Klinika qachon ishga tushadi?
Bugun Andijonda qaysi davrada tibbiyot mavzusidan so'z ochilsa, albatta, bir savol o'rtaga tashlanadi: «Klinika qachon ishga tusharkin?». Bu gap qariyb besh yildan buyon rekonstruktsiya ishlari yakunlanmayotgan yirik muassasa - Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasiga taalluqli.
Farg'ona vodiysida yashovchilar yaxshi bilishadiki, 1975 yilda qurib bitkazilgan 650 o'rinli ushbu dargohda yigirmata bo'limda bemorlarga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko'rsatgan. Mingdan ziyod tibbiyot xodimlari mehnat qiladigan muassasaga bir yilda 90 mingga yaqin fuqaro murojaat etar, o'rtacha 30 mingdan ortiq bemor statsionar sharoitda davolanardi.
Institut va uning klinikasi nufuzini xalqaro darajaga ko'tarish maqsadida 2021 yil 25 noyabrda vazirlar Mahkamasining «Andijon davlat tibbiyot instituti va uning klinikasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarori qabul qilinib, ustuvor vaazifalar belgilandi. Unda Andijon viloyati hokimligi Sog'liqni saqlash vazirligi, buyurtmachi va bosh pudrat tashkiloti bilan birgalikda ob'ektning qurilish-montaj hamda jihozlash ishlarini 2022 yil yakuniga qadar to'liq yakunlashi hamda foydalanishga topshirilishini ta'minlashi ko'zda tutildi. Biroq oradan bir necha yil o'tsa-da, klinikaning ochilishi ortga surilaverdi. Holbuki, 2021-2024 yillarda qurilish-rekonstruktsiya ishlariga byudjet mablag'lari hisobidan 196,4 milliard so'mlik mablag' yo'naltirilgan.
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 18 noyabrdagi tegishli qaroriga binoan esa, 2025 yildan rekonstruktsiya ishlari Andijon davlat tibbiyot instituti mablag'lari hisobidan olib borilishi ko'zda tutilgan. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, shu maqsadda 80 milliard so'm ajratilgan.
Ushbu masala o'tgan yil avgust oyida viloyat mahalliy matbuotida ham yoritilgan, jumladan, yuqoridagi savol bilan institut rahbariyatiga murojaat qilingan. Bunga javoban klinika binosi 2025 yil yakuniga qadar foydalanishga topshirilishi aytilgan. Ammo, mana, 2026 yilning birinchi oyi poyoniga yetyaptiki, ob'ekt ishga tushishidan hali-hamon darak yo'q.
Bugun klinikaning bo'limlari Andijon shahridagi 7 ta hamda Andijon tumanidagi 1 ta davolash-profilaktika muassasasi binolarida ishlayapti. Tibbiy xizmat sifati va shart-sharoitlari bilan uncha-muncha sanatoriydan qolishmaydigan bal'neologiya bo'limi faoliyati esa to'xtatilgan. Bo'limlarning tarqoq holatdagi faoliyati, beshinchi yildirki, turli soha mutaxassislarining doimiy muloqotlariga, bemorlarni davolash borasida muntazam ravishda o'zaro maslahat yig'inlari – konsiliumlar o'tkazishlariga imkon bermayotir. Qolaversa, talabalar amaliyoti borasida ham qator noqulayliklar yuzaga kelayotir.
Institut matbuot xizmatining aytishicha, ob'ekt joriy yil aprel' oyida foydalanishga topshirilishi kutilyapti. Biroq besh yillik jarayonlar xulosasiga tayanilsa, bu gapga ishonch yo'q.
Xullas, vazirlikka savol shu: Andijon ahli va minglab tibbiyot xodimlari mahtal bo'lib kutayotgan klinika qachon qaytadan ishga tushiriladi?
Nurillo NO''MONOv
Ishonch.uz



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0