Qoraqalpog'istonda energiya samarador loyihalar amalga oshirilyaptimi?
Bugungi kunda butun dunyoda tabiatni asrash, resurslardan oqilona foydalanish va ekologiyaga e'tiborni kuchaytirish nafaqat davlat siyosatining, balki moliyaviy institutlarning ham ustuvor vazifalaridan biriga aylangan.
Jumladan, “O'zsanoatqurilishbank” ham ana shu global o'zgarishlardan ortda qolmay, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish yo'lida ulkan qadamlar tashlamoqda.
Bugun milliy matbuot markazida o'tkazilgan matbuot anjumanida bu haqda keng va atroflicha ma'lumot berildi.
Jumladan, bank tomonidan so'nggi uch yilda 567 mln. AQSh dollari miqdorida “yashil” kreditlar ajratilgani evaziga 6,7 mingdan ortiq yangi ish o'rinlari yaratilgan. Bundan tashqari, “yashil” loyihalarni tadbiq etish natijasida 47 000 MVt soat muqobil energiya ishlab chiqarilib, 239 000 MVt soat elektr energiyasi va 23 000 metr kub suv tejalishiga erishilgan.
– So'nggi yillarda global ekologik vaziyat har bir davlatni “yashil” tiklanish maqsadida birlashtirmoqda, – deydi “O'zsanoatqurilishbank” ATB “Green banking” departamenti direktori Bobur Sultonmurodov. – Mamlakatimizda ham 2019-2030 yillarga mo'ljallangan O'zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o'tish strategiyasi asosida barcha sohalarda “yashil” transformatsiya jarayonlari amalga oshirilmoqda. Bizning “yashil” bank tamoyillarini keng joriy etishga qaratilgan harakatlarimiz xalqaro hamkorlik doirasida yanada keng mazmun kasb etmoqda.
Darhaqiqat, bank o'z faoliyatini global moliya hamjamiyati talablariga mos ravishda rivojlantirib, yirik xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda.
Evropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB) bilan hamkorlikda 25 mln. AQSh dollarlik “yashil” kreditlar ajratildi.
Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan ESG (Environmental, Social, Governance – atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv) standartlarini joriy qilish yo'nalishida hamkorlik amalga oshirildi.
Natijada bankning atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil iqtisodiyot” yo'nalishidagi faoliyati xalqaro miqyosda doimiy ravishda yuqori baholanmoqda.
Xususan, joriy yil boshida “Sustainable Fitch” xalqaro reyting agentligi tomonidan bankka “3” darajali ESG reytingi (umumiy ball – 59) taqdim etildi.
Matbuot anjumanida ishonch.uz muxbiri ham ishtirok etdi. U Qoraqalpog'iston respublikasida murakkab ekologik vaziyat hukm surayotganligini inobatga olib, bu hududda yashil iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan qanday energiya samarador loyihalar amalga oshirilayotgani bilan qiziqdi.
Savolga “O'zsanoatqurilishbank” Boshqaruv raisi o'rnbosari Shuhrat Yakubov quyidagicha javob berdi:
– 2023 yildan buyon Qoraqalpog'istonda ham yashil loyihalardan biri ustida ishlanmoqda. Bu “Qoraqalpoq Basaltwool” MСhJ bo'lib, u bazal't mineral xom ashyosidan issiqlik saqlovchi qurilish materiallar ishlab chiqarishga ixtisoslashmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 53,1 mln. dollar bo'lib, uning bir qismi bank krediti asosida moliyalashtirilmoqda. Loyiha ishga tushgach, u yerda yiliga 40 ming tonna bazal't ishlab chiqariladi. Yana bir muhim jihati, 300 nafar yangi ish o'rinlari yaratiladi. Loyiha ishga tushirilgach, kelgusida hududda 3349 MVt*soat elektr energiyasi va 18 000 kub metr suv tejalishiga erishiladi.
Nukus shahri, Qizilqum MFYda bunyod etilgan Janubiy sanoat zonasida temirbeton mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi ham energiyasamarador loyihalardan biri bo'lib, uning ta'sirida 775.8 MVt*soat elektr energiyasi tejalmoqda. Ayni paytda korxonada 11 kishi mehnat qilayapti.
Zebo Namozova
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0