Suriyadagi faqat ayollar yashaydigan qishloq
Jinvar – Suriya shimoli-sharqidagi kurdlar hududida joylashgan qishloq. Urush va uydagi zo'ravonlik tufayli ayollar bu yerga ko'chib kelgan.
Jinvar nomi kurd tilida "ayollar maydoni" degan ma'noni anglatadi. Qishloq 2018 yilda qurilgan bo'lib, 30 ta uydan iborat. Qishloqda 20 ta oila bor, lekin u yerda faqat ayollar va bolalar yashaydi. Jinvarda erkaklar yashashi mumkin emas, lekin ular ayol qarindoshlarini ziyorat qilishlari mumkin. O'g'il bolalar uylangunga qadar onalari bilan qolishlari mumkin. Qishloqda maktab, novvoyxona, kichik bozor va ekin dalalari bor.
Bu yerdagi ayollarning kunlik yumushlari non yopish, qo'y boqish, sabzavotlarni parvarish qilish va ovqat hozirlashdan iborat.
— Qishloq butunlay izolyatsiya qilingan, xavfsiz. Asosan eri urushda halok bo'lgan yoki boquvchini yo'qotganlar yashaydi. Bu yerda ayollar zulmdan uzoq, biroq hayot judayam zerikarli. Sababi qishloq bolalar va ayollarni jamiyatdan uzoqlashtiradi–deydi Hanna Alkalaf.
40 yoshli Hanna o'zining uch farzandi bilan shu qishloqda yashaydi. Suriya shimoli-sharqidagi Amuda shahridan kelib chiqqan Hannaning eri urushda halok bo'lgan. O'zi shundoq ham qiyinchilikda yashayotgan oila och qoladi. Qashshoqlik sabab shu qishloqqa kelib yashashga qaror qiladi.
Baxtli hayot, lekin...
Hanna bu qishloqda xotirjam hayot kechirmoqda, biroq shunga qaramay ota-onasi, qo'shnilari bilan yashagan davrlarini ko'p sog'inadi. Qishloq ayollarga tirikchilik qilish va bolalarini maktabda o'qitish imkoniyatini beradi. Biroq, bu ularning hayotidagi barcha muammolarga to'liq yechim emas. Ular izolyatsiyada yashashdan ko'ra, odatdagi turmush tarzini ko'proq qo'msaydi.
Sevinch RAVShANOVA tayyorladi.
O'zDJTU Xalqaro jurnalistika fakul'tetining
1-bosqich talabasi
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0