Markaziy bankdan navbatdagi va'da: inflyatsion kutilmalar yana kelajakka surildi
Markaziy bank raisi 5 foizlik inflyatsion targetga erishish 2026 yilgacha cho'zilishiga ishora bermoqda.
DASTLAB MAVZUGA ANIQLIK KIRITAMIZ Davlatimiz rahbarining 2019 yil 18 noyabrdagi «Inflyatsion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o'tish orqali pul-kredit siyosatini takomillashtirish to'g'risida»gi farmoniga muvofiq, 2021 yilda inflyatsiya darajasi 10 foizga pasayishi, 2023 yilga kelib esa mazkur ko'rsatkich 5 foizni tashkil etishi kerak edi.
2019 yilning noyabr' oyida Markaziy bank tomonidan tashkil etilgan yig'ilishda yuqoridagi maqsadga erishish uchun barcha zarur choralarni ko'rishga va'da berilgan edi.
Mutasaddilar o'shanda joriy etilayotgan yangi usul aholiga foyda keltirishi, soddaroq aytganda, so'mning qadri tiklanib, yildan-yilga ortib borishi, natijada naqd pulni valyuta ko'rinishida saqlashga hojat qolmasligi haqida ishonch bilan aytishgan edi.
BUGUNGI VAZIYaT
26 oktyabr' kuni Markaziy bank OAV xodimlari uchun matbuot anjumani tashkil etdi. Yig'ilishda ko'plab iqtisodiy masalalar tahlil qilindi. Jumladan, Markaziy bank boshqaruvi raisi asosiy stavka yillik 14 foiz darajasida o'zgarishsiz qoldirilganini aytib o'tdi.
Shuningdek, 5 foizlik inflyatsion targetga erishish davri 2026 yil yakunigacha cho'zilishi mumkinligiga ishora berildi.
Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmurodov buni quyidagicha izohladi:
"2022-2023 yillarda yuzaga kelgan tashqi vaziyatdagi o'zgarishlarning taklif omillariga bo'lgan bosimi uzoqroq saqlanib qolayotgani hamda ayrim
tartibga solinadigan narxlar to'g'rilanishining umumiy inflyatsiyaga bo'lgan
ta'sirlarini inobatga olib, inflyatsiyaning doimiy 5 foizlik targetiga erishish davri 2025 yilning ikkinchi yarmiga to'g'ri kelishini taxmin qilyapmiz. Tashqi sharoitlarning birmuncha noqulay shakllanishi ichki narxlarga qo'shimcha bosim yaratishini inobatga olib, 2024 yilda inflyatsiya darajasi
9-10 foiz atrofida bo'lish ehtimoli bor. Bunda doimiy targetga erishish davri yanada uzoqroq davrga kechikib, 2025 yilda inflyatsiya 7-8 foiz atrofida bo'lishi va 2026 yil yakuniga kelib 5 foizgacha pasayishi taxmin qilinmoqda".
DO'PPINI BOShDAN OLIB…
Mazkur masalaga jiddiyroq nazar tashlaymiz. 5 foizlik inflyatsion kutilmalar chippakka chiqdi, ya'ni amalga oshmadi. So'mimiz dollarga nisbatan keskin qadrsizlanib ketdi. Xullas, va'da bajarilmadi. Aytilgan gaplar unutildi. Sabab va oqibatlar xaspo'shlandi.
Bu safar ham xuddi o'sha galdagidek, «Umumiy inflyatsiya yil boshidan pasayuvchi dinamikada shakllanib, oxirgi chorakda 9,2 foizgacha tezlashgan. Markaziy bank inflyatsiya o'sishining tarkibiy omillari qatorida oziq-ovqat narxlarining 11 foizgacha tezlashishi, meva-sabzavotlar va tartibga solinadigan narxlar o'zgarishining umumiy inflyatsiyadagi hissasi ortishi» kabi omillar bahona qilindi.
Aslida biz va'dalar berilgan avvalgi davrda ham bunga shubha bilan qaragan edik. Сhunonchi, o'ttiz yil davomida 10-15 foiz orasida yurgan inflyatsion kutilmalar 4-5 yilda birdaniga 5 foizga tushishi – bulutsiz osmondan yomg'ir kutishdek gap edi-da.
DARVOQE...
So'mning qadrsizlanishi haqida ikki og'iz gap: so'm har qancha qadrsizlanmasin, pulni almashtirish rejada yo'q. Mamarizo Nurmurodov ta'kidlaganidek, pulni almashtirish, undagi nollarni olib tashlash bilan valyutamiz qadrli bo'lib qolmaydi. Bunga erishish uchun boshqa omillar kerak.
Shu damda ko'ngil yana shubhaga boradi. Markaziy bank mutasaddilari yana va'dalar berish bilan aravani quruq olib qochmayaptimi?
Mayli, yana kutishda davom etamiz. Aytilayotgan vaqt ham hademay keladi. Muhimi, o'shanda bu galgidek, «kutilmalar» yana «kutilma» bo'lib, kelajakka qolib ketmasa, bas.
G'ulomjon MIRAHMEDOV
«ISHONCH»
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0