Srechko Katanets xotirjam, Eldor Shomurodov esa mas'uliyatni chuqur his qilmoqda
Futbol bo'yicha O'zbekiston - KXDR uchrashuvidan oldin o'tkazilgan matbuot anjumanida terma jamoamiz ustozi Srechko Katanets hamda hujumchi Eldor Shomurodov qatnashdi.
— Terma jamoada hozircha barchasi yaxshi, futbolchilar sog'lom. O'yinchilarimiz ertangi bahsga yuz foiz tayyor. Futbolchilar e'tiborini bir joyga jamlashgan va bu meni xursand qilmoqda. —dedi Katanets.— KXDR va bizning o'rtamizda farq shundaki, bu terma jamoa o'yinoldi yig'in tashkil eta oldi va o'rtoqlik o'yinlarini o'tkazdi.
Biz uch yildan beri birgamiz. O'yinchilar dushanba kuni terma jamoa bilan shug'ullanishni boshladi. Ikkita mashg'ulot o'tkazdik, bugun rasmiy mashg'ulotda ishtirok etamiz va ertaga o'yin, lekin futbolchilar nima qilishni juda yaxshi bilishadi. Shuningdek, juda ko'p xohish ham yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Bu shunchaki ortiqcha bosim xolos. Motivatsiyaning ko'payib ketishi yoki umuman bo'lmasligi ham yomon. O'z ishimizni bajarishda davom etishimiz kerak, KXDR ham bekorga so'nggi bosqichga qadar yetib kelmagan.
Raqibni tahlil qilish oson vazifa emas ekan. Sababi, ular juda ko'p rotatsiyaga qo'l urishadi. Masalan, Yaponiyaga qarshi uchrashuvda boshqa tarkib, Suriyaga qarshi esa boshqa tarkib maydonga tushirilgan, aniqrog'i to'rtta o'zgarish bo'lgan. O'yinchilar murabbiy nima istayotganini juda yaxshi bilar va uning ko'rsatmalarini yaxshi bajarar ekan. Himoyada yuqori intizom bor. Raqibimiz qarshi hujumlarga tayangan holda o'yin olib boradi. Biz kuchliroq jamoamiz va o'z uyimizda o'ynamoqdamiz. Ertaga albatta g'alaba qozonishni maqsad qilganmiz.
Savol Eldor Shomurodovga:
- Bundan vval ikki marotaba Jahon chempionati saralashida ishtirok etgansiz. Siz uchun avvalgi saralashlardan bu safargisi nimasi bilan farq qiladi?
- Avvalgi saralashlarda yosh futbolchi bo'lganman. Terma jamoada tajribali, yetakchi futbolchilar ko'p edi. Bu safargisi biroz boshqacharoq. Sababi bu safar terma jamoa sardoriman va o'sha tajribali futbolchi menman. Endi ko'proq yuk mening yelkamga tushadi. Tajribali futbolchilardan o'rgangan narsalarimizni endi qo'llaymiz. Avvalgi Jahon chempionati saralashlarida nimadir yetishmagani sabab, mundialga chiqa olmaganmiz. Ayni damda, bir oila bo'lib vazifani bajarishimiz kerak. Esimni taniganimdan beri barcha hamyurtlarimizning orzusi - O'zbekistonning Jahon chempionatiga chiqishi. Bu barchamizning orzumiz va ushbu orzuni amalga oshirish uchun borimizni beramiz...
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0