Sultonali Rahmatov: “Farzandlarim uchun yetarlicha vaqt ajrata olmaganman”
Kuni kecha Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov matbuot anjumanida iste'dodli bastakor Sultonali Rahmatovning uysiz qolganligi muammosi ko'tarildi. Ozodbek Nazarbekov bastakorga davlat tomonidan 3 xonali uy berilishini, ayni paytda hujjatlashtirish ishlari ketayotganini ma'lum qildi.
Yodingizda bo'lsa, biroz avvalroq O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Sultonali Rahmatov “35 yildan beri xalqqa va davlatga musiqalarim xizmat qilib kelmoqda. Lekin davlat menga yordam bermadi”, deb fikr bildirgandi.
Boshidan moddiy qiyinchiliklar o'tganiga qaramay, 11 yillik tanaffusdan so'ng Sultonali Rahmatov ayni paytda Kasaba uyushmalari federatsiyasining qo'llab-quvvatlashi yordamida, yakkaxon kontsert dasturiga tayyorgarlik ko'rmoqda.
18-19-20-21 aprel kunlari Kasaba saroyida kompozitorning yakkaxon kontsert dasturi bo'lib o'tadi. Ayni paytda kontsertga tayyorgarlik jarayonlari bilan band bo'lgan bastakorni qisqa suhbatga chorladik va quyidagi iqtiboslarni tingladik:
• “Shou emas, akademiyaga yaqin bo'lgan kontsert tayyorlayapman. O'n yil ichida bastalagan va xalqqa namoyish qilinmagan eng sara asarlarim bo'ladi. Oson ishning ortidan ketmaganman, bolalikdan qiyin bo'lgan san'at turini tanlaganman.
• Ijodimning shaydolari ko'p, hatto xorijda ishlab yurgan vatandoshlarimiz ham qachon kontsert berasiz deb savol beradi. Xalqning ko'nglidan musiqalarim joy olmagan bo'lsa, meni sog'inisharmidi?”
• “Musiqasiz menga hayot yo'q. Musiqa eshitmagan kunim men nafas olmayotgan bo'laman. Umrimning oxirigacha shu san'at uchun o'zimni bag'ishlayman.”
• “Jami 7 nafar farzandim bor. Ikki nafarini asrab olganman. Bolalar menga mehribon, hammasi bilan munosabatim yaxshi. Faqat ularning yoshligida men yetarlicha otalik mehrini bera olmaganman. San'atga bo'lgan qiziqishi bor bolalarim ham bor, men bu sohadan ketishiga to'sqinlik qilganman. O'zim esa farzandlarimning yoshida meni san'atdan hech kim to'xtata olmagan. Yonib kirib kelganman”.
Feruza Rahimova, Quvonch To'raev
Maqolaga baho bering
5/51
0
0
0
0