Rossiyada migrantlar uchun to‘lovlar keskin oshirilishi mumkin
Davlat Dumasi kelasi hafta chet el fuqarolari uchun davlat bojlarini bir necha barobarga oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihalarini muhokama qiladi.
Quyi palata raisi Vyacheslav Volodinning maʼlum qilishicha, Rossiya fuqaroligini olish uchun to‘lanadigan boj hozirgi 4 200 rubldan 50 ming rublgacha — qariyb 12 baravar oshirilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma to‘lovi 1 920 rubldan 15 ming rublgacha, yashash guvohnomasi uchun boj esa 6 ming rubldan 30 ming rublgacha ko‘tarilishi mumkin.
Bundan tashqari, xorijiy ishchilarni jalb etish uchun beriladigan ruxsatnoma bo‘yicha ham to‘lovlarni oshirish taklif qilingan. Unga ko‘ra, har bir mutaxassis uchun davlat boji 15 ming rublni tashkil etishi mumkin.
Rasmiylarga ko‘ra, mazkur o‘zgarishlar federal byudjetga yiliga qo‘shimcha 15 milliard rubl mablag‘ keltirishi kutilmoqda. Volodinning taʼkidlashicha, yangi choralar migratsiya sohasida tartibni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, u Rossiyada yashovchi chet elliklar mamlakat tilini bilishi, qonunlarga rioya qilishi hamda milliy anʼana, tarix va madaniyatni hurmat qilishi shartligini eslatdi.
Maʼlum qilinishicha, 2024 yildan buyon Rossiyada migratsiya siyosatiga oid 22 ta federal qonun qabul qilingan bo‘lib, hozirda yana 10 ta qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0