Soliq oliy maktabi faoliyat boshlaydi
Prezidentning “Soliq sohasida malakali kadrlar tayyorlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, mamlakatda soliq sohasi uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlashning yangi mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.
Maʼlum qilinishicha, Prezidentning 2026 yil 19 maydagi farmoni asosida Soliq qo‘mitasi huzurida Soliq oliy maktabi tashkil etilgan. Uning tarkibida Malaka oshirish va kompetentsiyalarni rivojlantirish markazi hamda Soliqqa oid tadqiqotlar markazi faoliyat yuritadi.
Qarorga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab Oliy maktabning bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga qabul yo‘lga qo‘yiladi. Taʼlim muddati kamida uch yilni tashkil etadi. Shuningdek, 2027/2028 o‘quv yilidan magistratura va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim bosqichlari ham joriy etiladi.
Yangi taʼlim muassasasida soliqlar va soliqqa tortish, raqamli soliq maʼmurchiligi, soliq huquqi, moliyaviy nazorat kabi yo‘nalishlarda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanadi.
Oliy maktabni tamomlagan bitiruvchilar davlat namunasidagi diplom bilan bir qatorda soliq maslahatchisi va auditorlik faoliyati uchun zarur bo‘lgan malaka sertifikatlarini olishga tayyorgarlikdan o‘tganini tasdiqlovchi hujjatga ham ega bo‘ladi.
Shuningdek, buxgalteriya hisobi va audit sohasida xalqaro eʼtirof etilgan ACCA, DipIFR, CAP/CIPA, CIA va ACA sertifikatlarini qo‘lga kiritgan talabalarning mazkur sertifikatlarni olish bilan bog‘liq o‘qish xarajatlari Soliq oliy maktabi tomonidan qoplab beriladi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0