Keyingi nishon - Grenlandiyami?
So'nggi haftalarda dunyo siyosatining eng dolzarb mavzularidan biri Donald Trampning Grenlandiyani AQSh nazoratiga olish haqidagi ochiq bayonotlari bo'ldi. U maxsus kuchlar qo'mondonlariga orolga bostirib kirish rejasini tuzishni buyurdi. Biroq yuqori martabali harbiylar bunga qarshilik ko'rsatmoqda. Ushbu pozitsiya nafaqat Daniya va Grenlandiyada, balki NATO ittifoqchilari orasida ham jiddiy xavotir uyg'otdi.
Xo'sh, Grenlandiya nega Tramp uchun bu qadar muhim?
Grenlandiya o'zi kimga tegishli?
Grenlandiya — Daniya qirolligi tarkibidagi keng avtonomiyaga ega hudud. Dunyodagi eng katta orolning o'z parlamenti va hukumati mavjud. Ammo tashqi siyosat va mudofaani qirollik boshqaradi.
Deyarli 57 ming nafar aholiga ega orol mustaqillikka intilayotgan bo'lsa-da, AQSh tarkibiga qo'shilishni qat'iy rad etdi. Grenlandiya siyosiy partiyalari qo'shma bayonotlarida «Biz faqat grenlandiyalik bo'lishni istaymiz, amerikalik yoki daniyalik emas» deya munosabat bildirishdi.
Strategik joylashuv: harbiy nuqtai nazar
Grenlandiya Shimoliy Amerika bilan Arktika o'rtasida joylashgan. Bu uni qit'alararo raketa hujumlarini erta aniqlash, Rossiya suvosti kemalarini kuzatish, AQShning havo va raketa mudofaa tizimlarini joylashtirish uchun eng qulay va muhim hududga aylantiradi.
Orolda joylashgan (Thule) harbiy bazasi Ikkinchi jahon urushidan beri AQSh uchun strategik tayanch hisoblanadi. Mavjud kelishuvlarga ko'ra, AQSh Grenlandiyaga cheklanmagan miqdorda qo'shin joylashtirish huquqiga ega, ammo Tramp uchun bu yetarli emasga o'xshaydi.
Muzlar ostidagi boylik
Iqlim o'zgarishi tufayli Grenlandiya muzlari eriyapti. Bu esa yangi dengiz savdo yo'llari ochilishini, neft' va gaz qazib olish imkoniyatini oshirmoqda. Tadqiqotlarga ko'ra, orolda uran, temir, neft' va gazning katta zaxiralari bo'lishi mumkin. Bu resurslar elektromobillar, harbiy texnologiyalar va yuqori texnologiyali sanoat uchun katta ahamiyatga ega.
Xalqaro munosabat: NATO xavf ostidami?
Frantsiya prezidenti Emmanuel' Makron 8 yanvar kuni Yelisey saroyida elchilarga qilgan yillik murojaatida vashingtonning tashqi siyosatini keskin tanqid qildi. Uning ta'kidlashicha, AQSh xalqaro qoidalarni buzmoqda va o'z ittifoqchilaridan asta-sekin yuz o'girmoqda. «Ko'p tomonlama institutlar tobora samarasiz ishlamoqda. Biz dunyoni bo'lib olish istagi kuchli bo'lgan katta davlatlar dunyosida yashayapmiz. Men AQSh Daniya suverenitetini buzishini tasavvur qila olmayman. Grenlandiya Daniya suvereniteti ostidagi hudud va shunday bo'lib qoladi», dedi Makron.
Daniya bosh vaziri Mette Frederiksenning so'zlariga ko'ra, AQShning Grenlandiyani anneksiya qilishi NATOning tugashini anglatadi.
Ma'lumot o'rnida aytish kerakki, Tramp o'zining birinchi prezidentlik davrida, ya'ni 2019 yil ham orolni sotib olish taklifi bilan chiqqan edi.
Xullas, Grenlandiya geosiyosiy o'yin markazida turibdi. Muzlar eriyotgani sari bu orol atrofidagi siyosiy kurash yanada qiziyapti.
Shoxjahon ABDURAIMOv



Maqolaga baho bering
0/51
0
0
0
0