Ko‘cha savdosidagi yashirin muammolar
Bugungi kunda yurtimizda turli xildagi ovqat shahobchalari paydo bo‘lib bormoqda. Taklifga yarasha talab ham ko‘p. Shuningdek, ko‘chada yoki bozorlarda sotilayotgan engil tamaddilarning ham bozori chaqqon. Ammo ularning aksariyatini usti ochiq, hasharotlarga to‘la, sifatsiz, sanitariya holatlariga javob bermaydigan holatlarni ham ko‘p kuzatamiz. Shunday bo‘lsa-da ishga shoshayotgan, hamyonini o‘ylaydiganlar uchun bu – ayni muddao.
Jazirama issiqlar boshlandi. Bu vaqtlarda ayni shu masala o‘zining dolzarbligini ko‘rsatadi. Negaki, ko‘cha taomlarida yaʼni shirinliklar, go‘shtli mahsulotlarda yaroqlilik muddati kam hollardagina bo‘ladi, sifati esa tez buziladi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, go‘shtli mahsulotlar issiq havoda uzoq vaqt saqlansa bakteriyalar ko‘payadi. Xususan +0° dan+ 4° gacha bo‘lgan sovuq sharoitda go‘sht 1-3kungacha sifatini saqlab turishi mumkin. Biroq harorat +20° dan oshgan holatda vaziyat keskin o‘zgaradi.
Pishirilgan go‘shtlar(qiymali) harorat 30-35 darajali issiq havoda sovutgichsiz saqlansa,1-2 soat ichida bakteriyalar faollashishi uchun qulay fursat bo‘ladi.
Go‘sht va go‘sht mahsulotlaridan tayyorlangan tamaddilarga to‘xtalar ekanmiz. Bugungi kunda 1kg mol go‘shti narxi o‘rtacha 110-170 ming so‘mdan sotilmoqda. Lekin ko‘cha va bozorlarda 10-15 ming so‘mdan ham sotilayotgan jaydari nonkaboblarni ko‘rishimiz mumkin. Go‘sht qimmatlagan zamonda nonkaboblarning narxi xaridorda shubha paydo qiladi. Kichik tadbirkorlar qanday mahsulotlardan foydalanmoqda, yaroqlilik muddati qanday, sanitariya qoidalariga javob bera oladimi? Bu savollar ochiq qoladi…
Yuqorida taʼkidlangan mavzu doirasida kichik kuzatuv qildim. Men ko‘cha va bozorga yashirin kuzatuvchi sifatida bordim. Toshkentdagi “Chilonzor buyum savdo kompleksi” AJ bozori hududida, xususan “Ippodrom” va Do‘stlik bozorlari atrofidagi sotilayotgan mahsulotlar bilan tanishdim.
Tamaddi rastalarini, xususan, nonkabob taomini ko‘zdan kechirar ekanman, mahsulotlarning usti ochiq, sifati buzilgandek ko‘ringan piyozlarga ko‘zim tushdi. Shunday bo‘lsa-da sotuvchining xaridorlari talay ekan.
Kuzatuvim mobaynida yoshi ulug‘ onaxonlar aravalarda sotib yurgan shirinliklarga eʼtiborim tushdi. Ko‘rinishidan mazali ammo chang ko‘chalarda usti ochiq sotilayotgan bu emaklar ustida ari va pashshalar bazm qilardi.
Agarda mahsulotlar sifatsizroq yoki tozalikka javob bermas ekan, nega bu mahsulotlar xaridorgir. Shu savol bilan ham xaridorlarga yuzlandim.
– Ko‘pincha turli xil kiyimlar harid qilgani kelganimizda, pulni tejash maqsadida arzon va engil taomlar bilan ovqatlanamiz. Mahsulotning sifati va taʼmidagi o‘zgarish sezilmaydi, – dedi xaridor. Ayrim sotuvchilardan yangi mahsulotni berishini so‘raymiz. Baʼzilar beradi, baʼzilari esa yo‘q.
Shunday ekan bozor iqtisodiyotida talab va taklif degan tushunchalar bor. O‘z sog‘lig‘iga beeʼtibor bo‘layotganlarni, tadbirkorlar esa inson salomatligidan ko‘ra pulni ustun qo‘yayotganlarini ko‘rib, davlat siyosati darajasida inson qadri balandda-yu, ammo odamlar o‘zaro bu mavzuda haligacha oqsoqlanmoqda ekan.
Eslatib o‘tmoqchiman, O‘zbekiston Respublikasining “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonunining 9-moddasiga muvofiq, oziq-ovqat mahsulotlari inson hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfsiz bo‘lishi shart.
Shuningdek, ushbu Qonunning 10-moddasiga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash, tashish va sotish jarayonida belgilangan xavfsizlik hamda sanitariya-gigiena talablariga qatʼiy rioya etilishi majburiy hisoblanadi.
Bundan tashqari, “Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi to‘g‘risida”gi Qonunning 14-moddasi va 20-moddasida oziq-ovqat mahsulotlarini tashqi ifloslanish, hasharotlar va boshqa zararli omillardan himoyalangan holda saqlash shartligi belgilangan.
Hulkar ESENBEKOVA,
O‘zDJTU talabasi



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0