Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligiga!
Yangi o'quv yilida eski xavotir
Milliy statistika qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, 2025 yilning yanvar-iyun' oylarida O'zbekistonda jami 68 ta maktab foydalanishga topshirilgan. Ularning qariyb yarmi – 35 tasi Andijon viloyati hissasiga to'g'ri keldi. Buxoroda 19 ta, Xorazmda 7 ta, Namanganda 6 ta va Qoraqalpog'istonda 1 ta yangi ta'lim muassasasi ishga tushirildi.
Lekin asosan aholi o'sishi va ta'lim muassasalariga talab tobora kuchayib borayotgan, bir sinfda 35-40 nafar bolalar o'qiyotgan Toshkent shahrida yarim yillik davomida birorta ham maktab qurib bitkazilmagan.
Ma'lumotlarga ko'ra, o'tgan o'quv yili boshidayoq mamlakatda 1,7 million o'quvchiga joy yetishmas edi. Bu yil esa maktab yoshidagi bolalar soni yana 282 ming nafarga ko'payishi natijasida tanqislik yanada kuchayishi haqidagi havotirlar bor. Bu, albatta, yirik shaharlar va poytaxtimizda maktablar sonini ko'paytirish masalasiga jiddiy yondashish lozimligini ko'rsatadi.
To'g'ri, bugungi kunda ko'plab xususiy maktablar tashkil etilyapti. Bu masalaning qisman yechimi sifatida ko'rilayotgan bo'lsa-da, muammoni to'liq bartaraf etish uchun keng ko'lamli choralar talab etiladi.
2025-2026 o'quv yilida O'zbekiston bo'ylab 10 mingdan ortiq maktablarga 6,75 million o'quvchi bordi. Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, ularning 720 ming nafari birinchi sinf o'quvchilaridir. Tabiiy savol tug'iladi: o'tgan yilning o'zida 1,7 million bolaga joy yetishmagan bo'lsa, yana millonga yaqin o'quvchi qaerga bosh suqishi mumkin?
Aslida bu muammo yangi ham, yangilik ham emas. Har yili bu haqda bot-bot gapiriladi, ommaviy axborot vositalari, xususan, “Ishonch” gazetasida ham bir necha bor bu masala ko'tarilgan. Ammo har doimgidek mas'ul vazirlikning masalaga aniq javobi va yoki takliflari haqida xabarimiz bo'lmadi. Xullas, yangi o'quv yilini eski xavotir bilan boshlab oldik. Bolalar kelasi yil avgustgacha amallab turishar…
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0