Mavsum boshlandi: Repetitorga talab yuqori Yoxud maktab ta'limi yetarli emasmi?
Har yili yoz fasli yaqinlashgani sayin repetitorlik xizmatlariga talab oshadi. Abiturientlar oliy o'quv yurtlariga kirish uchun darslardan tashqari mashg'ulotlarga borishadi. Bugun repetitorga murojaat qilmagan o'quvchi, bolalarining qo'shimcha darslari uchun pul sarflamayotgan ota-ona qolmadi, hisob. Savol tug'iladi: Xo'sh, nega bugun unga ehtiyoj shu qadar yuqori? Nima, maktab ta'limi oliy o'quv yurtlariga kirish uchun yetarli bo'lmaydimi?
Birinchidan, maktabda fanlar mahsus o'quv dasturlari orqali o'rgatiladi, tarbiya beriladi, dunyoqarash shakllantiriladi. Bolalar teng sharoitda ta'lim oladi. Lekin bu umumiy yondashuv hamma o'quvchining ham ehtiyojini birdek qondira olmasligi mumkin. Negaki, ularning o'zlashtirish qobiliyati har xil bo'ladi.
Misol uchun, ba'zi o'quvchilar kech o'zlashtiradi, ba'zilari esa tez. Boz ustiga, bitta sinfda 30-40 nafar o'quvchi bo'ladi. O'qituvchi esa bitta. 45 daqiqalik dars davomida u ham yangi mavzuni tushuntirishi, mashg'ulotlar o'tishi, ham uy vazifalarini tekshirishi kerak bo'ladi. Tabiiyki, bunga imkon yo'q…
Bundan tashqari, ustozni bir olam hujjatlar va tashkiliy ishlar kutib turadi. Hozir aytadigan gapim xato bo'lishi mumkin, lekin, baribir, aytaman. Talab yuqori, yuklamalar ham. O'qituvchi bir yildan keyin umuman kerak bo'lmaydigan, makulaturaga ketadigan qog'ozlarni to'ldirsinmi yoki dars o'tsinmi?
Navbatdagi sabab bu – ixtisoslik. Ya'ni, o'quvchi oliy ta'lim muassasasiga kirish uchun bitta yo'nalishni tanlaydi va uni chuqur o'rganishga kirishadi. Bizda esa yuqori sinf o'quvchilari uchun hamma maktabda ham bunday imkoniyat yo'q. Bo'lsa ham, eshitishimizcha, nomiga, hisobot uchun o'tiladi. 9-11 sinflar uchun mashg'ulotlarni sal bo'lsa-da, yengillashtirgan holda o'zlari tanlagan yo'nalishlar bo'yicha o'tish tizimini kengroq yo'lga qo'yish kerakdir, balki…
Repetitor esa maxsus fanlarga alohida vaqt va e'tibor ajratadi. Imtihonlarga tayyorlanayotgan abiturientlar uchun muhim yordamchiga aylanadi, uni bitta yo'nalishni tanlab, chuqur o'rganishga o'rgatadi.
Xizmatlar narxi masalasiga kelsak, odatda repetitorlik uchun kurslarga va bevosita mahsus muallimga murojaat qilinadi. Bugun o'quv kurslarining bir oylik narxlari 400 mingdan boshlab, 1,5 milliongacha. Xo'sh, bunga hamma oilaning ham imkoni yetadimi? Yurtimizda mehnat qilayotgan barcha ota-onalarning oylik daromadlari yetarli, deb o'ylaysizmi? Aslo unday emas. Qolaversa, bir oilaning, kezi kelganda, birdaniga 2-3 farzandi qo'shimcha darslarga repetitorga ehtiyoj sezishi mumkin.
Nima qilmoq kerak? Yuqoridagi muammo maktab ta'limi ustida chuqur o'ylab ko'rish kerakligini anglatadi. Bizda esa yil sayin o'zgarib borayotgan maktab darsliklari, o'quv dasturlari borasidagi masalalar hamon ko'ndalang turibdi. Xitoy maktablarida bir sinfda 40-50 nafar o'quvchi ta'lim oladi. Ular darsni o'zlashtiradilar. Yaxshi o'zlashtirmagan o'quvchiga qo'shimcha uy vazifalari va testlar, kuchsiz o'quvchilar uchun alohida korrektiv guruhlar tashkil etiladi.
Balki bizda ham ushbu tizimni yo'lga qo'yish kerakdir… Ma'sullar bu haqda nima deyisharkin?
Adolat BAXTIYoROVA,
O'zJOKU 1- bosqich talabasi
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0