Reytingingiz nimalarga asoslangan?
Yaqinda Biznes-ombudsman tadbirkorlar bilan ishlashning darajasi mavzusida shunga o'xshash reyting e'lon qildi. Undagi o'rinlarni ko'rib, «Ishonch.uz»da savollar paydo bo'ldi. Misol uchun, bir savol tayyorlanib, Soliq qo'mitasiga yo'llandi. Сhunki reytingda qo'mita «-45 ball» bilan eng oxirgi o'ringa loyiq topilgan edi.
«Buni siz qanday izohlaysiz?», degan savolga Soliq qo'mitasi raisining birinchi o'rinbosari Mubin Mirzaev imzosi bilan javob keldi. Unda rais o'rinbosari bu reyting nimaga asoslanib tuzilgani noma'lumligiga urg'u berib, «adolatli, qonuniy asosda ishlab chiqilmagan», deya tariflagan va «shu sababli reyting ko'rsatkichini to'g'ri deb aytishga asos yo'q», deya xulosasiga nuqta qo'ygan. Tahririyat bu fikrni ham javob o'laroq qabul qildi va gazetada chop etdi.
Lekin mana bu reytingni ko'rib savollar yanada ko'paydi. Rostan ham bu kabi reytinglar qanday tartibda, qaysi mezonlarga asosan tayyorlanmoqda? Ularni e'lon qilishdan maqsad ushbu mutasaddi tashkilotlar faoliyatiga baho berish bo'lsa, balki uning shakllanish jarayonlari ham ochiqroq, shaffofroq bo'lishini ta'minlash kerakdir?!
Shu o'rinda ta'kidlash lozimki, Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi omma e'tiboriga havola qilgan ushbu reyting haqida ham ba'zi mulohazalar bor. E'tiborli jihati, Soliq qo'mitasi bu reytingda butunlay boshqa «maqom»da, ya'ni korruptsiyaga qarshi «qaqshatqich kurashayotgan tashkilot» o'laroq «Yaxshi» baho bilan 4-o'rinda turibdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda qo'mita xodimlarining oylik maoshlar pasayib ketgani, qolaversa ish tartibidan rozi emasliklari haqida bot-bot chiqishlar qilib turganini ko'rmayotgan odam bo'lmasa kerak. Biz bu gaplarni to'g'ri-noto'g'ri, deb fol ochmoqchi emasmiz, biroq, agar oylik maoshlar borasidagi gaplarda zig'ircha haqiqat bo'lsa, ularning past darajada qolishi nazorat qiluvchi organlarda korruptsion holatlarning chandon oshishiga sabab bo'lishi ham hech kimga sir emasligini qayd etmaslikdan boshqa iloj yo'q. Demak, bu reytingdagi ko'rsatkichdan so'ng ayni shu mantiqiy savolga javob berish kerakligi ayon bo'ladi.
Energetika vazirligi faoliyatida yangiliklar juda ko'p. Soha tobora rivojlanayapti, bu bor gap. Bu ishda vazirlikdagi novator rahbarlarning faoliyatini his qilish qiyin emas. Shu bilan birga, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida milliardlab so'mlik gaz noqonuniy sotilishi, o'g'riliklar haqida bot-bot o'qib turibmiz. Bu mablag'larning qaytarilayotgani yoki qaytarilmayotgani alohida masala, biroq shunday qonun buzilishlaridan sohaning bevosita AGNKSlar bilan ishlash tizimidagi xodimlarining xabari bo'lmasligi «mumkin emas»ligini kim inkor eta oladi? Yaqinda minglab tonna sifatsiz benzin AI-80 benzin narxida sotilgani, yana bir axborotda qayd etilgan yonilg'i quyish shoxobchalarida o'n minglab tonna sifatsiz benzin topilgani kabi holatlar o'rganilganmi? Aniq gapki, bu benzin shoxobchalarga osmondan yog'ilmagan, kimdir, qaerdandir o'nlab tonnalab sotib olgan va olib ketgan o'sha manzilga. Savol sizda ham tug'ilayotgan bo'lsa ajab emas.
Madaniyat vazirligi faoliyatiga oid e'lon qilingan ko'pdan-ko'p mulohazalar vazirlikning qoniqarli reytingga munosib topilishiga monelik qila olmagani ham e'tiborga molik.
Darhaqiqat, agentlikning reytingda mutlaqo «qoniqarsiz» deb baholagan idora va tashkilotlari haqida e'tiroz bildirmaymiz. To'g'risi, G'aznachilik xizmati qo'mitasi faoliyati haqida vazirlikka yo'llagan savollarimiz hali biror bir jo'yali javobga munosib topilmaganligi bizni taajjublantirmayotgan edi ham. Сhunki, nazarimizda ularga jo'yali javobning o'zi ham yo'q bo'lsa kerak...
Shu kabi mulohazalardan kelib chiqib Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi bu reytingning qanday asoslarga ko'ra tayyorlangani haqida izohlar bersa, degan haqli so'rov paydo bo'lmoqda…
Tahririyat
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0