Eski mashina evaziga COBALT olish osonlashadimi? Yangi tartib taklif qilindi
Hukumat muhokamalarga sabab bo‘lgan tashabbusni qayta ko‘rib chiqdi. Endi 30 yildan oshgan avtomobillar uchun har yili ekologik kompensatsiya to‘lash talabi joriy etilmaydi. Shu bilan birga, eski avtomobillarni ixtiyoriy topshirish orqali yangi mashina xaridi uchun vaucher olish tizimi ishlab chiqilmoqda. Bu yangilik, ayniqsa, mamlakatda eng ommabop modellardan biri sanalgan COBALT xaridorlari uchun ham ahamiyatli bo‘lishi mumkin.
Chiqindilarni boshqarish va siklli iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi avtomobillarni utilizatsiya qilish tizimi bo‘yicha ishlab chiqilgan qonun loyihasi qayta ko‘rib chiqilayotganini maʼlum qildi.
Dastlabki loyihada ishlab chiqarilganiga 30 yil va undan ortiq vaqt bo‘lgan avtomobillar egalari har yili ekologik kompensatsiya to‘lashi belgilangan edi. Mazkur taklif jamoatchilik va mutaxassislar tomonidan keng muhokama qilinib, turli eʼtirozlarga sabab bo‘ldi.
Natijada ushbu norma qonun loyihasidan butunlay chiqarib tashlandi.
Endi asosiy eʼtibor eski avtomobillarni majburiy emas, balki iqtisodiy rag‘bat orqali yangilashga qaratilmoqda.
Taklif qilinayotgan tartibga ko‘ra, fuqarolar eski avtomobillarini maxsus qabul qilish korxonalariga topshirishi mumkin. Avtomobil bozor qiymati asosida baholanadi va egasiga shu qiymatda pul yoki maxsus vaucher taqdim etiladi.
Bu vaucherdan rasmiy dilerlar orqali yangi avtomobil, jumladan, COBALT sotib olishda boshlang‘ich to‘lov sifatida foydalanish imkoniyati yaratilishi rejalashtirilgan. Qolgan mablag‘ni esa 2 yildan 7 yilgacha bo‘lgan muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lash mexanizmi ishlab chiqilmoqda.
Agar fuqaro vaucherdan foydalanishni istamasa, uning qiymatini bir oy ichida naqd pul shaklida olishi mumkin bo‘ladi.
Ayni paytda agentlik qonun loyihasi hali yakuniy qabul qilinmaganini, taklif va mulohazalar asosida yanada takomillashtirilishini maʼlum qildi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0