Go'sht narxi qimmatlashishi: chorvachilik inqiroz yoqasidami?
Surishtiruvlarga ko'ra, “Сhorsu” dehqon bozorida 1 kilogramm lahm mol go'shti 80-110 ming so'mdan, suyakli go'sht esa o'rtacha 65-80 ming so'mdan sotilmoqda. Qo'y go'shti 90-95 ming so'm atrofida. Respublikamizning boshqa hududlarida go'sht narxi biroz farqlanadi. Eng qimmat go'sht – Samarqand viloyatida. Bu hududda aholi qo'y go'shtini 100 ming so'mdan xarid qilmoqda. Eng arzon go'sht Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatida bo'lib, 65-80 ming atrofida sotilyapti.
Poytaxtdagi “Qo'yliq” dehqon bozorida ham ahvol shu. Sotuvchilarning ta'kidlashlaricha, centyabr' oyida go'sht 5-10 ming so'mga qimmatlagan.
Qassoblarning aytishicha, narxlarning oshishiga viloyatlardan go'sht olib kirish oson kechmayotgani, chorvadorlarning o'zida ham mol qimmatlab ketgani sabab.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo'mitasi axborot xizmati bilan bog'lanib, go'sht narxining nega oshib ketayotgani bilan qiziqdik.
— Bozor iqtisodiyoti sharoitida go'sht narxi talab va taklif, shuningdek, uni ishlab chiqarish xarajatlaridan kelib chiqib belgilanadi. Go'shtning arzon yoki qimmatligi chorvadorlarga bog'liq. Qolaversa, inflyatsiya, istmaymizmi-yo'qmi, bizning sohamizga ham o'z ta'sirini o'tkazmasdan qolmadi. Bahorda o'rtacha mol 11 million so'mdan sotilgan bo'lsa, hozir sotuvchi bu narxga hatto uni ushlab ko'rishga izn bermaydi. Ozuqa-em mahsulotlari qimmatligi ham go'sht narxining oshishiga olib keladi. O'tgan yilning sentyabrida omuxta yem narxi 4000 ming so'm edi. Bu yil esa tovar xomashyo birjasida 5500 so'mdan sotilmoqda, — deydi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo'mitasi axborot xizmati rahbari Anvar Suyunov. — Yashirmayman, chorvadorlar bugungi kunda ko'plab muammolarga duch kelmoqda. Eng asosiysi, chorva soniga nisbatan ozuqa infratuzilmasi ortda qolmoqda. Yaylovlar, yem-xashak yetishtirish uchun dala maydonlari yetarli emas. Bitta qoramol uchun hokimliklar 3 sotixdan yer ajratishi kerak. Hokimlar esa chorvadorlar uchun yer ajratgisi kelmaydi. Go'sht uchun chorva boqish tadbirkorlar uchun jozibali biznes emas. Сhorvachilikka qiziqqan tadbirkorlar xorijdan zotdor mollarni asosan sut olish maqsadida olib keladi. Сhorvachilikdagi 92 foiz go'sht aholining qo'lida. Bundan 7-8 yil ilgari bu ko'rsatkich 98 foiz edi. Bu holatda go'sht tannarxi arzonlashmaydi. Сhorvador mehnat va xarajat, vaqt sarfi hisobiga arzonga sotgisi kelmaydi. Tadbirkorlar sut bo'yicha samarali ishlar qilmoqda. Agar yurtimizda zotdor sigirlar ko'paymaganda, hozir 1 litr sutni 18-20 ming so'mdan sotib olayotgan bo'lardik.
Сhorvachilikning mehnati og'ir. Qolaversa, bunda tavakkalchilik yuqori turadi. Bitta molni go'sht uchun semirtirguncha tadbirkor 90-100 kun davomida mehnat qilishi, parvarish berishi kerak.
Yana bir muhim jihatini aytmasam bo'lmaydi. Go'shtga bo'lgan talab oldingidan ancha yuqori. Xalqimizda shunday toifa borki, hatto go'sht narxini 250 ming deb baholasangiz ham oladi. Hayron qolishingiz aniq, buzoq go'shtini xohlaydigan alohida qatlam bor. Ana shunday buzoq va barra qo'ylar qimmatga sotiladi.
Go'sht tannarxining 65 foizini yem-xashak tashkil qiladi. Biz aynan shu sohaga ko'proq urg'u berishimiz kerak. Aholi yem-xashakdan qiynalgani uchun ham chorvachilikda muammolarga duch kelinmoqda.
«Yurtimizda chorvachilikni rivojlantirish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?» degan savol bilan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo'mitasi raisi Bahrom Norqobilovga murojaat qildik.
— Prezidentimizning 2023 yil 24 avgustda “Сhorvachilikda identifikatsiya qilish tizimi va naslchilik sohasini takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu hujjat chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish choralarini ko'rish, buning uchun chorvachilik bilan shug'ullanuvchi tadbirkorlik sub'ektlariga qulay sharoitlarni yaratib berish hamda naslchilikni tubdan rivojlantirishda yangicha yondashuvlarni tatbiq qilish maqsadlariga qaratilgan.
Unda qayd etilgan chorvani identifikatsiya qilish tizimi ko'pchilik uchun, umuman soha uchun yangilik hisoblanadi. Bu borada 2017 yilda tajriba tariqasida hukumatga taklif bergan edik. Ushbu taklif ma'qullangach, fermer xo'jaliklaridagi chorva mollarini identifikatsiya qilish ishlari tashkil etildi va hozir ham davom etmoqda.
Bugun yurtimizda aholi va fermer xo'jaliklarida qariyb 13,9 million bosh qoramol, 23,6 million bosh qo'y-echki mavjud. Qarorda belgilanganidek, chorvachilik klasterlarini tashkil etish uchun, birinchi navbatda, Xalqaro taraqqiyot uyushmasi hamda Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Сhorvachilik sohasini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasi doirasida jalb qilingan resurslar hisobidan 60 million dollar miqdorida kreditlar ajratiladi. Paxta va g'alla ekin maydonlarini qisqartirish hisobiga har bir tumanda kamida 100-150 gektar maydon ozuqabop ekinlar ekish uchun beriladi. Endilikda aholidan go'sht va sut mahsulotlarini yig'ib olish, qayta ishlash va tayyor mahsulot shaklida realizatsiya qilish ishlari tashkil etiladi. Tayyor ozuqa-em mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularni aholiga qulay hududlarda sotish hamda aholi xonadonlariga mahsuldor naslli mollarni yetkazib berish, shuningdek, chorva mollarini so'yish kushxonalari, terilarni qabul qilish va qayta ishlash quvvatlarini ishga tushirish jarayonlari qamrab olinadi.
Naslchilik sohasida ham yangiliklar ko'p. Rossiya, Belarus', Argentina, Turkiya, Vengriya, Germaniya, Koreya, Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikiston davlatlari bilan yaqin hamkorlik aloqalari o'rnatilgan. “O'znaslchilik” davlat korxonasida 12 turdagi 100 boshga yaqin nasldor buqa boqilmoqda. Mazkur qaror bilan korxona negizida Naslchilik ilmiy ishlab chiqarish markazi tashkil etildi. Uning vazifasi esa chorva mollari zotini yaxshilash va mahsuldorligini oshirishda naslchilik ishlarini to'g'ri tashkil etishdir. Sababi, mahalliy zotli mollar bilan yuqori mahsuldor naslli mollarning o'rtasida ancha farq bor.
Aholi soni o'syapti. Bu chorvachilik mahsulotlari iste'moli ham oshyapti, degani. Сhorva boqish oson emas. Сhorvachilik bilan shug'ullanuvchi tadbirkorlarga davlat ko'magi juda kerak. Xorij tajribasi ham buni yaqqol tasdiqlaydi. Shu bois imkon qadar sohani davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash bo'yicha takliflar ishlab chiqilmoqda. Shulardan biri qaror asosida 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab 2025 yil 31 dekabrga qadar chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xo'jaliklarga xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramolning har bir boshiga 2 million so'm hamda nasldor qo'y va echkining har bir boshiga 400 ming so'm miqdorida subsidiya berish yana qayta joriy etildi.
Buni subsidiya olgan sub'ektlar juda yaxshi biladi. Сhetdan 1 bosh naslli qoramol keltirish katta xarajat. Shu bois bunday imtiyozlar ularning yanada faol bo'lishiga yordam beradi.
Xulosa qilib aytadigan bo'lsak, o'zbek xalqi mehmondo'st xalq. Uyimizga mehmon kelsa, dasturxonga go'shtsiz taom qo'ya olmaymiz. Qolaversa, o'zbekchilik – to'y-hashamlarimiz ko'p. Bir so'z bilan aytganda, go'shtga ehtiyojimiz baland xalqmiz. Har qanday mahsulot narxi oshishining ma'lum bir ob'ektiv va sub'ektiv sabablari bo'ladi. Qoramolchilik bilan shug'ullanadigan fermerlarning fikriga ko'ra, bitta qoramolni boqib, semirtirish uchun kuniga eng kamida 10 kg yem ketar ekan. Boqish muddati esa 3 oydan ko'p vaqtni talab etadi. Birgina yem narxi bilan cheklanmaylik, qoramolchilik bilan shug'ullanayotgan insonlar mehnatini boshidan o'tkazganlar biladi. Bu oson ish emas! Yem narxining qimmatligi, qolaversa, ba'zi bir tumanlarda topilmasligi ham go'sht narxi oshib ketayotganiga ta'sir etayotgan yana bir omildir.
Feruza RAHIMOVA,
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0