“Sehrli chapaqay": orzular sari kurashgan futbolchi hayoti
Yuksak marralarni zabt etgan har bir inson ortida mashaqqat, sabr va tinimsiz mehnat mujassam. Ayniqsa, bugungi yoshlar turli sohalarda, xususan sport maydonlarida o‘z isteʼdodi va matonatini namoyon etib, katta yutuqlarga erishmoqda. Ularning hayot yo‘li, g‘alabaga eltgan qatʼiyati yosh avlod uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Ana shunday ruhiy kuch va motivatsiyani targ‘ib etuvchi “Sehrli chapaqay” badiiy filmining yopiq premerasi Renessans kino uyida bo‘lib o‘tdi. Kino nomi o‘zbek futboli afsonalaridan biri — chap oyog‘idagi mohir zarbalari bilan muxlislar qalbidan joy olgan Mirjalol Qosimov kabi futbolchilar sharafiga ramziy maʼnoda tanlangan.
Mazkur kartina sport, oila va jamiyat qadriyatlarini o‘zida uyg‘unlashtirgan taʼsirchan asardir. Voqealar futbolchining murakkab va sinovlarga boy hayoti asosida qurilgan bo‘lib, qahramonning sportdagi qiyinchiliklari, mag‘lubiyatlar qarshisidagi ruhiy kurashi, umidsizlikni engib, yana oyoqqa turishi chuqur dramatik talqinda aks ettiriladi. Asar davomida insonning orzu sari qatʼiyat bilan intilishi, iroda va ishonchi eng katta kuch ekani yorqin ifodalanadi.
— Kartina yoshlarning o‘z maqsadi sari dadil qadam tashlashiga ruhiy turtki bera oladi. Chunki film qahramoni timsolida har bir yosh o‘zini, o‘z orzulari va kurashlarini ko‘rishi mumkin, — deydi rejissyor Habibulloh Haydar.
“Sehrli chapaqay” oddiy sport filmi emas. U insoniylik, halollik, adolat va matonat haqida hikoya qiluvchi hayotiy asardir. U tomoshabinni nafaqat futbol olamiga olib kiradi, balki inson qalbidagi kechinmalar, oilaviy mehr va jamiyat oldidagi masʼuliyat haqida ham mushohada yuritishga undaydi.
Diyora Ravshanova
Ishonch.uz



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0