+31C

+31C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Intervyu
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Suratlar so‘zlaganda...
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari
  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

Ortiqcha dabdabalardan qachon voz kechamiz?

Xalqimizda «O‘zbek pul topsa, to‘y qiladi» degan gap bor. Uning zamirida yurtdoshlarimizning mehmondo‘stligi, saxovati va quvonchini boshqalar bilan birga baham ko‘rishga bo‘lgan ishtiyoqi mujassamlashgan. Chunki to‘y-maʼrakalar asrlar osha oilalarni, qarindosh-urug‘larni, mahalla va qo‘ni-qo‘shnilarni birlashtirib kelgan. Biroq bu go‘zal anʼana oxirgi paytlarda chegarasidan ancha chetga chiqib ketgan, to‘y-marosimlar asl maʼno-mazmunini birmuncha yo‘qotib, kimo‘zar poygasiga aylanib qolgandi.
Jamiyat
5009 13:45 | 05.07.2026 13:45

Shu bois hukumatimizning to‘ylarni ixchamlashtirish haqidagi qarori ijrosini taʼminlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar belgilandi. Afsus, baʼzi kishilar ulardan o‘zlari uchun tegishli xulosa chiqarib olishmayapti. Yon-atrofimizga nazar tashlasak, ko‘pchilikning o‘y-xayolida hamon qotib qolgan eski savol aylanayotgandek tuyuladi: «Odamlar nima deydi?» Go‘yoki hayotimizda muhim sanalgan qarorlar o‘z xohishimiz, imkoniyatimiz yoki ehtiyojimiz bilan emas, o‘zgalar fikri bilan belgilanadi. Shundanmi, to‘y qilmoqchi bo‘lsak, odamlar uni maqtashini istaymiz. Uyimizni jihozlasak, qo‘shnilarnikidan kam bo‘lmasligini xohlaymiz. Kiyim olsak, ko‘pchilik havas qiladiganlarini tanlaymiz.


Albatta, boy bo‘lish ayb emas. Qolaversa, boylik odob libosini kiysa, yanada chiroyli bo‘ladi. Bordi-yu, bu libos echilsa, dabdaba o‘zini madaniyat deb ko‘rsatishga urinadi. Yaqinda Urgutda ham shunday bo‘ldi. To‘y sohibi sahnada taniqli xonandaning boshidan pul «yomg‘iri»ni yog‘dirdi. Pul havoda uchdi, ammo u bilan birga qadriyatlar ham shamolga sovurilmadimikan, degan savol ko‘pchilikning xayolidan o‘tdi. Alaloqibat ijtimoiy tarmoqlar ushbu to‘y haqidagi shov-shuv, bahs va tanqidlar bilan to‘lib toshdi.


Hurmat bilan hashamat o‘rtasida juda nozik chiziq bor. U bosib o‘tilganda, ehtirom ko‘z-ko‘z qilishga, saxovat esa namoyishga aylanadi. Xonandaning boshi uzra sochilgan pullar bir lahzalik hayrat uyg‘otishi mumkin, ayni chog‘da, xalq xotirasida bachkana qiliq sifatida muhrlanib qolishi ham ehtimoldan xoli emas.


Eng achinarlisi, biz bunday manzaraga ilk bor duch kelayotganimiz yo‘q. Oramizda dasturxon qanday bezatilganini, zalning yaltiroqligini, sanʼatkorning «gonorari» va havoga sochilgan pullarni odam qadridan ham ustun qo‘yuvchilar bor. Holbuki, o‘sha mablag‘larni bir necha yoshning taʼlim olishi, uy-joyli bo‘lishi yoki tadbirkorlik qilishi uchun ajratish ham mumkin edi. Lekin gohida aql bir chetda qolib, hoyu havas to‘rga chiqadi.


− To‘y bir kunlik, hayot esa bir umrlik. Bir kunlik olqishga erishish uchun yillar osha to‘lanadigan qarz olish, ko‘z-ko‘z qilish uchun qadr-qimmatni qurbon berish qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi? Axir to‘yning fayzi sochilgan pullarda emas, qilingan duoda, oq fotihada va elning samimiy roziligida-ku! Chunki insonni boylik emas, uni qanday sarflashi ulug‘laydi. Taʼbir joiz bo‘lsa, pulning jarangidan ko‘ra, tarbiyaning sadosi uzoqroq eshitiladi, – deydi Qo‘shrabot tumanidagi Qoratosh mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abduhakim Qo‘ldoshev. – Shu bois ushbu masalani bot-bot o‘ylab ko‘rishga to‘g‘ri kelmoqda. Behuda sarflanayotgan mablag‘larni yoshlar kelajagiga yoki oilaviy ehtiyojlariga yo‘naltirsak, uzoq vaqt naf ko‘rishimiz mumkin. Afsuski, hozir bu pullar ko‘pincha bir kunlik to‘yda o‘zini ko‘rsatish uchun sarflanadi. Ertaga mehmonlar ketadi, maqtovlar unutiladi, qarz va tashvishlar esa qolaveradi.


Oqsoqol haq. Barchani birdek rozi qilishning iloji yo‘q. Ustiga-ustak, to‘yga sizdan ko‘proq pul sarflaydiganlar ham topiladi. Qarabsizki, kecha sizni maqtaganlar ertaga ularni maqtashadi. Oqibatda sizning dabdabali to‘yingiz ertaga bo‘ladigan yanada kattarog‘ining soyasida qolib ketadi. Demak, odamlar bergan bahoga tayanib yashash nihoyasi yo‘q poygaga chiqish bilan barobardir.


Bunday holatlar faqat to‘ylarda emas, boshqa vaziyatlarda ham kuzatiladi. Masalan, qo‘shnimiz yangi mashina olsa yoki biror tanishimiz qimmatbaho jihoz xarid qilsa, biz ham qarab turmaymiz. Hatto sarmoyamiz etmasa ham, o‘zimizni majburlaymiz. Natijada hayotimizni ehtiyoj emas, taqqoslash boshqara boshlaydi.


Aslida insonning qadri sarflagan puli bilan emas, qanday yashagani bilan o‘lchanadi. Aqli raso kishi imkoniyatini to‘g‘ri baholaydi. Pulini boshqalar eʼtiborini qozonish uchun emas, hayotiy ehtiyoji uchun ishlatadi. Boy bo‘lsa ham ortiqcha isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaydi, kambag‘al bo‘lsa, elkasiga qo‘shimcha yuk olmaydi. Chunki farovonlik dabdabada emas, xotirjamlikda ekanligini yaxshi biladi.


Shubhasiz, jamiyat taraqqiyoti ana shunday zukko insonlar ko‘payishiga bog‘liq. Agar har bir oila o‘z imkoniyatiga qarab yashasa, «noo‘rin musobaqa»lardan voz kechsa, qanchadan-qancha mablag‘lardan ezgu maqsadlarda foydalanish imkoni tug‘iladi. Chunonchi, ota-onalar yillar mobaynida yiqqan mablag‘ini bir kunlik shodiyonaga emas, farzandlari kelajagi uchun sarflar, ayrim yosh oilalar qarzsiz hayot kechirardi.


Albatta, bu bilan biz xalqimizning azaliy urf-odatlaridan voz kechish kerak demoqchi emasmiz. Mayli, to‘y bo‘lsin, mehmon chaqirilsin, qarindoshlar yig‘ilsin. Ammo hamma narsada bo‘lgani singari xursandchilikning ham meʼyori bo‘lishi kerak. Eng muhimi, to‘yning qadri uning narxi yoki dasturxonning to‘kin-sochinligida emas, niyatlarning pokligida va duolarning xolisligidadir. Kelin-kuyov yoxud sunnat to‘yi bo‘layotgan bolakayning baxti esa zalning muhtashamligi yoki liboslarning noyobligi bilan emas, oilaviy totuvlik va o‘zaro hurmat bilan belgilanadi.


Nurilla ShAMSIEV
«ISHONCH»


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Jamiyat
ЧИЛЛА НИМА?
0 7091 16:57 | 05.08.2023
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat