+21C

+21C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Intervyu
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Suratlar so‘zlaganda...
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari
  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

Qishloqlarga qaytayotgan quvonch

Bugungi zamonaviy odam, shahar yoki qishloqda yashashidan qatʼi nazar, avvalo, eng zarur ehtiyojlari qondirilmasa, o‘zini baxtiyor his qilmaydi. Masalan, suv, elektr toki va ravon yo‘llarsiz farovon yashash qiyin.
Jamiyat
425 14:53 | 18.08.2026 14:53

Yaqinda Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida bo‘ldim. Avvalgi yillardagi vaziyatni yaxshi bilaman. Bir paytlar gazi yonib turgan, ichimlik suv uzluksiz keladigan, yo‘llari tekis qishlog‘u mahallalarda vaqt o‘tishi bilan muammolar ko‘paydi. Yo‘llar taʼmirtalab bo‘lib, ichimlik suv xonadonlarga kelmay qo‘ydi. Odamlar hovlisida quduq qazib, er ostidan suv chiqarishga majbur bo‘lishdi. Elektr taʼminotidagi uzilishlar ham odatiy holga aylandi.


Bu safar esa jonajon tumanimdagi o‘zgarishlar, obodliklarni ko‘rib, butunlay boshqa taassurotlar bilan qaytdim. Yaqin qarindoshimning kelin to‘yida qatnashar ekanman, eng ko‘p tilga olingan mavzu ichimlik suvi bo‘ldi. Chunki oradan 20 yil o‘tib, xonadonlarga yana obihayot kirib kelganiga sanoqli kunlar bo‘lgan ekan. Dasturxon atrofida o‘tirgan nuroniylar qo‘llarini duoga ochib, xalqning og‘irini engil qilgan insonlarga, Prezidentimiz va tuman hokimiga samimiy tilaklar bildirishdi. Yurtimizga tinchlik va farovonlik so‘rashdi. Keksa onaxonlarning ko‘zlari quvonchdan porlaganini ko‘rib, odamlarni baxtli qilish, eng avvalo, ularga zarur sharoit yaratib berish ekanini ham angladim.



– Uyimizda kelinu nevaralar ertalab ikki soat, kechki payt ikki soat vaqtlarini 500-600 metr naridan ichimlik suvi tashishga sarflashardi, – deydi 65 yoshli onaxon Mehrigul Safarova. – Baʼzida o‘sha yagona kran ham buzilib qolsa, qo‘shnilar o‘rtada pul yig‘ib tuzattirardik. Usta kelib tuzatgunicha suvsiz qolardik. Bir paytlar har bir xonadondagi jo‘mraklardan suvlar oqardi. Hech qachon, u tugab qoladi, deb, o‘ylamagan ekanmiz. Ammo 20 yildirki, o‘sha kranlardan suv kelmay qo‘ydi. Uzoqdan tashishdan boshqa ilojimiz qolmadi. Orada bir necha marta ushbu masalada tuman hokimligiga chiqqanmiz. Ular «Rejada turibdi, nasib qilsa o‘tkazamiz», deyishardiyu, lekin bunga hech kim ishonmasdi. Ikki oycha oldin esa tumanimiz hokimi Samandar Ostonov qishlog‘imizga kelib, aholi bilan uchrashdi va «Bu yil albatta mahallangizga ichimlik suv olib kelinadi. Taʼmirtalab ko‘chalaringizga yangi asfalt yotqiziladi», dedi. Shundan so‘ng ishlar boshlanib ketdi. Hozir Fozil Yo‘ldosh nomli qishlog‘imizdagi ko‘plab ko‘chalarga asfalt yotqizilib, obod qilindi. Aksariyatida bunday ishlar davom etmoqda.


Shu erda bir necha yil avvalgi holat yodimga tushdi. «Ishonch.uz»ning yutub platformasi orqali Paxtaboshi qishlog‘i aholisining murojaatini yoritgan edik. O‘shanda odamlar elektr taʼminotidagi uzilishlar, xarob yo‘llar sabab taksilar qishloqqa kirmayotgani, tuman markaziga borish uchun bir necha kilometr piyoda yurishga majbur bo‘lishayotganini aytishgandi. Maktabga qatnaydigan bolalarning loy kechib yurishi, ota-onalarning kundalik tashvishlari videoda aks etgandi.


Bu gal ham o‘sha qishloq ayollaridan ayrimlarini uchratdim. Ular quvonch bilan, “Qishlog‘imizga keling, ko‘chalarimizni ko‘ring, asfalt bo‘ldi. Elektr taʼminoti ham ancha yaxshilandi. Oldingi qiyinchiliklar ortda qolyapti”, deya mamnuniyat bilan gapirishdi.
Qo‘shni Bo‘dana mahallasida ham ilgari yozda chang, qishda loy bo‘ladigan yo‘llarga asfalt yotqizilganini ko‘rib quvondim.



– 2026 yil qishlog‘imiz ahli uchun quvonchli keldi, – deydi paxtaboshilik 64 yoshli faxriy pedagog Bozorboy Bobomurodov. – Shu paytgacha asfalt ko‘rmagan yo‘llarimiz tekis va ravon bo‘ldi. Taksi chaqiramizmi, tez yordam chaqiramizmi, o‘z vaqtida etib kelyapti. Xudo xohlasa, kuzgi-qishki mavsumda nevaralarimiz oldingidek loy kechmasdan maktabga borib-kelishadi. Toza ichimlik suv inson salomatligi va hayoti sifati uchun muhim bo‘lsa, bugungi texnologiyalashib borayotgan zamonda elektrsiz ishimizning unumi, xonadonimizning fayzi bo‘lmaydi. Shukrki, hammasi navbat bilan hal etilyapti.


Tumandagi eng katta bunyodkorliklardan biri «Yangi O‘zbekiston» massivining bunyod etilishi bo‘ldi. U erda 100 ga yaqin 5 qavatli aholi turar-joylar qurilib, uyga muhtoj yosh oilalar o‘z kichik vataniga ega bo‘lishdi. Bu hududda yangi maktab va bog‘cha ham faoliyatini boshlagan. Yaqin oylar ichida Xitoy bilan hamkorlikda qurilayotgan farmatsevtika korxonasini ishga tushirib, 500 ga yaqin yurtdoshlarimiz ish bilan taʼminlanishi rejalashtirilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, Bulung‘ur tumani ahli ham Respublikamiz darajasidagi yuksalishlardan ortda qolmaslik uchun ildamlamoqda.


Bu safardan shunday xulosaga keldimki, xonadoniga ichimlik suvi kirgan, ko‘chasiga asfalt yotqizilgan, farzandi loy kechmay maktabga borayotgan insonning rahmati va duosi har qanday hisobotdagi raqamlardan qimmatlidir. Bulung‘urda mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi ana shunday aholining minnatdorchiligiga sabab bo‘layotgan yaxshi o‘zgarishlar bilan kutib olinayotganida esa ramziy maʼno ham bordek. Yillar, yo‘llar bizni o‘z muammolarimizni bosqichma-bosqich hal qilishga o‘rgatayapti. Kelgusida esa bu oobodliklar ko‘lami oshib boraverishi shubhasiz.


Zebo NAMOZOVA,
Ishonch.uz



Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Jamiyat
ЧИЛЛА НИМА?
0 7520 16:57 | 05.08.2023
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat