Sport vazirligi: Olimpiadada kuchli o'nlikka kirish bosh maqsadimiz
Milliy matbuot markazida O'zbekiston Respublikasi Sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qo'mitasi tomonidan O'zbekiston delegatsiyasining Parij-2024 Olimpiya o'yinlaridagi ishtirokiga bag'ishlangan matbuot anjumani o'tkazildi.
– Mamlakatimiz olimpiada o'yinlarida MDH, Markaziy Osiyo, turkiy va musulmon davlatlari orasida eng yaxshi natijani qayd etdi. Bu tarixiy natija davlatimiz mustaqilligining 33 yilligi arafasida qo'lga kiritilganligi bayramga munosib tuhfa bo'ldi, – deydi O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov. – Matonatli dzyudochi qizimiz Diyora Keldiyorova, taekvondo bo'yicha birinchi kumush medal sohibasi Svetlana Osipova Olimpiya harakati solnomasida taekvondo bo'yicha eng yosh toifada ikki karra Olimpiya chempioni Ulug'bek Rashitov, o'zbek sportini dunyoga tanitgan bokschilarimiz Bahodir Jalolov, Hasanboy Do'smatov, Asadxo'ja Mo'ydinxo'jaev, Lazizbek Mullajonov, Abdumalik Xalokov, mohir kurashchi Razambek Jamalov, og'ir atletikachi Akbar Jo'raev, erkin kurashchi G'ulomjon Abdullaev, tajribali dzyudochilarimiz Muzaffarbek To'raboev hamda Alisher Yusupovlar erishgan olamshumul natijalar bilan haqli ravishda faxrlanmoqda.
– Albatta, erishilgan tarixiy yutuqlar bilan cheklanib qolmasdan, bu boradagi natijalarni yanada yuqori darajalarga olib chiqish bo'yicha ishlar boshlab yuborildi. Kuni kecha davlatimiz rahbari sportchilar bilan o'tkazilgan uchrashuvda ta'kidlaganlaridek, Parijdagi natijalarimizni chuqur tahlil qilib, ulardan zarur xulosa va saboqlar chiqargan holda, 2028 yili Los-Anjelesda bo'ladigan navbatdagi yozgi Olimpiya o'yinlariga tayyorgarlikni hozirdan boshlashimiz kerak. Kelgusi Olimpiadada kuchli o'nlikka kirish bosh maqsadimiz bo'ladi, – deydi Sport vaziri o'rinbosari Shahrullo Mahmudov.
Istiqlol shodiyonalari arafasida respublikamizdagi 12 ta sport ob'ektlarida qurish, rekonstruktsiya qilish va mukammal ta'mirlash ishlari yakuniga yetkazilsa, yil yakuniga qadar yana 30 ta sport ob'ektlari foydalanishga topshiriladi.
– Mamlakatimizda Toshkent-2025 yoshlar Osiyo va Para Osiyo o'yinlariga ham qizg'in tayyorgarlik ko'rilmoqda. Buning uchun esa poytaxtimizdagi “Yangi O'zbekiston” bog'iga tutash hududda mintaqada o'xshashi bo'lmagan ulkan Olimpiya shaharchasi bunyod etilmoqda, – deydi O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi raisining birinchi o'rinbosari Ravshan Irmatov.
Eng muhimi, mamlakatimiz rahbari tomonidan barkamol avlodni tarbiyalash, sportni har tomonlama rivojlantirish masalasiga davlat siyosati darajasida muhim e'tibor qaratilayotganligi bugun barcha sohalar qatori sportchilarimiz erishayotgan tarixiy natijalar uchun ham muhim omil bo'lib xizmat qilmoqda.
Feruza RAHIMOVA,
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0