“Qora oltinchi”lar tashkiloti: OPEK nima va nega muhim?
2026 yil 28 aprel oyi oxirida BAA Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPEK) aʼzoligidan chiqishini eʼlon qildi. Bu Yaqin Sharqdagi asosiy neft eksportchisining guruhdan birinchi marta chiqib ketishidir. BAA butun OPEK ishlab chiqarishining 11,9 foizini tashkil qiladi. Bunga Eron atrofidagi vaziyatning keskinlashuvi, BAAga hujumlar va Hormuz bo‘g‘ozidagi chigal vaziyat sabab bo‘ldi. Xo‘sh, OPEK qanday tashkilot va nima uchun muhim, BAA nega undan chiqib ketdi degan savollar tug‘iladi.
Neft dunyodagi asosiy energiya manbai va zamonaviy iqtisodiyot uchun muhim xomashyo hisoblanadi. Ko‘pgina mamlakatlarning farovonligi va barqarorligi neft bozoriga bog‘liq. Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPEK – ingl. The Organization of the Petroleum Exporting Countries) esa 1960 yilda neft qazib olish siyosatini muvofiqlashtirish, muntazam mahsulot etkazib berishni taʼminlash va bozorlarni barqarorlashtirish uchun tashkil etilgan hukumatlararo tuzilmadir. U aʼzo davlatlar o‘rtasida kvotalar shaklida taqsimlanadigan umumiy ishlab chiqarish limiti belgilash orqali neft narxlarini tartibga soladi.
Tashkilot yirik neft qazib oluvchi davlatlar - Iroq, Eron, Saudiya Arabistoni, Quvayt va Venesuela tomonidan tashkil etilgan. OPEK aʼzolari soni bir necha bor o‘zgargan. Hozirda tashkilot 12 ta davlatdan iborat: beshta asoschi davlatdan tashqari, bular Jazoir, Gabon, Kongo Respublikasi, Liviya, Nigeriya, Birlashgan Arab Amirliklari (sobiq) va Ekvatorial Gvineyadir. Bu mamlakatlar dunyodagi tasdiqlangan neft zaxiralarining taxminan uchdan ikki qismini tashkil qiladi, bu zaxiralarning taxminan 65% Yaqin Sharqda joylashgan. OPEK aʼzolari global neft qazib olishning taxminan 40 foizini tashkil qiladi.
OPEKning boshqaruv organi - bu aʼzo davlatlar konferentsiyasi bo‘lib, u muntazam ravishda, odatda neft va energetika vazirlari darajasida yig‘iladi. Tuzilmaning bosh ijrochi organi Vena shahrida joylashgan Bosh kotib boshchiligidagi doimiy kotibiyat sanaladi. Tashkilot byudjeti ishlab chiqarish yoki eksport hajmidan qatʼi nazar (o‘rtacha 1-2 million dollar) aʼzo davlatlarning yillik teng badallari hisobidan shakllantiriladi.
OPEK xartiyasiga ko‘ra, aʼzolik “xom neftning katta miqdorda sof eksportiga ega bo‘lgan va manfaatlari odatda aʼzo davlatlarning manfaatlariga mos keladigan har qanday mamlakat” uchun ochiq. Yangi aʼzolarni qabul qilish yoki aʼzolikni tiklash to‘g‘risidagi qaror OPEK konferentsiyasida qabul qilinadi. Barcha aʼzo davlatlarning uchdan to‘rt qismining ijobiy ovozi etarli, shu bilan birga taʼsischi davlatlarning roziligi talab qilinadi. Agar nomzod davlat aʼzolikka ega bo‘lmasa, unga assotsiatsiyalashgan aʼzo maqomi berilishi mumkin, bu unga OPEK boshqaruv organining barcha yig‘ilishlarida ishtirok etish huquqini beradi, ammo ovoz berish huquqisiz. Bu maqom shuningdek, taʼsischi davlatlarning ovozlarini ham qo‘shgan holda OPEK aʼzolarining uchdan to‘rt qismining roziligini talab qiladi.
Agar biror mamlakat tashkilotdan chiqishga qaror qilsa, u o‘z qarorini konferentsiyada eʼlon qilishi shart. Chiqish keyingi kalendar yilining boshida kuchga kiradi, chunki mamlakat o‘zining moliyaviy majburiyatlarini bajarmasdan tashkilotni tark eta olmaydi.
OPEK tarixida o‘tgan asrning 70-yillari muhim o‘rin tutadi. Tashkilot va Qo‘shma Shtatlar qarama-qarshiligi prezident Nikson Amerika iqtisodiyotini rag‘batlantirish maqsadida oltin standartini bekor qilganida - dollarni oltin narxidan ajratganda kuchaydi. Bu neft eksportchilari uchun moliyaviy yo‘qotishlarga olib keldi, ular o‘z daromadlarini dollarda olishardi. Keyin, 1973 yil oktyabr oyida “Qiyomat kuni” urushi sodir bo‘ldi, bu Isroilning arab dunyosi bilan to‘rtinchi mojarosi edi. G‘arb mamlakatlari Isroilni qo‘llab-quvvatladilar. OPEK aʼzolari ishlab chiqarishni keskin qisqartirishdi, neft narxlarini 70 foizga oshirishdi va keyin Qo‘shma Shtatlar, Niderlandiya va Portugaliyaga etkazib berishga embargo qo‘yishdi. Bu neft tanqisligi, inflyatsiyaning o‘sishi va keyinchalik G‘arb mamlakatlari uchun stagflyatsiyaga olib keldi.
Neft bozoridagi vaziyat o‘n yillikning oxirigacha davom etdi: 1973 yildan 1980 yilgacha bir barrel uchun narx o‘n baravar oshdi. OPEK aʼzolarining xazinalari neft dollarlari bilan to‘ldirildi. Ko‘pgina mamlakatlar keng ko‘lamli iqtisodiy rivojlanish dasturlarini amalga oshirdilar va chet ellarga, jumladan, Qo‘shma Shtatlar va Evropaga investitsiya kiritdilar. OPEK shuningdek, xalqaro rivojlanish jamg‘armasini ham tashkil etdi.
G‘arb mamlakatlari yangi sharoitlarga darhol moslasha olmadilar, ammo oxir-oqibat umumiy energiya sarfini kamaytirdilar va boshqa neft manbalarini, masalan, Norvegiya, Buyuk Britaniya va Meksikani topdilar. SSSR ham dollar zonasiga eksportini ko‘paytirdi: 1970 yilda u 67 million tonna neft eksport qilgan bo‘lsa, besh yildan so‘ng u 93,1 million tonnaga, 1980 yilga kelib esa 119 million tonnaga ko‘tarildi.
Qiziq tomoni, ushbu tashkilot aʼzolari orasida urushlar sodir bo‘lgan. 1980-yillarda neft narxi pasayib ketdi. 1986 yilga kelib, OPEK aʼzolarining daromadlari 60-80 foizga kamaydi. Vaziyat 1980 yildan 1988 yilgacha davom etgan Eron-Iroq urushi bilan yanada og‘irlashdi, o‘shanda ikki OPEK aʼzosi to‘qnashdi. Keyin 1990-1991-yillardagi Fors ko‘rfazi urushi yuz berdi, Iroq Quvaytga bostirib kirdi. Bu maʼlum vaqt tashkilotning birligiga putur etkazdi.
OPEK aʼzolari soni bir necha bor o‘zgargan. Eng so‘nggi aʼzolar Ekvatorial Gvineya (2017 yil may) va Kongo Respublikasi (2018 yil iyun) bo‘lgan. Tashkilot tarixida aʼzolarning chiqib ketishi va qaytishiga oid bir nechta misollar mavjud. Masalan, 1973 yilda qo‘shilgan Ekvador OPEKni ikki marta tark etdi: 1992 yilda kvotalar bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli, 2007 yil noyabr oyida qayta qo‘shildi va keyin 2020 yil yanvar oyida byudjet taqchilligi va katta tashqi qarz sharoitida daromadlarni ko‘paytirish zarurati tufayli yana chiqib ketdi. Gabon 1975 yildan 1995 yilgacha OPEK aʼzosi bo‘lgan, aʼzolik badallari bo‘yicha nizolar tufayli chiqib ketgan va 2016 yilda qayta qo‘shilgan. 1962 yildan beri aʼzo bo‘lgan Indoneziya 2009 yilda tashkilotni tark etdi va sof eksportchi maqomini yo‘qotdi. U 2016 yilda qaytib keldi, ammo o‘sha yilning noyabr oyida zarur ishlab chiqarish hajmini taʼminlay olmagani uchun yana aʼzoligini to‘xtatdi.
Shuningdek, tuzilmani butunlay tark etgan mamlakatlar ham bor. Qatar 2019 yil 1 yanvarda tashkilotni tark etdi va buni “texnik qadam” deb atadi, chunki mamlakat gaz qazib olishga eʼtibor qaratgan edi. Angola 2024 yil yanvar oyida OPEKni tark etdi va kvotalarga qarshi ekanligini eʼlon qildi. U cheklovlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va byudjet daromadlarini saqlab qolishga to‘sqinlik qilayotganiga ishongan.
2026 yil 28 aprelda BAA OPEK va OPEK + (OPEK aʼzolari va Rossiyani ham o‘z ichiga olgan yana 10 ta davlatdan iborat koalitsiya)dan chiqib ketayotganini eʼlon qildi. 2026 yil fevral oyida Hormuz bo‘g‘ozi blokadasidan oldin BAAning kvotasi kuniga 3-3,5 million barrelni tashkil etdi (Saudiya Arabistoni va Iroqdan keyin uchinchi o‘rinda), bu OPEK umumiy ishlab chiqarishining 11,9 foizini, OPEK + ishlab chiqarishining 7,3 foizini va global ishlab chiqarishning taxminan 4 foizini tashkil qiladi.
Mamlakat energetika vaziri Suhayl al-Mazruiy tashkilotdan chiqish qarorini neft siyosatini mustaqil ravishda belgilash istagi bilan izohladi. So‘nggi yillarda mamlakat OPEK kvotalariga qarshi chiqdi, bu qiymatlarni juda past deb hisobladi (BAA aslida kuniga qariyb 5 million barrel ishlab chiqarish quvvatiga ega). Nima bo‘lganda ham, BAAning ushbu qarori jahon bozoriga taʼsir qilishi va tashkilot obro‘siga xavf solishi aniq.
Abror Zohidov



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0