"Shamol ortidan yugurib" yoxud “Afg'onistonda bolalar ko'p, ammo bolalik yo'q”
“Afg'on xalqi erkinlikni sevadi. Afg'onlar qadriyatlarga sodiq, ammo qoidalarni yoqtirishmaydi. Varraklar jangi – yaqqol misol! Varragingni uchirgin-u, istaganingni qilaver! Hech qanday qoida yo'q. Omadingni bersin, azamat!”
Hammasi mana shundan boshlandi…
“Shamol ortidan yugurib" AQShda eng ko'p sotilgan kitoblar ro'yxatidan o'rin olgan. U asosida ishlangan kino “Oltin globus” mukofotini qo'lga kiritgan. Ikki yil davomida “New York Times”ning birinchi raqamli bestselleri kitobi bo'lgan ushbu asar amerikalik afg'on yozuvchisi Xolid Husayniyning birinchi romanidir.
“Shamol ortidan yugurib” romani Kobulning Vazir Akbar Xon tumanidan bo'lgan yosh bola – Amir va uning yaqin do'sti Hasan haqida hikoya qiladi. Bu voqea dahshatli hodisotlar fonida Afg'oniston monarxiyasining qulashi bilan Sovet harbiy aralashuvi, Pokiston va AQShga qochqinlarning ko'chishi va Tolibon rejimining ko'tarilishi bilan bog'liq.
Asarda XX asr ikkinchi yarmida Afg'onistonda avj olgan siyosiy ziddiyatlar: dastavval davlat to'ntarishi, so'ngra sho'raviylar bosqini, pirovardida, ularning tolibonlar tomonidan mamlakatdan quvib chiqarilishi, etnik qarama-qarshiliklar, diniy mutaassiblik, ijtimoiy tengsizlik - bir so'z bilan aytganda, inqirozga yuz tutgan ijtimoiy va iqtisodiy-siyosiy vaziyat hamda mazkur vaziyat fonida ayni o'sha inqirozdagi jamiyatning tanazzulga uchragan yuqori tabaqa vakillari taqdiri qalamga olingan.
Adib erksevar avg'on xalqining yarim asrlik turmush-tarzini o'z qahramonlari tilida va qalb kechinmalarida quyuq bo'yoqlarda ifodalab bergan. Ehtimol, bu shunchaki quyuq bo'yoqlar emas, chinakam xolisona yondashuvdir. Darvoqe, erksevarlik haqida ham to'xtalmasak bo'lmas. Adib avg'on xalqini erksevar deb e'tirof etadi, ular qoidalarga emas, udumlarga amal qilishadi. Xuddi varraklar musobaqasidagi kabi. Afg'on xalqiga yana jangarilik xarakteri xos. Сhunki ular "qonli to'qnashuvlar"ni maroq bilan tomosha qiladilar va olqishlaydilar. Varraklar musobaqasi buning yorqin misolidir.
Asar qahramonlari va voqealar rivojiga qisqacha to'xtalsak:
Bobo – Amirning otasi. U qadimiy an'analarni hurmat qilgan holda "yumshoq" ateizmga moyil edi. Xotinining vafotidan keyin u o'zining xizmatkori Alining xotini bilan yaqin munosabatda bo'ldi, shu munosabat bilan Hasan tug'ildi. Lekin, bu sir edi, sirni esa faqatgina uning do'sti Rahimxon bilardi xolos. Hayotning ushbu davri Bobo uchun burilish nuqtasi bo'lgan, u gunohini yuvishni talab qiladigan deb hisoblagan va butun hayoti davomida u boshqalarga imkon qadar yordam berishga harakat qilgan. U jasoratligi va erkinligi bilan ajralib turardi.
Bu voqea 1979-2001-yillarda Kobulning Vazir Akbar Xon tumanida bo'lib o'tgan. Amir badavlat otasi Baba bilan yashagan va onasi tug'ish paytida vafot etgan. Bolaligidan Amir otasi uni yaxshi ko'rmasligi, xotinining o'limi bilan bog'liq aybni kechira olmasligi hamisha uni qiynab kelgandi. Yoshligidan boshlab, Amirning yaqin do'sti Hasan edi, u otasining xizmatkori Hazora (Afg'onistonning milliy ozchiliklaridan biri bo'lib, ular ko'pincha "ikkinchi darajali" odamlar deb hisoblanardi) Alining o'g'li edi. Biroq, Amirning otasi Hasanga iltifot ko'rsatib, unga qimmatbaho sovg'alar berarfi va Amir o'z do'stidan otasini qizg'onardi. Hasan Amirga to'la sodiq edi, uni o'zining eng yaxshi do'sti deb hisoblardi,”sen uchun ming marta” deya jonini fido qilishga ham tayyor edi.
1975-yilda Kobulda odatdagidek, bolalarning yillik sevimli tadbirlaridan biri bo'lgan varrak uchirish tanlovi bo'lib o'tdi. Bu musobaqada g'alaba qozonish Amirga otasining ko'nglini olishga yordam berardi, deb qaror qildi. U va Hasan birinchi g'alabani qo'lga kiritishdi hamda Amir maqsadiga yetgandi. Hasan varrak qaerga tushishini bashorat qilish qobiliyatiga ega edi va uni ushlashga yugurdi. Uzoq vaqtdan beri qaytib kelmaganini ko'rib, Amir uni qidirishga ketdi va millatchi qarashlari bilan ajralib turadigan yosh Asef va uning ikki do'sti Hasanni qo'lga olib, masxara qilayotganini ko'rdi. Asef Hasanni zo'rlagan bo'lsa ham, qo'rquvdan Amir aralashmadi. Amir nima bo'lganini kattalarga ham, ko'rganini Hasanga ham aytmadi. Hasan oldida o'zini aybdor his qilgan Amir, avvalgi do'stligini qaytarishga harakat qilgan bo'lsa ham, ularning munosabatlarini to'xtatishga qaror qildi.
Buning uchun Amir bema'nilikni o'ylab topdi: u tug'ilgan kuni uchun sovg'a qilingan soat va pulni olib, Hasaning yotog'iga qo'ydi. Hasan nima bo'lganini tushundi, lekin shunga qaramay aybni o'ziga oldi - uning Amirga bo'lgan sadoqati sinovdan o'tgandi. Garchi Bobo Hasanni kechirgan va otasi Alidan uyida qolishini iltimos qilgan bo'lsa ham, baribir ular boshqa shaharga ketdilar. O'sha yili Sovet Ittifoqi Afg'onistonga o'z qo'shinlarini yubordi. Urushdan qochgan Bobo va uning o'g'li AQShga jo'nashdi. U yerda Bobo yoqilg'i quyish shaxobchasida va bozorda ishladi. Bobo o'g'lini o'sha davrdagi mashhur kollejlardan birida shifokorlikka o'qittirdi. Vaqt o'tdi, Amir o'z yurtidan bo'lgan oiladan bo'lgan bir qizga oshiq bo'ldi va unga uylandi, lekin ular tirnoqqa zor edi.
Yillar o'tdi. Amirning otasi saraton kasalligidan vafot etdi. Amir esa mashhur yozuvchiga aylandi.
Bir kuni unga Pokistondan otasining eng yaqin do'sti, yozuvchi bo'lishiga sababchilardan biri – Rahimxondan qo'ng'iroq bo'lgandi, qo'ng'iroqda Rahimxon uning yoniga kelishi va muhim so'zi borligini aytib, oxirida “haliyam xatoni tuzatish imkoni bor” deya suhbatga yakun yasalgandi. Amir Pokistonga borganda Rahimxon Amirning oilasini sirini ochib berdi. Ma'lum bo'lishicha, Hasan va Amir aka-uka ekanlar. Bundan tashqari, Hasan Amirning xiyonati haqida bilganligi, ammo uni kechirgani va umrining oxirigacha uni do'st deb bilganini maktubida ma'lum qilgandi. Afsuski, Hasan toliblar hukmronligi davrida etnik tozalash paytida rafiqasi bilan vafot etgan, ammo uning bolalar uyiga yuborilgan kichkina o'g'li Suhrob tirik qolgandi. Endi esa, Rahimxon Amirga xatosini tuzatish payti kelganligini, Suhrobni Amerikaga olib ketishini so'radi. Amir o'ylanibroq rozi bo'ldi.
Afg'onistonga kelgan Amir o'z vatanining bir paytlar quyoshli va go'zal, ammo hozirda bombardimon qilinayotgan yerlarini ko'rishdan dahshatga tushdi. U Suhrob yuborilgan yetimxonani qidirdi, ammo bola yetimxonada yo'q edi, uni toliblar olib ketishgandi. Amir toliblarnikiga bordi va u yerda ularning sardori o'sha Asef bo'lib chiqdi: Suhrob u yerda o'yinchoq sifatida birga edi. Asef Amirni tanidi va uni masxara qilib, qattiq kaltakladi. Yaxshiyamki, Suhrobning jasorati tufayli ikkalasi ham qochishga muvaffaq bo'lishdi.
Shunday bo'lsada, masala “xamirdan qil sug'irgandek” oson kechmadi. Hujjat masalalariga kelganda ancha qiyin bo'ldi. Suhrob bolalar uyidan boshqa har qanday variantga rozi bo'ldi. Amir unga bolalar uyiga uni qayta yubormasligiga va'da berdi. Afsuski, AQSh ga olib ketishning yagona yo'li Suhrobni ma'lum vaqt bolalar uyida qoldirish edi, shundan keyingina imkoni bo'lardi. Buni bilgan Suhrob o'z joniga qasd qiladi. Yaxshiyamki, vaqtida ko'rib qolga Amir uni qutqarib qoladi. Nihoyat, ancha yugurishlardan so'ng Amir Suhrobni AQShga olib ketadi. Farzandga zor Amir va uning ayoli Suhrobni farzandlikka asrab olishadi.
Bahor kunlarining birida Amir va Suhrob varrak sotayotgan amakidan varrak olib Amerikaning keng vodiyi bo'ylab balandlarga uni uchiradi. Amir varrakni uchirarkan xayoli olis bolalik yillariga, Hasan bilan birga varrak sayllariga ketadi. Shamol ortidan yugurib bugun Hasanning o'g'li bilan varrak uchirar ekan, o'zini yuragining tub-tubidagi og'riqli dardlari yengillashgandek his qiladi.Voqea yakunida muallif kitobxonlarga eng yaxshi narsani qoldirgandi - bu umid edi... Kitobda tugun varrak o'yinida ko'rsatilgandi. Ya'ni, Amirning vijdon azobi mana shu o'yindan so'ng boshlangandi. Asarda Rahimxonning Amirga oilasining siri, ya'ni Hasan bilan aka-ukaligini aytishi kulminatsiya bo'lib xizmat qiladi. Yechim esa tuguning yechilishi bo'ldi. Ya'ni, asar xotimasidagi varrak o'yini uni vijdon azobidan xalos etgandi.
Holid Husayniyning bu romanida asosiy g'oya bu – vijdon azobi o'ziga tilab olgan o'limdan ham battaroq jazodir. Asarda yozuvchi “Inson qanchalar dahshat ichida bo'lmasin baribir u inson.” degan yetakchi g'oyani oldinga suradi. Yozuvchi hech qanaqa yangi kashfiyot yoxud shov-shuvni yozmadi. U shunchaki vijdon azobi ortidagi dahshatni, yoki dahshat ortidagi sadoqatni yozdi. Va bu shedevr edi.
Fikrlarimiz so'ngini Kaliforniyalik yozuvchining asar haqida bildirgan quyidagi jumlalari bilan yakunlasak:
“Shafqatsiz, shafqatsiz, shafqatsiz…"
Mashhura JO'RAQULOVA
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0