Ozarbayjon madaniyat vaziri Namanganda: mug‘om va maqomning kelajagi muhokama qilindi
Kuni kecha Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Adil Karimli O‘zbekistonning Namangan shahrida bo‘lib o‘tayotgan III Xalqaro maqom sanʼati forumi doirasida tashkil etilgan ilmiy-amaliy konferentsiyada ishtirok etdi.
“Sharq maqomining yangi tendentsiyalari: anʼana va innovatsiyaning o‘zaro aloqadorligi” mavzusiga bag‘ishlangan konferentsiyada nutq so‘zlagan Adil Karimli Ozarbayjon mug‘om sanʼatining xalqning milliy-madaniy o‘zligini shakllantirish va mustahkamlashdagi alohida o‘rnini taʼkidlab o‘tdi.
Vazir Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliev tomonidan madaniyatning barcha sohalariga, jumladan, mug‘om sanʼatini rivojlantirish va targ‘ib etishga doimiy eʼtibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinayotganini qayd etdi.
Shuningdek, Ozarbayjon Respublikasining birinchi vitse-prezidenti Mehribon Alieva rahbarligidagi Haydar Aliev jamg‘armasi tomonidan Ozarbayjon mug‘omini asrab-avaylash, uning mamlakat ichida hamda xalqaro miqyosda keng targ‘ib etilishiga muhim hissa qo‘shayotgan turli yo‘nalishdagi loyihalar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0