Suv bo'yicha yangi siyosat kerak: Bu fojia shaharga yetib kelgan!
Ekobloger sifatida tanilgan Mo''tabar Xushvaqtova ishonch.uz saytiga quyidagicha interv'yu berdi.
Uning aytishicha, yashil makonlar ichimlik suvi bilan sug'orilmasa-da, sug'orish ishlari noto'g'ri ishlatilyapti. Toshkent shahri hali viloyatlarchalik ichimlik suvi tanqisligiga duch kelmadi. Ammo keyingi yillarda ayrim tumanlarda vaqti-vaqti bilan suv yetmay qolish holatlari kuzatilmoqda. Viloyatliklar poytaxtliklarga nisbatan suvning qadrini yaxshi bilishadi. Poytaxtda esa biz asfaltni sug'oradigan darajada suvga saxiymiz.
«Markaziy Osiyo mintaqasida suv resurslari yildan yilga kamayib, uning taqchilligi kuchayib bormoqda. Bunday sharoitda suvdan foydalanish madaniyatini o'zgartirish, tejamkor usullarni qo'llash hayotiy zarurat hisoblanadi. O'tgan yili Istanbulda xalqaro seminarda qatnashdim va unda qozog'istonlik yoki qirg'izistonlik ekspertlardan biri yaqin 10 yil ichida suv bilan bog'liq urush yurtingizda ham bo'lishi mumkin deyishdi. Gaplaridan qo'rqib ketdim. Mana ikki oy oldin Afg'oniston va Eron o'rtasida suv muammosi tufayli nizo kelib chiqdi.
Orol dengizi haqida ko'p gapiramiz. Hatto bilmaganlar uni ko'l deb atashadi. Aslida u dengiz edi.
Qoraqalpog'istonga kelin bo'lganman va sharoitlarini judayam yaxshi bilaman. Ayrim uylarida haliyam qayiq bor. «Nimaga saqlayapsiz, endi orol dengiz bo'lmaydi o'tin qilib yoqvoring deyman». Ular ishonch bilan hali suv qaytadi deyishadi. Shu joyida ko'zyoshlarimni tiya olmayman. Mashhur Savitskiy muzeyda orolning rasmlari bor va afsuski, biz hozir dengizimiz bor deb maqtana olmaymiz.
Biz hozir ichayotgan suv bizniki emas, farzandlarimizning suvini qarzga olib ichayapmiz. Bora-bora suv tugaydi. Suvsiz odam bir kun yashaydi. Uning qanchalik ahamiyatli ekanligini hozir anglashimiz shart».
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0