Ekspert ogohlantiradi: haqorat mazmunidagi smaylik va kinoyali izohlar jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi
Ijtimoiy tarmoqlarda birovning ustidan kulish, rasmi tagiga kamsituvchi belgilar qoldirish bugungi kunda oddiy hazilga aylanib ulgurdi. Ammo qonun va sud-lingvistik ekspertizasi uchun haqoratni “hazil” deb atash tushunchasi yo‘q. Ko‘pchilik bilib-bilmay haqoratomuz, kamsituvchi, diniy adovat uyg‘otuvchi so‘zlarni o‘z nutqida qo‘llaydi. Lekin bu kabi noo‘rin foydalanilgan so‘zlar maʼmuriy va hatto jinoiy javobgarlikka tortilishi ham hech gap emas. “Ekspert” loyihamizning navbatdagi sonida so‘zlarning yashirin pragmatikasini ochib beruvchi Sud-lingvistik psixologik ekspertiza bo‘limi etakchi ekspertlaridan biri Nilufar Najmiddinova aynan shu mavzu yuzasidan suhbatlashdik.
– Hozirgi o‘zbek internet segmentida shunday so‘zlar borki, muallif uni hazil deb o‘ylaydi, aslini olganda esa bu so‘z kuchli kamsitish maʼnosini anglatadi. Aytingchi, komentlardagi eng xavfli, lekin hamma ishlatadigan so‘zlar va usullar qaysilar?
– Amaliyotimizdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida hech kimning shaxsiyatiga tegish va haqoratlash mumkin emasligi qatʼiy belgilab qo‘yilgan. Sud-lingvistik ekspertizasi xulosalarini tayyorlash jarayonida bu kabi holatlarga juda ko‘p duch kelamiz. Ko‘pincha foydalanuvchilar biror shaxsning ism-familiyasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatmasdan, unga nisbatan kinoyali, kamsituvchi fikrlar bildirishadi. Sud jarayonlarida esa javobgarlikdan qochish maqsadida: “Men uning ism-familiyasini tilga olmadim, shaxsiyatiga diqqat qaratmadim”, degan vajlarni keltirishadi. Biroq biz tadqiqot jarayonida matnning nutq pragmatikasiga (yaʼni so‘zning vaziyatga qarab anglatadigan haqiqiy maʼnosiga) eʼtibor beramiz va o‘zimizning tahliliy metodlarimiz orqali ushbu fikrning aynan qaysi shaxsga qaratilganini aniqlab, xulosa beramiz.
Ajratib olingan, mazmunan mavhum matnga baho berish ekspert uchun qiyin bo‘lishi mumkin. Shu bois biz uchun matnning to‘liq konteksti kerak bo‘ladi. Ism-familiya keltirilmagan vaziyatlarda, odatda, biror fotosurat ilova qilingan bo‘ladi va uning ostiga kinoyali, kamsituvchi yoki haqoratli izohlar yoziladi. Bunday holatda vizual tasvir va matn birlikda o‘rganilib, aybdor Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan javobgarlikka tortiladi. Agar bu kabi huquqbuzarliklar tizimli ravishda, bir necha bor takroran sodir etilsa, shaxs ancha og‘irroq bo‘lgan jinoiy javobgarlikka tortilishi ham mumkin.
– Agar biror mansabdor yoki oddiy shaxsning posti tagiga hech narsa yozmasdan, shunchaki yomon maʼno ifodalovchi smayliklar belgisi qo‘yilsa, bu lingvistik ekspertizada haqorat hisoblanadimi?
– Haqorat qilish nafaqat og‘zaki yoki yozma shaklda, balki imo-ishoralar, smayliklar (emodzi) va giflar (GIF) orqali ham amalga oshirilishi mumkin. Zamonaviy lingvistikada ularda ham haqorat belgilari mavjudligi tan olinadi.
Biz virtual ramzlarning semantikasini aniqlab, sud-lingvistik ekspert xulosasini taqdim etamiz va bunday virtual haqoratlar uchun ham qonuniy javobgarlik belgilangan. Bu kabi holatlarda nafaqat haqoratomuz so‘zlar, balki juda qo‘pol va haqoratli maʼno anglatuvchi ramziy ishoralar ham jinoyat tarkibini yuzaga keltirishi mumkin. Shu sababli, tarmoqdagi virtual ramzlar orqali birovning qadr-qimmatini toptash ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri javobgarlikka sabab bo‘ladi.
– Ko‘pchilik “dinni himoya qilyapman” yoki “millatparvarlik qilyapman” deb o‘ylab, bilmasdan jinoyat kodeksidagi eng og‘ir moddalarga (adovat qo‘zg‘atish) tushib qolyapti. Qaysi nuqtada diniy g‘urur – diniy adovatga aylanadi?
– Hozirgi vaqtda tarmoqlarda diniy adovat yoki nizo uyg‘otuvchi izohlar juda ko‘p uchramoqda. Aslini olganda, bu kompleks ekspertiza turi hisoblanadi, yaʼni tilshunoslar, siyosatshunoslar va dinshunoslar bilan hamkorlikda matnni baholashadi. Mazkur qilmishning huquqiy oqibatlari va javobgarligi juda og‘ir.
Bundan tashqari, kundalik hayotda boshqa millat vakillarini kamsitish holatlari ham tez-tez ko‘zga tashlanadi. Ko‘pchilik kundalik so‘zlashuvdagi mana shunday iboralar uchun javobgarlik yo‘q deb o‘ylaydi. Masalan, kimdir biror narsani tushunmasa, “Sen qozoqmisan?” deb qo‘yadi va o‘zi bilmagan holda butun bir millatni kamsitib, haqoratlaydi. Yoki Toshkent shahrida baʼzi fuqarolarning viloyatlardan kelgan yurtdoshlarimizga nisbatan “xarip” so‘zini ishlatishini olaylik. Bu so‘z aslida shevaga xos bo‘lsa-da, bugungi kunda inson qadr-qimmatini kamsitish va maʼlum bir hudud aholisini kamsitish maqsadida ishlatilyapti. Ko‘pchilik buning uchun qonuniy javobgarlik borligini xayoliga ham keltirmaydi, lekin bu muayyan viloyat yoki tuman aholisining shaxsiyatiga, g‘ururiga tegadigan holatdir.
Lo‘li, qozoq yoki o‘zbek-tojik millatlari o‘rtasida ham ijtimoiy tarmoqlarda turli nizoli muhokamalar kuzatiladi. Bunday holatlar bo‘yicha bizda maxsus ekspertizalar tayinlanadi va ularning natijasiga ko‘ra, aybdorlar Jinoyat kodeksining tegishli moddalari (milliy, irqiy yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) asosida juda og‘ir jinoiy javobgarlikka tortiladi. Chegarani esa lug‘at va siyosiy-huquqiy meʼyorlarning sintezi belgilab beradi.
– So‘z erkinligi bilan haqorat va tuhmat o‘rtasidagi nozik chiziqni lingvistik nuqtai nazardan qanday ajratish mumkin?
– Biz demokratik mamlakatda yashaymiz va so‘z erkinligimiz konstitutsiya bilan kafolatlangan. Lekin shuni unutmasligimiz kerakki, so‘z erkinligi jamiyat qoidalarini buzish yoki boshqalarning huquqlarini toptash huquqini bermaydi. Yaʼni, haqoratomuz va hayosiz so‘zlarni ishlatish so‘z erkinligi doirasiga kirmaydi.
Kundalik hayotda ayrim fuqarolarning tiliga o‘rnashib qolgan so‘kinish yoki haqoratli so‘zlar bor. Sudda ular ko‘pincha: “Bu mening tilimga o‘rnashib qolgan odatiy so‘z, men buni haqorat maʼnosida emas, shunchaki vaziyatga nisbatan ishlatganman”, deya eʼtiroz bildirishadi. Ammo bu bahona ham javobgarlikdan ozod qilmaydi. Taqiqlangan so‘zni ishlatish jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzish va shaxsga nisbatan hurmatsizlik deb baholanadi. Biz so‘zlarning semantikasini, ularning qaysi til yoki shevadan kirib kelganidan qatʼi nazar, qo‘llangan konteksti va pragmatik mazmuni asosida tahlil qilib, aniq xulosa beramiz.
– OAV va ijtimoiy tarmoqlarda taniqli shaxslar haqida tarqaladigan uyushtirilgan “qora piar” matnlar, tuhmat yoki noo‘rin feletonlarga qanday chora ko‘riladi?
– Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar va OAV orqali hukumat aʼzolari, davlat tashkilotlari rahbarlarining faoliyatiga nisbatan tanqidiy fikrlar bildirish juda keng tus olgan. Yuqorida aytganimizdek, tanqid – so‘z erkinligi. Ammo tanqidning ham huquqiy va axloqiy chegarasi bor.
Misol uchun, biror-bir rahbarning korrupsiyaga oid jinoyati yuzasidan sudning qonuniy hukmi chiqmagan bo‘lsa, biz uni tarmoqlarda “poraxo‘r”, “o‘g‘ri” deb ayblashga haqqimiz yo‘q. Har bir shaxsga ayb yuklashdan oldin aybsizlik prezumpsiyasiga rioya qilinishi shart. Fuqarolarimiz rahbarlarning faoliyatini asosli ravishda tanqid qilishlari mumkin, bunga hech qanday taqiq yo‘q. Biroq ularning fotosuratlari yoki videolari ostiga haqoratomuz, kamsituvchi izohlar yozish, karikaturalar orqali tuhmat va bo‘hton tarqatish qonun bilan jazolanadi.
Bu kabi holatlar yuzasidan bizga juda ko‘p murojaatlar kelib tushadi. Zero, bunday bo‘htonlar davlat tashkilotlari vakillarining ishchanlik obro‘siga jiddiy putur etkazadi. Shuningdek, mashhur shaxslarning o‘ta shaxsiy, oilaviy fotosuratlarini tarqatish yoki ular orqali tovlamachilik maqsadida tahdid qilish holatlari ham uchrab turadi. Bunday vaziyatlarda jinoyat sodir etgan profillar anonim bo‘lsa-da, huquq-tartibot organlari va bizning maxsus metodlarimiz bilan ularning shaxsi to‘liq aniqlanadi va qonuniy chora ko‘riladi.
– Oilaviy holatlarni va o‘ta shaxsiy materiallarni kishini obro‘sizlantirish uchun ishlatishda qanday javobgarlik qo‘llaniladi?
– Bu toifadagi murojaatlar ham ekspertiza amaliyotimizda juda katta foizni tashkil etadi. Ko‘pincha ikki yosh (er-xotin yoki sevishganlar) maʼlum muddat yaqin munosabatda bo‘lishadi. Orada nizo kelib chiqqandan keyin esa, bir tomon qasos olish yoki sharmanda qilish maqsadida qo‘lidagi shaxsiy foto va videolarni tarqatishga kirishadi.
Yaqinda Toshkent viloyatidan shunday bir ish bizga kelib tushdi. Er-xotin ajrashgandan so‘ng, eri ayolining o‘ta shaxsiy foto va videolavhalarini qarindoshlar va qo‘ni-qo‘shnilar aʼzo bo‘lgan umumiy Telegram guruhlariga tarqatib yuborgan. Bu ish bir marta emas, bir necha bor takrorlangan. Bu bo‘yicha jabrlanuvchi Ichki ishlar organlariga murojaat qilgan va ish bizga ekspertizaga kelgan. Matnlar va holatni o‘rganib, shaxsiy hayot daxlsizligini buzish, oilaviy sirni oshkor qilish va ayolni yaqinlari o‘rtasida qasddan obro‘sizlantirish maqsadi bo‘lgani yuzasidan sud-lingvistik xulosasini berdik. Bunday vaziyatlarda materiallarni tarqatgan shaxs to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka tortiladi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari shuni bilishlarini istardimki, biror guruhdan boshqa guruhga maʼlumot ko‘chirayotganda, birovning shaxsiy hayotiga oid surat yoki yozishmalarni tarqatish juda og‘ir oqibatlarga va uzoq muddatli qamoq jazosiga sabab bo‘lishi mumkin.
– Millat, irq yoki shaxsiyatga qaratilgan kamsitishlarni lingvistik jihatdan qanday klassifikatsiya qilinadi? Jamiyatni bundan qanday asrash mumkin?
– Bugungi globallashuv va internet zamonida men aholimizni, ayniqsa, yoshlarni hushyorlikka chaqirgan bo‘lardim. Har bir tarmoq foydalanuvchisi yozayotgan so‘zining mazmun-mohiyatiga, uning huquqiy oqibatiga jiddiy eʼtibor berishi shart. To‘g‘ri, inson hayotida stress, asabiylik, emosional o‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy. Nazoratni yo‘qotgan inson jahl ustida har qanday gapni yozib yuborishi mumkin. Biroq qonun oldida his-tuyg‘ular emas, faktlar gapiradi. Jahl ustida yozilgan oddiygina noo‘rin so‘z ham jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Hozirgi kunda hatto maktab o‘quvchilari ham ushbu masala oqibatida javobgarlikka tortilib ketmoqda. Masalan, sinfdoshlarining birga tushgan suratini olib, “hunchaki hazil” sifatida ustidan kuladigan kinoyali videorolik tayyorlashadi va tarmoqqa joylashadi. Jabrlanuvchining ota-onasi ariza berganidan keyin esa javobgarlik muqarrar bo‘ladi. Shuning uchun “so‘nggi pushaymon – o‘zingga dushman” bo‘lmasligi uchun har bir qadamni o‘ylab bosish kerak.
– Insonni hayvonga taqqoslash ham lingvistik nuqtai nazardan kamsitish yoki haqorat hisoblanadimi?
– Shaxsga nisbatan haqoratomuz yoki jirkanch hayvon nomlari ishlatilganda, albatta, javobgarlik kelib chiqadi. Biroq biz har bir holatda so‘z mazmunining qaysi tomonga ishora qilayotganiga – yaʼni nutq pragmatikasiga eʼtibor beramiz.
Amaliyotimizda mana shunday bir voqea bo‘lgan edi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri mansabdor shaxsning faoliyatidan norozi bo‘lib, sheʼriy shaklda shunday izoh qoldirgan: “Sudya borki, sudyalarning naqshidir, sudya borki, hayvon undan yaxshidir”. Bu erda muallif o‘zini oqlash uchun “Men hech kimni to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘kmadim, bu shunchaki mening subʼektiv fikrim yoki falsafiy sheʼrim” degan vajni keltirdi.
Biroq tahlillarimiz shuni ko‘rsatdiki, bu erda kinoya orqali aniq bir mansabdor shaxsning faoliyatini obro‘sizlantirish va uni hayvonga qiyoslash orqali haqoratlash maqsadi bo‘lgan. Bizning lug‘atimizda va nutqiy etiketimizda insonga nisbatan bunday kontekstda hayvon so‘zining qo‘llanishi og‘ir haqorat sanaladi va bu masalada baribir qonun oldida javob beriladi.
– Qo‘shiqlar va sheʼrlardagi uyatsiz, hayosiz so‘zlarni qo‘llashga nisbatan ham jinoiy javobgarlik belgilanishi mumkinmi?
– Sud-lingvist eksperti sifatida kimningdir ijodi yoki nutqini o‘z-o‘zidan cheklab qo‘yish bizning vakolatimizga kirmaydi. Biz tsenzura organi emasmiz. Lekin jamiyatda yashayotgan har bir fuqaro, ayniqsa, ijodkorlar umuminsoniy odob-axloq qoidalariga rioya etishga majbur.
Afsuski, bugungi kunda ayrim mashhur shaxslar, madaniyat va sanʼat vakillari o‘z ijod namunalarida behayolikni, axloqsizlikni targ‘ib etuvchi yashirin yoki ochiq so‘zlarni ishlatishmoqda. Albatta, bu bo‘yicha huquq-tartibot organlariga rasmiy murojaat yoki ariza kelib tushmasa, biz o‘z-o‘zimizdan tekshiruv boshlay olmaymiz. Ammo qonunchiligimizda axloqsizlikni, pornografiyani yoki shafqatsizlikni targ‘ib etuvchi so‘z va materiallarni tarqatish qatʼiyan taqiqlangan va buning uchun maʼmuriy hamda jinoiy javobgarlik mavjud.
Sud-lingvist eksperti sifatida har bir fuqaromizdan ijtimoiy tarmoqlarda fikr bildirayotganda, izoh yozayotganda o‘ta eʼtiborli bo‘lishlarini so‘ragan bo‘lardim. Hozirgi kunda oddiygina so‘z orqali taqdirlar sinishi, insonlar javobgarlikka tortilishi juda ko‘p kuzatilmoqda. Shunday ekan, har bir so‘zni nutq etiketi qoidalariga amal qilgan holda, o‘z o‘rnida va masʼuliyat bilan qo‘llashni o‘rganaylik!
Dildora DO‘SMATOVA suhbatlashdi
Ishonch.uz


Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0