Ikki yillik sarsonlikka 1211 orqali nuqta qo‘yildi
Mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, xususan, farzand tarbiyasi bilan band bo‘lgan onalarga ko‘mak berish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Biroq baʼzi joylardagi byurokratik to‘siqlar yoki tizimdagi tushunmovchiliklar sabab manzilli yordam aynan muhtojlarga etib borishida uzilishlar kuzatilmoqda. Hazorasplik Dilorom Otajonova ana shunday tushunmovchiliklar tufayli ikki yil sarson bo‘ldi.
Diloromning to‘rt nafar voyaga etmagan farzandi bor. Ro‘zg‘or tashvishlari, bolalar parvarishi bilan band ayol hech qaerda ishlamaydi. Oilaning yagona boquvchisi bo‘lgan turmush o‘rtog‘i Sheyxnazar Saloevning topgani kundalik tirikchilikka zo‘r-bazo‘r etadi.
Ilgari ajratilgan bola puli oila uchun yaxshigina madad edi. Norasidalarning kiyim-kechagi, o‘quv qurollari va daftar-kitobiga etib turgandi. Ikki yil muqaddam ijtimoiy nafaqaning to‘xtatib qo‘yilishi oilani jiddiy moddiy qiyinchilikka duchor qildi.
Ayol o‘z haq-huquqlari va farzandlari manfaati uchun turli tashkilotlar eshigini qoqdi, ammo masala hal bo‘lmadi. Axiyri O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 1211 raqamli «Ishonch telefoni»ga sim qoqdi. U yordam puli mashinasi yo‘qlarga berilishini bilgach, nomida avtoulov yo‘qligi, turmush o‘rtog‘ining kreditga olingan mototsikli borligini ham bayon qildi.
Murojaat zudlik bilan tegishli mutasaddilarga yo‘naltirildi. Ahvol atroflicha va xolisona o‘rganib chiqilgach, shu yilning iyul oyidan boshlab D.Otajonovaga bola puli qayta to‘lana boshlandi.
Muhabbat TO‘RABOEVA
«ISHONCH»



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0