“Men uchun Vatan onamning yuragidan boshlanadi…”
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida uyushma a'zosi Muhammad Ismoilning “Boshimdagi tojim onam” nomli kitobi taqdimoti bo'lib o'tdi.
Taqdimotda elning suyukli shoir va yozuvchilari, adabiyot ixlosmandlari, shoirning ijodkor do'stlari va OAV vakillari ishtirok etdi. Tadbirni O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo'yicha birinchi o'rinbosari Minhojiddin Mirzo ochib berdi.
Kitob taqdimoti hazil-mutoyibaga boy bo'ldi. Shoirning zamondoshlari so'zga chiqib, eng iliq fikrlarni bildirdi.
– Do'stimiz Muhammad Ismoilning ushbu kitobi bilan tanishib chiqar ekanman, yashirmayman muallifga chin ko'ngildan havas qildim. Sababi 60 yoshda onasiga butun mehr-muhabatini izhor qilish, erkalanish, qalbining tub-tubidagi izhorlarini bildirish katta baxt. Haqiqatdan ham hammamiz uchun mehrni insoniylikni eng buyuk siymosi onalarimiz qalbidan boshlanadi. Prezidentimizning 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bildirgan tabrigida ma'naviy tarbiyani “Ezgulik – shiorimiz, ma'rifat – qurolimiz” degan g'oya asosida avvalo oiladan, mahalladan boshlashimiz zarurligiga alohida e'tibor qaratdilar, – dedi Minhojiddin Hojimatov.
— “Boshimdagi tojim onam” nomli kitob bugun barcha ijod ixosmandlarini bir joyga jamlaganidan mamnunman, – dedi “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, ustoz jurnalist Ahmadjon Meliboev. –Muallif “…Men uchun Vatan onamning yuragidan boshlangan. Mening shoirligim shu yurakning tarbiyasida voyaga yetdi. Shu yurak haroratidan taft oldi, shu taft qo'limga qalam tutqazdi” deya qoralaydi.
Kitobni ko'zdan kechirar ekanmiz, onalarning farzandi uchun barcha qiyinchiliklarga bardosh berishi, o'z jigarbandi uchun kerak bo'lsa jonini qurbon qilishgada tayyorligi tasvirlanadi. “Adabiyot va san'at” gazetasida ishlagan yillarim ko'p shoir-u- yozuvchilar she'r va maqola, esselar ko'tarib kelardi. Ulardan “Onang bilan tushgan rasming bormi?” deb so'rasam mum tishlab qolardi. Qanchadan-qancha shoirlarning bisotida onasi bilan rasm tushishga undagan inson men bo'laman. Sababi, inson g'aflatda yasharkan. O'zimning ham onam bilan birga tushgan bittagina suratim borligidan nihoyatda hafa bo'lib ketaman. Kitobni varaqlab, Muhammadga havas qildim. Bir-biridan yorqin xotiralarni eslatuvchi suratlari bor.
Muhammadjon uchun eng katta boylik onaning duosi ekani shu kitobda yaqqol namoyon bo'ladi. Zero, millatimiz ona duosini doim ulug' qadriyat sanagan. Bu kitobni o'qigan odam o'zini taftish etadi. Vodiyda ijodiy uchrashuvlarda bo'lganimizda adabiyot muxlislari Muhammadjonning she'rlarini uning o'zi bilan jo'rovozlikda aytib berishganiga guvoh bo'lganman. Ijodkor uchun bundan ortiq baxt bo'lmasa kerak. Hammamiz uchun ushbu kitob, ibrat va taftish kitobi bo'ldi.
Farida Afro'z, shoira:
— Muhammad Ismoil shu dunyoning o'zida jannatda yashayotgan insonlardan biri. U hayoti davomida o'zi uchun bir qadam tashlasa, onasi uchun o'n qadam oldinga qadam bosdi. Balki, shuning uchun ham uning ijodi sermahsuldir. Onangning yuzga kirishi bu haqiqiy baxt. Men ham bundan ilhomlanib, “Bolam, seni baxtingga yuzga kirib bersaydim” deb nomlangan she'r yozgan edim. Onasi yonida qo'lini duoga ochib turgan har qanday kishining ishi yurishadi, omad kulib boqadi. Muhammadjon o'z so'zida turadigan, subutli odam. Bu xislat unga mard onasidan o'tgan. Onalari bilan ko'plar qatori men ham suhbatda bo'lganman, nihoyatda mehmondo'st shirinso'z ayol. Millat onasi bo'lsa, shu ayoldek bo'lar-da, deb o'ylaganlarim yodimda. Muhammad Ismoilning yozganlarini odam esse o'qigandek mazza qilib o'qiydi. Uning shu paytgacha ko'p kitoblari nashrdan chiqqan, ammo bu o'zgacha fayzli, iliq kitob bo'libdi.
Tadbirda Muhammad Ismoilning ijodkor do'stlari so'zga chiqdi. Uning ijodiy faoliyati haqida batafsil so'z yuritildi.
Yangi kitobda muallif o'z onasi timsolida o'zbek onalariga ta'rif beradi. Shuningdek, adibning xulosalari, tajribalari, saboqlari, kuzatishlari jamlangan “Yon daftarimdagi bitiklar”i ham ushbu kitobdan o'rin olgan. Unda muallif inson, jamiyat hayoti haqida o'z fikrlarini bayon etadi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga “Boshimdagi tojim onam” kitobi tuhfa etildi.
Feruza Rahimova, E'zoza Umrzoqova
ISHONCH
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0