Qishloq xo'jaligi uchun beriladigan kreditlar muddati 15 yilgacha uzaytiriladi
Qishloq xo'jaligi vazirligiga ajratilayotgan mablag'larning maqsadli ishlatilishi bo'yicha ichki audit xizmatini tashkil qilish topshirildi.
Qishloq xo'jaligi loyihalariga beriladigan kreditlar muddati 3 yillik imtiyozli davr bilan 15 yilgacha uzaytiriladi.
Bu haqda kecha, 9 noyabr' kuni qishloq xo'jaligi tarmoqlarini rivojlantirishga doir videoselektor yig'ilishida ma'lum qilindi.
Qayd etilishicha, mazkur turdagi kreditlar ajratilishini so'rab qilingan murojaatlar tegishli banklar tomonidan 2 oygacha muddatda ko'rib chiqilishi belgilandi.
Yig'ilishda, shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilingan mablag'lar to'liq yo'naltirilmayotgani ko'rsatib o'tildi.
– Negaki bu mablag'lar 20-25 yilga jalb qilingan bo'lsa-da, banklar tomonidan tadbirkorlarga 5-7 yilga ajratilmoqda. Kredit berish uchun loyihalarni ko'rib chiqish muddati bir yilgacha cho'zilmoqda. Mablag'lardan foydalanish yo'nalishlari cheklangani sababli tadbirkorlarda qiziqish kam, – deydi Prezident Shavkat Mirziyoev.
Shu bois bu resurslarni banklar uchun ham, tadbirkorlar uchun ham jozibador shartlarda ajratish kerakligi ta'kidlandi.
Bundan tashqari, qishloq xo'jaligi vazirligiga xalqaro moliya tashkilotlari, byudjet va banklar ajratayotgan mablag'larning maqsadli ishlatilishi bo'yicha ichki audit xizmatini tashkil qilish topshirildi.
Yirik savdo tarmoqlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga teng sharoit yaratilmagani, bu raqobat va narx-navoga ta'sir etayotgani ta'kidlandi.
Yig'ilishda byudjetga tushumlarni ta'minlash masalasiga ham e'tibor qaratildi. Bu borada ayrim tuman va shaharlarda oqsoqlikka yo'l qo'yilayotgani, daromadlar hajmi ishlab chiqarish, eksport va investitsiyalarga mos emasligi ko'rsatib o'tildi.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0