Valyuta UZS
  • USD

    11 963.2350.85

  • EUR

    13 970.6697.5

  • RUB

    155.351.96

+6C

+6C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Интервью
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Suratlar so‘zlaganda...
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari

Toshkent Shahar

+6c

  • Hozir

    +6 C

  • 09:00

    +6 C

  • 10:00

    +7 C

  • 11:00

    +7 C

  • 12:00

    +8 C

  • 13:00

    +8 C

  • 14:00

    +8 C

  • 15:00

    +9 C

  • 16:00

    +8 C

  • 17:00

    +8 C

  • 18:00

    +7 C

  • 19:00

    +7 C

  • 20:00

    +6 C

  • 21:00

    +5 C

  • 22:00

    +4 C

  • 23:00

    +4 C

  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

Toshkent

Toshkent Shahar

Juma, 05-December

+6C

  • Hozir

    +6 C

  • 09:00

    +6 C

  • 10:00

    +7 C

  • 11:00

    +7 C

  • 12:00

    +8 C

  • 13:00

    +8 C

  • 14:00

    +8 C

  • 15:00

    +9 C

  • 16:00

    +8 C

  • 17:00

    +8 C

  • 18:00

    +7 C

  • 19:00

    +7 C

  • 20:00

    +6 C

  • 21:00

    +5 C

  • 22:00

    +4 C

  • 23:00

    +4 C

  • Juma, 05

    +6 +20

  • Shanba, 06

    +2 +20

  • Yakshanba, 07

    +4 +20

  • Dushanba, 08

    +6 +20

  • Seshanba, 09

    +5 +20

  • Chorshanba, 10

    0 +20

  • Payshanba, 11

    3 +20

  • Juma, 12

    +9 +20

Hududlar

  • Toshkent Shahar
  • Andijon
  • Namangan
  • Sirdaryo
  • Surxandaryo
  • Qashqadaryo
  • Xorazm
  • Navoiy
  • Buxoro
  • Qoraqaplog’iston
  • Farg’ona
  • Toshkent vil.
  • Jizzax

San'at xalqni birlashtiradi, millatni yuksaltiradi!

O'zbekistondan tashqari yana sakkizta respublika xalq artisti, bir qancha unvonlar sohibi, salkam 55 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan “Yalla” ansamblining badiiy rahbari, o'zbek estrada san'atida maktab yaratgan, o'z ijodi bilan dunyoga tanilgan, Zokirovlar sulolasining yorqin vakili, qo'shiqlarida betakror ohanglar bilan ona yurtni ulug'lagan, el suygan san'atkor, O'zbekiston faxri Farrux ZOKIROv bilan musiqa, ijod va zamon haqida gurunglashdik.
Madaniyat va ma'rifat
959 20:23 | 19.11.2025 20:23

Suhbatimiz qisqa savollardan boshlandi.


Eng sevimli ichimligi – achchiq qora choy


Eng sevimli taomi – moshkichiri


Eng sevimli rangi – qizil


Eng sevimli badiiy asari – “O'tkan kunlar”


Eng sevimli kinosi – “Nasriddin Buxoroda”


Eng sevimli aktyori – Shukur Burhonov


Eng sevimli aktrisasi – Lutfixonim Sarimsoqova


Eng sevimli sport turi – boks


Eng sevimli maskani – Toshkent (shu savolga javob o'rnida “Toshkanim onam” qo'shig'idan xirgoyi qilib berdi).


Xobbisi – sukunatni tinglash...


(Suhbatdoshimning fikricha, sukunat ham so'zlaydi, faqat uni eshita bilish kerak... Qoyil lekin!)



Farrux Karimovich, suhbatga tayyorlanish jarayonida “Yalla” ansambli, xususan, siz yaratgan qo'shiqlarni yana bir sidra tinglab chiqdim va maza qildim. Bolaligim, yoshligim yodimga tushdi.


Siz, mana, salkam qutlug' sakson yoshni qarshilayapsiz. Umrning shu pallasida kimlar va nimalar sizga olislarda qolgan beg'ubor davrlarni yodga soladi?


– Eh, qay birini aytay. Bilasizmi, yosh o'tgani sayin odam bolasi qaytadan bolaga aylanib qolarkan – hissiyotlari noziklashib, ta'sirchanligi ortarkan. Bolalikni eslatadigan xotiralar esa qadrdon mahallada, har bir iforda jonlanadi.


Bolaligimizda har shanba va yakshanba kunlari teatrga borardik. Bu oilaviy an'ana edi. Teatrdagi sahna va uning ortidagi ijodiy muhitni, ulug' insonlarni ko'p kuzatganman. Lutfixonim Sarimsoqova, Halima Nosirova kabi buyuk san'atkorlar mehr bilan erkalashardi...


Teatrga borsam, to'y yoki tadbirlarda yoshlikda ko'cha changitib ulg'aygan qadrdonlarimni ko'rsam, o'z-o'zidan bolalik bilan bog'liq shirin xotiralar yodga tushadi. Eski shahardagi hovlimizni, bog'imizni, oilaviy yig'inlarimizni, jigarlarimni ko'p va xo'p qo'msayman. O'sha yig'inlarga Botir akamning kelinoyim va o'g'illari bilan mehmon bo'lib kelishlarini sog'inaman. U davralarning gashti, fayzi boshqacha edi. Shunaqangi ajoyib damlar ediki, haligacha entikib eslayman.


“Yalla”ga kelsak, u men uchun haroratli xotiralar silsilasining davomidir. Yoshligim “Yalla” bilan o'tdi, bugunim ham shu guruh bilan kechyapti.


Farrux aka, siz “Yalla” guruhi bilan butun bir maktab va davrni yaratdingiz. Bugun ortga qaraganda, o'sha yillar siz uchun nimani anglatadi?


– “Yalla” men uchun guruh emas, orzularim ijobati, umrim bahori, yoshligim nafasi, xalqimning muhabbati. Biz “Yalla”ni tashkil qilganimizda, hech kim tarix yaratamiz deb o'ylamagan. Har bir kontsert, har bir safar men uchun imtihon bo'lardi: “Yurtimning go'zalligi, xalqimning buyukligini munosib ifodalay olayapmanmi?” degan doimiy savolimga ich-ichimdan javob izlardim. Biz hamisha o'z ijodimiz bilan xalqning yuragidan joy olishga va qo'shiqlarimiz orqali O'zbekistonni, uning ovozini dunyoga yetkazishga harakat qilardik. O'sha tuyg'ular bugun ham yuragimni to'lqinlantirib turadi.


– “Yalla”ning mashhurligi sovet davrida ham, mustaqillikdan keyin ham so'nmadi. Sizningcha, bu barqarorlikning siri nimada?


– Albatta, hamjihatlik va ijodiy hamkorlikda. Biz hech qachon shunchaki mashhur bo'lishni maqsad qilmaganmiz. Shunchaki yurakdan kuylaganmiz, xolos. Qo'shiqlarimiz esa xalqimiz ruhiyatidan tug'ilgan.


Botir akam san'atni milliy madaniyatning elchisi sifatida ko'rardi. Men ham faoliyatimni shu ruhda davom ettirishga harakat qildim.


Akangiz Botir Zokirov 1970 yillarda Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzaev, Uchqun Nazarov kabi ijodkorlar bilan gap-gashtak yegan ekan. Ularning suhbatiga ko'p guvoh bo'lgan chiqarsiz...


– Ha, hammasi yodimda. Eslasam, entikaman. Ular sigareta hidiga to'yingan xonada turli mavzularda bir-birining suhbatiga to'ymasdan gurunglashardi. O'sha davralar men uchun hayotimning eng bebaho sahifalaridan biri. Men o'zbekning ikki buyuk farzandi – Botir Zokirov bilan Abdulla Oripovning bahs-munozaralari, suhbatlariga guvoh bo'lgan baxtli insonman.


Ular o'zbek xalqining tarixi, adabiyoti, san'ati haqida soatlab gurunglashar va bu shunchaki oddiy suhbat emas edi. Ba'zan bahs shunday tus olardiki, men o'zimni go'yo vijdon majlisida o'tirgandek his qilardim. Ularning har bir so'zi va mulohazasida yurtga mehr-muhabbat, millat taqdiri uchun qayg'urish va shu bilan birga, go'zallikka maftunlik bor edi.


Adashmasam, 1985 yil edi, Moskvadagi mehmonxonada Botir akam bilan Abdulla aka jadidlar haqida rosa gurung qilishdi. U paytlar bu mavzuda gaplashishga hamma ham botinolmasdi.


Eh, o'sha suhbatlar yozib qo'yilgandami, millat uchun bebaho xazina bo'lardi.


Yuriy Gagarindan “Eng sevimli qo'shiqchingiz kim?” deb so'rashganda, Botir Zokirov, deb javob bergan ekan. Qaerdadir o'qigandim, ko'p qirrali ijodkor (yozuvchi, stsenarist, kinoaktyor, kinorejissyor) vasiliy Shukshin bir kuni Yuriy Gagaringa “Yura, eng yaxshi ko'rgan qo'shiqching Botir Zokirovmi? Axir Rossiyada ham qo'shiqchilar ko'p-ku...” deb so'raydi. Gagarin bu savolga qisqa va lo'nda javob beradi: “Mendan so'rashdi, men esa bor gapni aytdim”. Shunda Shukshin “Hazillashdim, sen haqsan...” deydi.


Menimcha, Shukshin bu gapi bilan o'ziga o'xshagan yana bir ko'p qirrali ijodkor (qo'shiqchi, bastakor, rassom, yozuvchi, kinoaktyor...) Botir Zokirovga ich-ichidan tan berib, unga o'z hurmat va ehtiromini bildirgan. Shunday emasmi?


– Siz aytgan bu voqeani eshitganman va u haqda ko'p o'ylaganman ham. Botir akam shunday san'atkor ediki, uning qo'shiqlari chegara bilmasdi. Uning ovozida umuminsoniy bir dard, muhabbat va shodlik mavjlanib turardi. Shu bois Gagarin kabi butun olamga mashhur shaxslarning akamga mehr qo'yishi tabiiy edi.


Shukshinning “Sen haqsan” deyishida ham katta ma'no bor. Bu faqat tan olish emas, ijodkorning ijodkorni taniy olishi, ya'ni uning yuragidagi nurni ko'ra olishdir. Shukshin ham, Botir akam ham xalqning og'rig'ini, dardini yurakdan his qilishgan.


Esimda, Gagarin vafot etganida, Botir akam ko'zi yoshlanib, “U faqat kosmosga chiqmagandi, u odamlarning qalbini ham kengaytirgandi”, degan edi. Shukshin hayotdan ko'z yumganda ham rosa kuyingandi.


Akangizdan nimalarni o'rgangansiz?


– Botir akam men uchun faqat aka emas, ustoz, yo'limni yorituvchi nur edi. U menga kuyni emas, so'zni his qilishni o'rgatgan. “Qo'shiq faqat ovoz va musiqadan iborat emas, uning yuragi she'r”, derdi. Haligacha har bir asarni yaratayotganda, uning o'gitlarini eslab yondashaman


She'riyatga bo'lgan hurmat ham akamdan o'tgan eng katta meros. U kishi: “Qo'shiqda so'zning mag'zi chiqmasa, u shunchaki tovush bo'ladi, xolos”, derdi.


Akam she'rni kuyga solmasdi, suhbat qilardi. Men ham shu yo'lni tutdim...


– “Yalla” guruhi a'zolari qaerda bo'lmasin, hamisha sahnaga o'zbekona, milliy liboslarda chiqqan. Betakror sahna liboslari tarixi haqida ham so'zlab bersangiz.


– Bir kuni Botir akam «Nega Kamoliddin Behzod chizgan rasmlarni sahnaga olib chiqish mumkin emas?» deb qoldilar. U kishi Behzod miniatyuralaridagi kiyimlarga biroz zamonaviy sayqal berib chizib bergandi. Ularning bu g'oyasidan hamkasblarimiz, libos rassomlari hayratlangandi.


Shu-shu, katta-katta kontsertlarda, xorij sahnalarida sharqona, milliy liboslar egnimizdan tushmay kelyapti va bundan g'ururlanamiz. Shunki liboslar faqat matodan iborat emas, uning qatlarida yurt ramzi, madaniyatimiz va millat tarixidan so'zlovchi inja sirlar aks etgan.


San'atda milliylik va zamonaviylikni qanday uyg'unlashtirish kerak, deb o'ylaysiz?


– Ildizi milliy bo'lmagan san'at uzoqqa bormaydi. Buni hayotning o'zi ko'p bor isbotlagan. Agar san'atkor o'z zamini, o'z tuprog'ini his etmasa, uning ijodi go'yo suvsiz daraxtdek qurib qoladi. Milliylikdan qalb rohatlanadi. Lekin faqat o'tmishga yopishib olish ham xato.


Men uchun zamonaviylik shakl, milliylik esa, ruhdir. Ular bir-birini to'ldiradi. Har ikkalasini uyg'unlashtira olgan ijodkor esa, haqiqiy san'atkordir.



Siz uchun “muvaffaqiyat” so'zi nimani anglatadi?


Mening nazarimda, bu xalqing muhabbatini qozonish demak. Sahnaga chiqqaningda tomoshabinlarningmehrli nigohi va olqishidan yuraging toshsa – shu muvaffaqiyat. Olqish olish esa, oson emas...


Hayot faqat yorug'likdan iborat emas, og'ir kunlar ham bo'ladi. Ularni qanday yenggansiz?


Ha, hayot sinovlardan iborat. 1976 yilning kuzida... Navfal akamning vafoti oilamiz ko'ksidagi beg'ubor kulgini, shirin qahqahani o'g'irladi. O'sha damgacha ayriliq azobini, o'lim musibatini bilmas edim...


Hech kim farzand dog'ini ko'rmasin ekan. Otam 35 yoshida olamdan o'tgan akamdan so'ng ko'p yashamadi. Mazasi qochgan otamni kasalxonaga olib bordik. Shifokorlar “obshirniy infarkt...” deyishdi. Men “obshirniy nima degani?” deb, yonimdagi Turob To'laga yuzlandim. U: “Farrux, yuragi tilka-pora degan gapni eshitganmisan, shu...” deya uh tortib qo'ygandi...


Hayotimda yo'qotishlar ko'p bo'ldi. O'tganlarning hammasini Alloh rahmatiga olgan bo'lsin.


Og'ir damlarda men musiqa eshitaman, sukunatga suyanaman...


Agar vaqt mashinasi bo'lsa, qaysi davrga qaytgan bo'lardingiz?


Albatta, bolalikka!


– Siz uchun sahna nima?


U muqaddas joy! Afsuski, san'atni va sahnani qadrlamaydiganlar ham ko'payib ketyapti. Men sahnaga jinsi shim, krossovka kiyib chiqadiganlarni tushunmayman. Yarim yalang'och chiqadiganlarni esa, hazm qilolmayman. Ba'zan sahnadagi yengillik, beandishalik, “zamonaviylik” niqobi ostidagi ma'naviy bo'shliqni ko'rib, yuragim og'riydi. Mayli, meni zamondan ortda qolgan deyishsin, lekin fikrim shu!


Hozirgi zamonda san'at ko'proq shou-biznesga aylanib borayotgandek...


Aslida shou yomon narsa emas. Lekin u maqsad emas, vosita bo'lishi kerak. Agar sahnada ko'zbo'yamachilik qilinsa, u haqiqiy san'at emas. San'at insonni o'ylantirishi, his qildirishi lozim. Qo'shiq quloqqa emas, qalbga singishi kerak.


Bugun san'at olamida nimalar yo'qotilayapti?


Samimiyat va So'z! Hozir ko'pchilik imij yaratish bilan ovora. Lekin xalqimiz haqiqiy so'zni farqlay oladi.


Ijoddagi eng katta qiyinchilik nimada?


O'zingni takrorlamaslik. Ya'ni har bir yangi qo'shiq har jihatdan yangi bo'lishi kerak.


“Yalla” shunchaki bir guruh emas, balki madaniy diplomatiyaning ham ramzi bo'lgan. Shunday emasmi?


Ha, biz “O'zbekiston”, “o'zbek” degan nomni qo'shiqlarimiz bilan dunyoga tanitishga harakat qildik. Parij, Tokio, Moskva, Berlin... Hamma joyda yurtimiz va xalqimiz nomidan kuylaganmiz, kuylaymiz ham.


Qo'shiq uchun nima birlamchi – she'rmi, kuymi yoki ovoz?


Albatta, uchalasi ham juda muhim. Qachonki, shu uchta unsur uyg'un bo'lsagina, haqiqiy qo'shiq yaratiladi.


– Sizningcha, san'atkorning yuragi nimadan ko'proq eziladi?


Soxtalik va yolg'ondan. Yolg'on so'z, soxta munosabat, yolg'on muhabbat... Bularning bari yurakni ezadi. San'atda eng og'riqli narsa – o'zlikni unutish.


Farrux aka, sovet zamonida ham, undan keyingi davrlarda ham badiiy ijod, musiqa va umuman, madaniyat va san'atning deyarli barcha turlarida siyosatga "dastyorlik" asosiy printsipga aylangan edi. Ammo ijodingizni kuzatgan odam siz tortgan "xolst"da bu rangni deyarli sezmaydi... Aksincha, siyosat, davriy va mavsumiy mavzulardan ko'ra, vatan, ona yurt tabiati, xalqimizning tarixi hamda madaniyatini ifodalovchi qo'shiqlar yaratishga ko'proq e'tibor bergandaysiz. Masalan, Toshkent, Samarqand, Andijon, Uchquduq, Shahrisabz kabi shaharlarga bag'ishlangan qo'shiqlaringiz butun mamlakatni qamrab olgan va hozirgi til bilan aytganda, xit bo'lgandi. “Boychechagim boylandi...” bilan millatning bir necha avlodi ulg'aydi.


Ayting-chi, bularning bari avvaldan rejalashtirilgan ijodiy loyihamidi yoki tabiiy jarayon?



Yo'q, hech qanaqa loyiha qilinmagan, hammasi tabiiy kechgan. Har bir qo'shiqning o'z tarixi bor. Masalan, “Uchquduq” bir soatda yaratilib, keyin kechki dasturda ijro etilgan. Biz bu shaharda ko'p kontsert berganmiz. Bir safar borganimizda, shoir Yuriy Entin “Yigitlar, Uchquduqqa atab she'r yozdim, shuni qo'shiq qilmaymizmi?” dedi. She'rni o'qidik, hammaga yoqdi. Lekin yigitlar Toshkentga borgach, qo'shiqni studiyada yaratish kerakligini aytishdi. Hamma tushlikka ketdi, men esa shoir bilan qoldim va uning ko'ngli uchun gitarada kuy chalib, qo'shiqni xirgoyi qildim. Yigitlar qaytgach, shoirning iltimosi bilan ularga ham ijro etib berdim. Yuriy Entin “Hech narsani o'zgartirmasdan shu qo'shiqni kechki dasturda aytsalaringiz, yaxshi bo'lardi”, dedi. Bu fikrga Botir akam ham qo'shildi. Xullas, kechki dasturda qo'shiq muxlislarga taqdim etildi. Odatda kontsertdan so'ng ayollar va qizlar dastxat olish yoki suratga tushish uchun kutib turishardi. Bu safar esa, faqat erkaklar kelib, yangi qo'shiq bilan tabriklab, qo'limizni siqib ketishgandi...


“Shahrisabz”ning ham tarixi qiziq. Shaharning o'sha vaqtdagi amaldorlaridan biri, ajoyib adib Yevgeniy Berezikov qo'limga she'r tutqazib, kulimsiragancha, “Hamma yoqda “Uchquduq” yangrayapti, iltimos, bizning shahar ham qolib ketmasin” degandi. U kishining Shahrisabzga munosabati, mehri tufayli ham bu iltimosni rad etib bo'lmasdi. Xullas, yurt haqidagi qo'shiqlar yurtni sevgan insonlar bilan hamkorlikda yaratilgan.



vaqti kelib, “Yalla” ansamblining 100 yillik yubileyi nishonlansa, siz uni qanday tasavvur qilasiz?


Ilohim, hammamizni o'sha kunlarga yetkazsin. Tishlarim to'kilib, munkayib qolsam-da, hech bo'lmasa, likopcha bilan “Toshkanim onam”ni aytardim. Avvalo, tadbirning betakror o'tishini istardim. Keyin yana bir gap: bir kuni kechki payt uyga qaytayotsam, mahalladagi bolalarning “Yalla, yalla, yaponskaya kalla...” deb xirgoyi qilishayotganini eshitib qoldim. Avvaliga jahlim chiqdi, so'ng yonlariga borib, qo'shiqni nega buzib aytishayotgani sababini so'radim. Ular bu qo'shiqning so'zi va ohangidan foydalanib, o'zlaricha bolalarbop yangi qo'shiq yaratishibdi. Kulib qo'ydim.


“Yalla”ning yubileyiga o'sha “yallachilar”ni ham taklif etardim.



– Bugun sun'iy intellekt yordamida kuy-qo'shiq ham yaratilyapti. Siz bunga qanday qaraysiz?


– Sun'iy intellekt ko'p sohalar uchun foydali bo'lishi mumkin. Lekin hech qachon insonga o'xshab kuy-qo'shiq yaratolmaydi. Shunki u holat, kayfiyat, tuyg'u va ruhiyatni odamchalik his qilolmaydi.



– Adashmasam, haligacha otangiz Karim Zokirov repertuaridan bironta qo'shiqni ijro etmagansiz? Sabab...


To'g'risi, jur'at qilolmayman. Navoiy bobomiz aytganlaridek, “Oson emas bu maydon ichra turmoq, Nizomiy panjasig'a panja urmoq”.



Mashhurlik sizga nima berdi va nimalardan chekladi?


– Avvalo, xalqimning mehrini, ishonchini berdi. Qolaversa, dunyo kezdim, dunyoni tanidim. Sheklovlarga kelsak, el qatori emin-erkin yurolmayman, ya'ni “ramka”dan chiqolmayman.



Sahnadagi Farrux Zokirov bilan shaxsiy hayotdagi Farrux Zokirov orasida qanday farq bor?


– Sahnaga san'atkor bo'lib chiqaman, hayotda esa, hamma qatori oddiy odamman.


Deylik, yoshlik paytingizdagi o'zingiz bilan uchrashsangiz, unga qanday maslahat bergan bo'lardingiz?


– Kimligingni, kimning farzandi, kimning ukasi ekaningni unutma, derdim.


– Tasavvur qiling, agar cholg'u asboblari insonning xarakteri, dunyoqarashi, ruhiyatini ifodalaydigan bo'lsa, siz qaysi cholg'u asbobini tanlagan bo'lardingiz?


– Tanbur va satoni.


Sizningcha, san'at nima va bugun u qay darajada?


– San'at – millatning yuragi. U har qanday holatda, ya'ni qayg'uli damlarda ham, quvonchli kunlarda ham urib turadi. Shu yurakni asrab-avaylash esa, e'tibor va mehrga bog'liq, albatta.


Uzoq yillardan beri ijod qilib kelyapman, turli davrlarni, turli rahbarlarni ko'rdim. Ammo bugungi kundagidek davlat darajasida san'at va ijodkorga bo'lgan samimiy munosabat hamda mehrni kuzatmagandim. Ilgari milliy madaniyat faqat sahnalarda yashagan bo'lsa, bugun u davlat siyosatining ma'naviy markaziga aylandi.


Davlatimiz rahbarining madaniyat va san'at ahli bilan uchrashuvlari, ularning fikr-mulohazalarini tinglashi, muammolariga bevosita yechim izlashi, hamma-hammasi yuksak e'tibor namunasi, albatta.


Menimcha, sohaga ajratilayotgan moddiy yordamlardan ko'ra, unga qaratilgan ma'naviy e'tiborning qadri baland. Shunki bu mehr, bu ishonch pul bilan o'lchanmaydi.


San'atkor uchun mehnati qadrlansa, ijodi qalblarga yetib borsa – shu katta baxt. Buni so'nggi yillarda har bir ijodkor yurakdan his etmoqda. Shunki Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning e'tibori va g'amxo'rligi tufayli bugun o'zbek san'ati o'zgacha shakl va ifor bilan gullamoqda. Bu gul – mehrdan suv ichyapti, ildizi e'tibordan baquvvatlashyapti, novdasi esa ishonchdan ko'karib ko'tarilmoqda.


Milliy madaniyat ravnaqi uchun amalga oshirilayotgan islohotlar o'z miqyosi va mazmuni bilan butun jamiyatda yangi ruh, yangi nafas uyg'otdi. Bu o'zgarishlar markazida bir haqiqat bor – san'at xalqni birlashtiradi, millatni yuksaltiradi!


Farrux Karimovich, qimmatli vaqtingizni ayamaganingiz va mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!.. Ha, aytgancha, siz uchun vaqt nima?


– vaqt shunday narsaki, uning daqiqalardagi qadrini bemorlar, soniyalardagi ahamiyatini sportchilar juda yaxshi bilishadi. Afsuski, ko'pchiligimiz telefon va gadjetlarga yopishib, vaqtni “o'ldiryapmiz”. Ancha bo'ldi, kundalik hayotimizda qumsoatlarni ishlatmay qo'ydik...


– Farrux aka, yana bir bor samimiy suhbat uchun rahmat! Hamisha xuddi hozirgidek – non va suvdek aziz bo'ling!


Suhbatdosh:


Alijon ABDURAHMONOv



Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat