Nega haligacha dollarfurushlar yo‘qolmayapti?
Esimda, bir tanishim yig‘ib qo‘ygan pullarini AQSh dollariga ayirboshlab, valyuta kursi oshganida ularni sotish maqsadida saqlab qo‘ymoqchi bo‘lgandi. O‘zi chekkaroq hududda yashagani uchun, tuman markaziga borib, bankda navbat kutib, yarim kun vaqtini sarflashni istamadi. Shuning uchun valyuta savdosi bilan shug‘ullanadigan odam topib, mablag‘ini 700 AQSh dollariga ayirboshladi. Vaqt o‘tib kurs narxi oshdi. Asrab qo‘yganini sotmoqchi bo‘lganida esa o‘sha 700 AQSh dollarining faqat 300 dollarigina haqiqiy, qolgani soxta bo‘lib chiqdi. Keyinchalik qancha izlamasin, o‘sha so‘mini valyutaga alishtirgan odamni topolmadi. Xullas, ovora bo‘lmaslik yo‘lini tanlagani tanishimga ancha qimmatga tushgandi.
Siz ham bozorlar va gavjum joylarda “Dollar olamiz”, “Dollar sotamiz” deb turgan odamlarni ko‘rganingizda, bu ish noqonuniy bo‘la turib, o‘sha odamlarning qanday bemalol faoliyat yuritayotganidan hayratlanganmisiz?
Chunki O‘zbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, valyuta operatsiyalarini amalga oshirish faqat Markaziy bank tomonidan litsenziya berilgan vakolatli banklar va rasmiy ayirboshlash shoxobchalarigagina ruxsat etilgan. Ko‘cha yoki bozorda “Dollar olamiz-sotamiz” deb turgan shaxslarning faoliyati to‘liq noqonuniy hisoblanadi. Bunday shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining tegishli moddalari asosida maʼmuriy, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 176-moddasi “Noqonuniy tadbirkorlik” hamda 186-moddasi “Pul belgilarini qalbakilashtirish” bo‘yicha esa jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Ayniqsa, soxta valyuta tarqatish alohida og‘ir jinoyat bo‘lib, uni sodir etgan shaxslarga ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazolar qo‘llaniladi.
Eʼtiborimni tortgan jihat, Chorsu metro bekatidan bozor tomonga yuraverishda 3 nafar dollarfurush shundoq kameraning tagida valyutalarni ayirboshlayotgani bo‘ldi. Agar bu faoliyat noqonuniy bo‘lsa, nega ular ochiqchasiga ishlashda davom etmoqda? Bu nazorat sustligidanmi yoki muammodan ko‘z yumilmoqdami? Albatta holatning bir necha sababi bor. Birinchidan, nazorat organlari tomonidan muntazam tekshiruvlar etarli darajada olib borilmaydi. Ikkinchidan, ko‘pchilik aholi bunday operatsiyalarning noqonuniy ekanligi haqida xabardor emas. Uchinchidan, bank xizmatlaridan foydalanish, ayniqsa, chekka hududlarda, hali ham qiyin va vaqt talab qiladigan jarayon bo‘lib qolmoqda. Ana shu bo‘shliqdan esa dollarfurushlar mohirona foydalanmoqda. Aholi esa qulaylikni afzal ko‘radi. Bankka borish, navbat kutish o‘rniga yaqin atrofdagi “tanish” odamga murojaat qilish osonroq tuyuladi. Lekin aynan mana shu “qulaylik” ko‘pincha yuqoridagi misolimizdagi kabi katta yo‘qotishlarga olib keladi. Mavzuni chuqurroq o‘rganish maqsadida valyuta ayirboshlayotgan fuqarolar bilan suhbatlashdim. Ulardan biri Tojikistondan kelgan juftlik edi. Nega bank emas, noqonuniy ayirboshlovchilarga murojaat qilganini so‘raganimda:
– Bugun shanba, banklar ishlamaydi. Biz ertaga Tojikistonga qaytib ketishimiz kerak, – deya javob berdi. Keyingi fuqaro esa:
– Bankka borib navbat kutishni istamayman. Mening navbatim kelguncha yopilib qolsa-chi? Yaxshisi, yaqin joydan olishni maʼqul ko‘rdim, – dedi.
Uchinchi xaridor esa “Bankdan foydalanishni maʼqul ko‘raman. Avval ham dollarni ko‘chadagi olibsotarlarga sotganimda pulning miqdori kam chiqqandi. Buni uyga borib bilganman, andisha qilib indamaganman. Ammo bugun so‘m juda zarur bo‘lib qoldi. Uyimga yaqin atrofda valyuta ayirboshlash shaxobchasi yo‘qligi uchun bu erga kelishga majbur bo‘ldim, – dedi. Suhbatlardan ham ko‘rinib turibdiki, valyuta savdosida ko‘chadagi olibsotarlarga aldanish xavfi yuqori. Ammo bankomatlar uzoqda joylashgani yoki banklar ishlamayotgani bois yurtdoshlarimiz ana shu xavfli yo‘lni tanlashga majbur bo‘lishmoqda. Nega hamma joyda ham valyuta ayriboshlash uskunalari mavjud emas? Bu nimalar bilan bog‘liq? Ushbu savol bilan mutaxassisga murojaat qildik.
– Dollarfurushlar kam, yo‘qolib ketayapti. Lekin bozor va shunga o‘xshash joylarda haligacha bor, – deydi XATB “Davr bank” ichki nazorat departamenti bosh mutaxassisi Doston Nurullaev. – Hozir butun respublikamizda bank tizimi yaxshilangan. Ilgari bunday emasdi. Fuqarolar xohlasa dollarni bankomatlar orqali, xohlasa bankka borib sotib olishi yoki sotishi mumkin. Bosqichma-bosqich valyuta ayirboshlash shaxobchalari soni oshirib borilmoqda. Ammo afsuski, tuman markazidan olisdagi qishloq va hududlarda ular etarli emas. Hattoki, viloyatlardagi markaziy shaharlarda ham hammasi aʼlo darajada deb ayta olmaymiz. Chunki bu o‘sha hududagi infratuzilma bilan ham bog‘liq. Apparatlar juda qimmatga xorijdan keltiriladi. Ularni saqlab turish uchun ham sharoit, muntazam internet ishlab turadigan muhit kerak. Qolaversa, yog‘in-sochinli kunlarda unga zarar etmasligi taʼminlangan bo‘lishi lozim. Ana shu kabi sabablar tufayli valyuta ayirboshlovchi texnikalarning qishloqlarga etib borishi qiyin bo‘lyapti. Biroq vaziyat oldingidan ancha yaxshi. Buni yurtdoshlarimiz anglashlari va noqonuniy xizmatlardan foydalanmasliklari kerak. Hozir barcha banklarning ilovalarida ham kartadagi so‘mni chet el valyutasiga yoki chet el pulini so‘mga almashtirish imkoniyati bor. Shunday bo‘lsa-da, ayrim fuqarolarimiz bu qulayliklardan foydalanmasdan, o‘zlari oldindan o‘rgangan ishonchsiz usullarni tanlashmoqda.
Mavzuni o‘rganganimizda bu kabi muammoni enggan davlatlar tajribasi bilan ham tanishdik. Masalan, Yaponiya noqonuniy ayirboshlovchilarga qarshi keskin kurashish o‘rniga, aholiga qulay va ishonchli muqobil tizim yaratgan. Anhor.uzning maʼlumot berishicha, O‘zbekistonda infokiosklar va bankomatlarning umumiy soni 2025 yilda 33 ming 650 tani tashkil etgan. Biroq ularning hammasi valyuta almashtira olmaydi. Valyuta almashtiruvchi bankomatlar asosan turistik shaharlarda, xalqaro aeroportlarda, yirik savdo markazlarida, markaziy banklarning asosiy filiallarida, 5 yulduzli mehmonxonalarda joylashgan. Turistlar kamroq keluvchi hududlar va chekka joylarda bunday bankomatlar deyarli yo‘q.
Demak, xulosa qilish mumkinki, qora bozordagi valyuta savdosiga qarshi faqat taqiqlar bilan kurashish etarli emas. Odamlar uchun qulay, tezkor va xavfsiz tizim yaratilmaguncha, “dollar olamiz-sotamiz” degan chaqiriqlar yana va yana yangrayveradi. Aniqrog‘i, valyutafurushlar turadigan joylarda va chekka hududlarda ham bankomatlarni ko‘paytirsakkina, ularning noqonuniy faoliyati o‘z-o‘zidan barham topadi. Xo‘sh, siz bunga nima deysiz?
Gulhayo PRIMOVA,
O‘zJOKU talabasi



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0