Otabek ISMOILOV, jurnalist.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0